Kecha ijtimoiy tarmoqlar va turli saytlarda markazi Jizzax viloyatida bo‘lgan zilzila haqida ma’lumotlar tarqaldi. Zilzila magnitudasi 3,5 ballni tashkil etgani va ko‘pchilik ushbu silkinishni sezmagani ta’kidlandi. Biroq inson zilzila va turli tabiiy ofatlar vaqtida shoshib qoladi, hodisa paytida nima qilishni bilmaydi.
Zilzila haqida aniq ma’lumot beradigan tizim hali ishlab chiqilmagan, shuning uchun ham qachon va qayerda hamda qanday kuchdagi zilzila ro‘y berishini oldindan aytishning hozircha iloji yo‘q.
Zilzila vaqtida nima qilish kerakligini bilmaydiganlar uchun ushbu maqola ko‘mak beradi degan umiddamiz.
Dinimizda musulmon odam Alloh taoloni ko‘p zikr qilishi, shu bilan birga qilgan xatolariga doim istig‘for aytishi kerak. Zero, inson xatodan xoli emas. Shunday ekan, gunohlarimiz ko‘payib, tavba va istig‘forlarimiz ozayganda Alloh taolo o‘zining qudratini bandalariga Quyosh tutilishi, oy tutilishi va zilzila orqali ko‘rsatib qo‘yar ekan.
Zilzila haqida Taqiy Usmoniy o‘zlarining “Mavsu’atul fiqhiyya” asarining to‘rtinchi jildida quyidagicha keltiradilar: “Zilzila Alloh taoloning oyat va alomatlaridan hamda noodatiy hodisalaridandir. Hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhabi ulamolari zilzila sodir bo‘lganda ikki rakat namoz o‘qish mustahab ekanligini aytadilar”.
Imom Kosoniy va Ibn Qudoma rahimahullohlar Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Basradalik vaqtlarida zilzila sababli namoz o‘qiganlarini naql qiladilar. Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhu Muhazzab”da Ali roziyallohu anhudan zilzila bo‘lganda namoz o‘qish kerakligi haqidagi rivoyatni keltirganlar.
Imom Kosoniy rahimahulloh aytadilarki: “Bu usul qo‘rqinchli va dahshatli hodisalar paytida namoz o‘qishlik lozimligiga asoslangandir. Quyosh va oy tutilishida o‘qiladigan namozlarning asosi ham shudir”.
Namozning o‘qilish tartibi quyidagicha:
Bu namoz jamoat bo‘lib emas, balki yakka holda o‘qiladi. Boshqa namozlardan farqli bo‘lmagan holda ikki rakaat bo‘lib, namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlarda o‘qilmaydi. Namozdan so‘ng duoga jiddu jahd qilinadi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, yer silkinishi, o‘ta qattiq shamol kelishi, kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel oqishi kabi holatlar shunchaki tabiiy hodisa emas, balki, sizu bizning gunohlarimiz haddan oshgani, Haq taoloning ibodagiga beparvoligimiz, “Besh kunlik dunyoda o‘ynab qol” qabilida ish tutishimizning ayanchli va xatarli oqibati ekan. Shuningdek, bu bizga Alloh taoloning O‘ziga qaytib, tavba va istig‘forga shoshilishimizga ilohiy chaqiriq ekanligini ham yodda tutmog‘imiz darkor.
Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?
Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)
Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.
Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.
“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.
Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).
Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.
Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi