Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

15.12.2017 y. Islom jinoyatchilikni qoralaydi

12.12.2017   5866   14 min.
15.12.2017 y. Islom jinoyatchilikni qoralaydi

بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOM JINOYATCHILIKNI QORALAYDI

Muhtaram birodarlar! Alloh taolo insonni yer yuzini obod etish uchun yaratgan. Islom dini tinchlik dinidir. Uning ta’limotidagi asosiy da’vat insonlarni tinchlikka chaqirish, Yer yuzida osoyishta hayot o‘rnatish, kishilarni bir-biriga mehr-muruvvatli bo‘lishga, dini, millati, irqidan qat’iy nazar, o‘zaro izzat-hurmat ko‘rsatishga chorlashdir. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan: 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ

 (سورة البقرة/208)

“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz!...” (Baqara surasi, 208-oyat).

Ushbu oyati karima “koffatan” (ya’ni yoppasiga) kalimasi tafsir kitoblarida keltirishicha, mana shu birgina so‘z bir jihatdan barcha insonlar birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildirsa, boshqa jihatdan tinchlikni barqarorlashtirish uchun qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham hissa qo‘shish zarurligini bildiradi.

Afsuski, insoniyat o‘ziga yuklatilgan bunday sharafli mas’uliyatni unutishi oqibatida, insoniyat tarixida katta-yu kichik jinoyatlar, ko‘plab qon to‘kishlar sodir etilmoqda.

Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda ham odam o‘ldirish, o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirish, firibgarlik, zo‘ravonlik, o‘z joniga qasd qilish kabi jinoyatlar va loqaydlik kabi salbiy illatlar tez-tez sodir bo‘lib turmoqda. Ajdodlari dinu diyonat, axloqu odob, or-nomus, halolu poklikni o‘zining g‘ururi deb bilgan o‘zbek xalqining avlodlaridan mazkur jinoyatlarga qo‘l urayotganlarning uchrayotgani achinarli holdir.

Dinimizda insonning joniga, moliga, sha’niga nohaq tajovuz qilish og‘ir gunoh sanaladi. Bu haqda Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz s.a.v.ning ko‘plab hadislarida bayon etilgan. Quyida ana shulardan namunalar keltirib o‘tamiz.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا

 (سورة النساء/29)

ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat). Bu yerdagi “o‘zlaringizni o‘ldirmangiz!” jumlasi bir necha xil tafsir qilingan: “Bir-biringizni o‘ldirishingiz o‘zingizni o‘ldirganingiz bilan barobardir. Zero, hammangiz bir xil dinga mansub kishilarsiz”. “O‘z joningizga o‘zingiz qasd qilmangiz”. Ya’ni hayot qiyinchiliklariga bardosh bera olmay yoki biror narsaning alamiga chidayolmay o‘zini o‘zi o‘ldirish taqiqlanmoqda. “Mol-mulklaringizni o‘zaro nohaq yo‘llar bilan yeyishingiz o‘zingizni o‘zingiz qatl qilishingiz bilan barobardir”. “Havoyi nafsga berilmangiz. Zero, bu sizlarni halokatga olib keladi”. Alloh taolo Muhammad s.a.v. ummatiga yengillik baxsh etdi. Bani Isroil qavmiga esa, jinoyat qilganlarida kafforat sifatida o‘zlarini o‘zlari o‘ldirishga buyurgan edi (Tafsiri Madorik).

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

 (سورة البقرة/188)

ya’ni: Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz! (Baqara surasi, 188-oyat).

         Molni botil yo‘l bilan yeyish deganda shariatda harom qilingan barcha yo‘llar nazarda tutiladi. Masalan, o‘g‘rilik, talonchilik, firibgarlik, qimorbozlik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik shular jumlasidandir. Payg‘ambarimiz s.a.v.dan bu borada quyidagi hadislar vorid bo‘lgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "كُلُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ حَرَامٌ دَمُهُ وَمَالُهُ وَعِرْضُهُ"

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Musulmon kishiga har bir musulmon kishining qoni, moli va obro‘sini to‘kish haromdir” (Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda Ibn Abbos r.a. Hajjatul vado’ hadisini rivoyat qilib jumladan Payg‘ambarimiz s.a.v.ning quyidagi so‘zlarini keltiradi:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ خَطَبَ النَّاسَ فِي حَجَّةِ الْوَدَاعِ فَذَكَرَ الْحَدِيثَ وَفِيهِ: "لَا يَحِلُّ لِامْرِئٍ مِنْ مَالِ أَخِيهِ إلَّا مَا أَعْطَاهُ مِنْ طِيبِ نَفْسٍ"

(رَوَاهُ الإمام الْبَيْهَقِيُّ)

ya’ni: “Musulmon kishining moli o‘z birodariga faqat chin ko‘ngildan rozi bo‘lib bersagina halol bo‘ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Shuningdek, Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v. dedilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَنْ كَانَتْ لَهُ مَظْلَمَةٌ لِأَخِيهِ مِنْ عِرْضِهِ أَوْ شَيْءٍ فَلْيَتَحَلَّلْهُ مِنْهُ الْيَوْمَ قَبْلَ أَن لَا يَكُونَ دِينَارٌ وَلَا دِرْهَمٌ إِنْ كَانَ لَهُ عَمَلٌ صَالِحٌ أُخِذَ مِنْهُ بِقَدْرِ مَظْلَمَتِهِ وَإِنْ لَمْ تَكُنْ لَهُ حَسَنَاتٌ أُخِذَ مِنْ سَيِّئَاتِ صَاحِبِهِ فَحُمِلَ عَلَيْهِ"

(رواه الإمام البخارى)

ya’ni: “Kim birodarining obro‘siga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa dinor va dirham foyda bermaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin haqqini halollab olsin. U kunda agar yaxshi amali bo‘lsa yetkazgan zulmi miqdoricha savobi olinadi va agar savobi bo‘lmasa birodarining gunohidan olib uning bo‘yniga yuklanadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadisning ma’nosini Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadis yanada kengroq ochib beradi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهم عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَتَدْرُونَ مَنِ الْمُفْلِسُ" قَالُوا: "الْمُفْلِسُ فِينَا مَنْ لا دِرْهَمَ لَهُ وَلا مَتَاعَ" فَقَالَ: "إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصَلاةٍ وَصِيَامٍ وَزَكَاةٍ وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ هَذَا وَقَذَفَ هَذَا وَأَكَلَ مَالَ هَذَا وَسَفَكَ دَمَ هَذَا وَضَرَبَ هَذَا فَيُعْطَى هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يُقْضَى مَا عَلَيْهِ أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِ"

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: Ushbu hadis ham Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v.: “Muflis kim ekanligini bilasizmi?” – deb so‘radilar. Sahobalar: Muflis, deb biz bir dirhami ham, hech vaqosi ham yo‘q odamni tushunamiz, deyishdi. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Mening ummatim ichidagi muflis-faqir shuki, u qiyomat kunida namoz, ro‘za, zakot ibodatlari bilan birga, birovni so‘kkan, birovga tuhmat qilgan, birovning molini yegan, birovning qonini to‘kkan va yana birovni urgan holda keladi. Oqibatda, uning savobidan unga ham, bunga ham olib beriladi. Agar haqqini ado etishdan oldin savobi tugab qolsa, ularning gunohidan olib buning bo‘yniga tashlanadi, so‘ngra o‘zini ham do‘zaxga uloqtiriladi”, dedilar (Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda esa:

عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَ عَنْ جَسَدِهِ فِيمَا أَبْلاهُ وَ عَنْ عِلْمِهِ مَاذَا عَمِلَ فِيهِ وَ عَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: Ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz s.a.v. dedilar: “Qiyomat kuni banda to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: Umrini qanday o‘tkazgani, jasadini nimaga mubtalo qilgani, bilganiga qay darajada amal qilgani, molini qanday topgani va nimaga sarflagani haqida” (Imom Termiziy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Sodir etilayotgan har bir jinoyatning negizida omonatga xiyonat qilish yotibdi desak, xato bo‘lmaydi. Omonatning ma’nosi juda ham keng qamrovli bo‘lib, agar uni umumiylashtirib aytadigan bo‘lsak, omonat bu insonning zimmasidagi Alloh taoloning haqqi, atrofini o‘rab turgan borliq mavjudotning haqqi va o‘z nafsining haqqidir. Shunday ekan, o‘zgalarning moliga, joniga tajovuz qilish, moddiymi, ma’naviymi qaysi ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar biror insonga zarar yetkazish, uning tinchligi va omonligiga xavf solish o‘zgalarga nisbatan xiyonatdir. Qur’oni karimda shunday marahamat qilingan:

وَلَا تُجَادِلْ عَنِ الَّذِينَ يَخْتَانُونَ أَنْفُسَهُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ خَوَّانًا أَثِيمًا

   (سورة النساء/107)

ya’ni: “O‘zlariga xiyonat qiluvchilar haqida tortishib o‘tirmang. Albatta, Alloh xiyonatchi va jinoyatchi bo‘lgan kimsani sevmaydi” (Niso surasi, 107-oyat).

Payg‘ambarimiz s.a.v. o‘zlari (amin) omonatdor degan nomga sazovor bo‘lganlari holda biz ummatlarini ham omonatli bo‘lishga buyurganlar. Jumladan, bir hadisi sharifda aytadilar:

عَنْ سَمُرَةَ أَنَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَدِّ الأَمَانَةَ إِلَى مَنِ ائْتَمَنَكَ، وَ لا تَخُنْ مَنْ خَانَكَ"

(رواه الإمام أحمد)

ya’ni: Samur r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v.: “Senga omonat bergan odamning omonatini ado et, senga xiyonat qilgan kishiga sen xiyonat qilma” (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir hadisda shunday dedilar:

أَنَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لِكُلِّ غَادِرٍ لِوَاءٌ يُعْرَفُ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ"

(متفق عليه)

ya’ni: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkorning o‘zini tanitib turadigan alomati bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).

Omonatga xiyonat qilgan kishi bilsinki, u o‘ziga xiyonat qilibdi. Chunki, Alloh taolo uning zimmasiga omonat yukini yuklagan edi. U esa, ana shu yukni ko‘tarmay unga xiyonat qildi. Xiyonat esa, og‘ir gunoh, shunday ekan uning azobi ham qattiq bo‘ladi.

 Jinoyatning yana bir turi bu loqaydlikdir. Payg‘ambarimiz s.a.v. dedilar:

عَنْ أَبي سعيدٍ الخُدريِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قالَ: "سَمِعتُ رسولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يقولُ: "مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَ ذَلِكَ أَضْعَفُ الإِيمَانِ"

  (رواه الإمام مسلم)

ya’ni: Abu Sa’id r.a. aytadilar: Men Rasululloh s.a.v.ni shunday deganlarini eshitdim: “Qaysi biringiz munkar ishni ko‘rsa qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar qurbi yetmasa tili bilan, agar unga ham qodir bo‘lmasa qalbi bilan va u imonning eng zaifidir” (Imom Muslim rivoyati). Demak, sodir bo‘layotgan munkar ishlarga beparvo bo‘lish mo‘minga yot illatdir. Shunday ekan, jamiyatimizda uchrayotgan har qanday jinoyatchilikka qarshi katta-yu kichik birgalikda kurashmog‘imiz lozimdir.

ILOVA 

Muhtaram imom-domla! Quyidagi ilovani jamoatga o‘qib yetkazishingizni so‘raymiz.

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan 20 noyabr – 20 dekabr kunlari “Kuzgi-qishki mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish oyligi” e’lon qilinib, joylarda aholi orasida is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnash kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamda profilaktika va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Shunga qaramasdan keyingi kunlarda ana shunday noxush xolatlar oqibatida ko‘plab insonlar dunyodan bevaqt ko‘z yumib o‘tmoqda. Eng achinarlisi ularning orasida yosh bolalarni ham ko‘rishimiz mumkin.

Is gazidan zaharlanish holatlari isitish pechlarining mo‘rikonlari tekshirilmaganligi va tozalanmaganligi, yopiq joylarni isitish maqsadida ochiq olovdan foydalanilishi, gazdan chaqnash holatlari esa – gaz ballonlari va anjomlaridan foydalanish qoidalariga amal qilinmaganligi natijasida sodir bo‘lmoqda – deyiladi Favqulotda vaziyatlar vazirli ma’lumotnomasida.

         Shu onda Rasululloh s.a.v.ning qo‘yidagi hadislarini eslatib o‘tmoqligimiz lozim:

قال رسول الله ﷺ: "كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤول عَنْ رَعِيَّتِهِ، الإِمَامُ رَاعٍ وَ مَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَهُوَ مَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ..."

(رواه الإمام البخارى و الإمام مسلم)

 

Abdulloh ibn Umar r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh s.a.v.: “Barchangiz boshliqdirsiz va o‘z qo‘l ostidagilaringizga mas’uldirsiz, Imom (rahbar) boshliqdir va o‘z qo‘l ostidagilariga mas’uldir, kishi o‘z ahliga boshliqdir va qo‘l ostidagilariga mas’uldir...” – deb marhamat qiladilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). 

Muhtaram jamoat! Demak, barchamiz o‘z oilamiz oldida turgan mas’uliyat, vazifalarimizni to‘liq bajarmoqligimiz lozim bo‘ladi. 

Alloh taolo yurtimiz tinchligini va osoyishtaligini barqaror aylab, xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda qilsin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi

11.01.2025   1959   2 min.
Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi

Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.

Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi. 

Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi. 

Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.

Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi. 

Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.

Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi