Alloh taolo Islomni insoniyatni yaxshilikka boshlash, odam zotini eng go‘zal fazilatlar sohibi etib tarbiyalash maqsadida nozil qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida shunday marhamat qilganlar: “Men go‘zal xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborilganman”.
Demak, kishi Islom dini ta’limotlariga rioya qilib yashar ekan, unda eng go‘zal axloq va fazilatlar namoyon bo‘lib, o‘z-o‘zidan illatlar, yomon fe’l-atvorlar yo‘qolib boradi.
Dinimiz ta’limotida insonlar o‘rtasida ziddiyat va adovat urug‘ini sepishga sabab bo‘ladigan illatlar qoralanadi.
Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi: “Eslang, (ey Muhammad!) Biz farishtalarga: “Odamga sajda qilingiz!” deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, takabburlik qildi va kofirlardan bo‘ldi”.
Darhaqiqat, takabburlik kufr bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimning qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa jannatga kirmaydi”, deganlar.
Boshqa bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom as'hoblariga: “Sizga do‘zax ahli kimligining xabarini beraymi? deb so‘radilar. Sahobalar: “Ha”, deyishdi. U zot: “Qo‘pol, mutakabbir va o‘zini katta oluvchilar”, dedilar.
Agar banda mutakabbirlik qilib, Allohning oyatlarini mensimay tan olmasa, gunohga botadi. Gunoh esa uning dilini qoraytiradi, haqni tanishdan to‘sadi. Ko‘zini to‘g‘ri yo‘lni ko‘rmaydigan, qulog‘ini haqiqatni eshitmaydigan qilib qo‘yadi.
Kibrlanish Alloh taologa xos xislat bo‘lib, banda zinhor kibru havo qilishga munosib emas.
Alloh taolo: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Kibr shunchalik ulkan gunohki, biz mo‘min-musulmonlar kibrlanishga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligimiz, hamisha xokisoru kamtar bo‘lib, hayotimizni Allohga chin bandalik qilish bilan bezashimiz lozim.
Maqtanchoqlik va kibr – egizak tushunchalar hisoblanadi. Agar biror kishi maqtanchoq bo‘lsa, demak unda kibr bor, shuningdek, kibrli kimsa albatta maqtanchoq bo‘ladi.
Agar biz solih insonlar va ulardan keyin o‘tgan ulug‘ zotlar hayotiga nazar solsak, ko‘p ibrat olamiz. Ular – biz uchun yo‘lchi yulduzdirlar. Ulardan o‘rnak olib, yuksak odoblar ila ziynatlanamiz, chin inson bo‘lish baxtiga erishamiz.
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning yelkasida bir mesh suv ko‘tarib ketayotganini ko‘rdim va: “Ey mo‘minlar amiri, bu ish sizga to‘g‘ri kelmaydi”, dedim. U kishi bo‘lsa: “Mening oldimga turli odamlar itoat etgan holda ta’zim qilib kelishganida, o‘zimda manmanlik alomatini sezgandek bo‘ldim. Endi o‘shani sindirishni xoxlayman”, dedilar.
Kibr – ko‘pchilikning ichida qadr-qimmati balandligi va noyoblik hissi, bularning bari birovdan o‘zini ustun qo‘yishdan kelib chiqadi. O‘ta kuchayib ketgan takabburlik, birovdan nafratlanish, kimnidir kamsitmoqlikni tug‘diradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar, kishi suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladilar. Ularni har tomondan xorlik egallab oladi. Ular jahannamdagi "Bulis" deb nomlanadigan zindonga haydaladilar", deganlar.
Bandalardan ilmi tufayli takabburlik qiladigan va o‘zini boshqalardan afzal deb biladigan kimsa, eng yomon mutakabbir, uning ilmi ham befoydadir. Zero, kimki oxirat uchun ilm talab qilsa, ilmi uni bosiq, tavoze’li qilib qo‘yadi, qalbi xushuga to‘ladi va nafsi xotirjam bo‘ladi. Ilm uning nafsiga qo‘riqchi-posbon bo‘lib oladi va yalqovlik qilmasdan har vaqt uni nazorat qilib, hisob-kitob qilib turadi. Bordi-yu, g‘aflatda qolsa, nafs haq yo‘ldan bo‘yin tovlaydi va halok etadi.
Kimda-kim faxrlanish, boshliq bo‘lish, musulmonlarni ahmoq qilish, masxaralash va o‘zini ustun qo‘yish uchun ilm talab qilsa, yuqoridagi oyat va hadislarda aytilganidek jannatga kirmaydi.
Haddan tashqari kekkayish, mag‘rurlik yoki kibru havolanish odamlar va jamiyatdan ajrab qolishga sabab bo‘ladi.
Avjiga chiqqan kibrning ayrim alomatlari quyidagilardir:
doimo va har bir narsada “haq” bo‘lish;
doimo “g‘olib” bo‘lish;
barcha narsalar uning xohish istaklari bo‘yicha bo‘lishi;
birovlarning xatti-harakati va taqdiri uchun javobgarlikni bo‘yniga olishi;
maslahatga quloq solmaslik;
yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilsa, nazar-pisand qilmaslik;
hech kim so‘ramasa ham, maslahat berish;
aytgan gapi va fikrida qat’iy turib olish;
birovga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildirish.
Kibr tufayli atrofdagilarga bo‘lgan nafrat va odamlardan ko‘ngil sovib ketishi holatlari yuz beradi. Bunday odam boshqalar bilan munosabatda ichki ziddiyatlari tufayli ko‘proq nizo va janjallarga uchraydi.
Kibrni o‘ldirish yo‘llari:
O‘zining qadr-qimmatidan past hisoblangan ishlarni bajarish, kibrni yo‘qotish uchun muhim o‘rin tutadi.
Birortasi bilan uchrashganda unga xayolan ta’zim qiling. Ta’zim qilish azaldan birovni o‘zidan yuqori olish taomili hisoblangan.
Avval uni tushunishga harakat qilish va uni tushunish. Suhbatdoshni jimgina tinglab, darhol javob qaytarmay, har bir so‘zining ma’nosiga e’tibor qaratish.
Har kim ham siz aytgandek bo‘lavermaydi. Odamlarni qanday bo‘lsa shunday qabul qilish kerak, hattoki sizga yoqmasa ham.
Sizga qilingan har qanday yaxshiliklar uchun bildirilayotgan minnatdorchilik, chin ko‘ngildan bo‘lsin. Hattoki, arzimas bo‘lsa ham.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer qa’riga kirib ketaveradi", deb marhamat qilganlar.
Shoir aytganidek:
Faxrlanma shevang bilan,
Yo topgan pul-moling bilan,
Asli nasling qora tuproq,
Kekkaymagin kibring bilan.
Oydan go‘zal bo‘lsa-da vasling,
Kim bo‘lsa-da nasabing-nasling,
Tillo emas, tuproqdir asling,
Kimligingni bilmoq istasang.
Agar bo‘lsang, hammadan ham zo‘r,
Pashsha yasab, jon kirgizib ko‘r,
Fir’avinning tarixini so‘r,
Kimligingni bilmoq istasang.
Hoyu havas o‘tginchi mato,
Farishtaman, deb qilma xato.
Momo Havo va Odam Ato,
Kimligingni bilmoq istasang.
Bu dunyoni so‘raganlar kim,
Yer ostida yotibdilar jim.
Tafakkur qil, ko‘zlaringni yum,
Kimligingni bilmoq istasang.
Qur’onda ko‘r, qismatlar bayon,
Neki qilsang, Allohga ayon.
O‘yla, so‘nggi manziling qayon,
Kimligingni bilmoq istasang...
Olimjon KARIMOV,
Peshku tuman "Bobo-Arab" jome masjidi imom-xatibi
Bugun, 11 fevral kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahri «Said ibn Vaqqos» jome masjidida namunaviy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ullari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Mahallalarga chiqilib, muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Tumandagi masjidlarda peshin namozidan so‘ng namozxonlarga O‘MI raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov mav’izalar qilib berishdi.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga oid hisobotlari tinglanib, xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati