Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Rasululloh alayhissalom yashagan muborak uy

13.12.2017   5677   2 min.
Rasululloh alayhissalom yashagan muborak uy

Payg‘ambar alayhissalom Madinaga kelganlarida, ansoriylarning har biri u zotni mehmon qilish orzusida edi.  Hatto Rasululloh alayhissalomning tuyasi jiloviga osilib olib, u zotni uyiga taklif etishardi. Payg‘ambarimiz alayhissalom jilovni qo‘yib yuborishlarini o‘tinib so‘rar, tuya qayerga cho‘ksa, o‘sha uyga tushajaklarini aytardilar. Nihoyat tuyalari u zotning qarindoshlari Adiy ibn Najjor mahallasiga yetganida Abu Ayyub Xolid ibn Zayid Ansoriyning eshigi oldida to‘xtab cho‘kkaladi (Xolid Muoviya roziyallohu anhu xalifalik davrida Istambulni olish uchun bo‘lgan jang chog‘ida shahid bo‘lib, shahar tashqarisiga dafn etilgan).

Rasululloh alayhissalom tuyalaridan tushdilar va: "Inshoalloh turar joyimiz shu yer bo‘ladi. Ey Rabbim, meni muborak yerga tushirgin, sen hamisha qutlug‘ joyni ato etguvchisan", dedilar. Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning narsalarini ichkariga olib kirdi, As’ad ibn Zurora esa tuyaga yemish berish uchun uyiga olib ketdi. Bani Najjor mahallasining qizaloqlari Rasulullohni qo‘shiq aytib kutib olishdi. "Meni yaxshi ko‘rasizlarmi?" deb so‘radilar Sarvari olam. Qizlar "ha" deb javob qaytarishdi. "Xudo haqqi, men ham sizlarni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman", dedilar u zoti muborak.

Abu Ayyub roziyallohu anhuning uyi ikki qavat bo‘lib, Rasulullohga ikkinchi qavatni munosib ko‘rdi, biroq u kishi ziyoratchilar bilan ko‘rishib, suhbatlashishning qulayligi uchun pastda turishni ixtiyor etdilar. Mezbon kelim-ketim ko‘payib chang-to‘zon, dam-badam sepilgan suvlardan hovur ko‘tarilib Rasululloh ozor chekishlaridan tashvishlangan edi. Chindan ham kunlarning birida suv solingan xum sinib ketdi. Er-xotin Rasulullohning ustlaridan chakka o‘tmasin deb suvni ko‘rpaga shimdirib olishdi. Shundan keyin qo‘yarda-qo‘ymay Rasulullohni yuqorigi qavatga ko‘chirib chiqishdi. Birinchilardan bo‘lib, ansorlarning kattalaridan Said ibn Uboda, As’ad ibn Zurora, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumning onalari turli-tuman shirin ovqatlar pishirib kelishdi.

Abduvohid O‘ROZOV,

“Pul yemas ota” jome masjidi imom-noibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   4141   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.