Olamlarga rahmat bo‘lgan zotning vafotiga bir ming uch yuz sakson to‘rt yil bo‘libdi. Ummat sal kam o‘n to‘rt asrdan buyon hidoyat shamchirog‘ining muborak siymosisiz umr kechirmokda.
Sidratul muntahoni sayr qilgan ul pokiza jasadni o‘z xayollarida tasavvur kilgancha, qalbida rasuliga muhabbati bor ummat hamon qilayotgan har bir amalida u muborak zotning ta’limotlariga ergashmokda.
Alloh taolo biz insonlarga juda ham mehribondir. Odamzot jaholat botqog‘ida botayotgan, kufr va shirk daryosida cho‘kib borayotgan, o‘z qo‘llari bilan yasagan toshlarga sig‘inib, gunoh, ma’siyat va razillikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, bir oyog‘i jahannam olovining taftini sezib turgan bir paytda: «Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi... » (Oli-Imron surasi, 164-oyat).
Bu zotning qadrini ko‘ringki, olamlar Robbisi O‘zining yaratgan olamlari uchun aynan shu insonni rahmat qilib tanladi: «(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz» (Anbiyo surasi,107-oyat).
Alloh taoloning bu so‘zlarini tasdiqlab Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham: “Albatta men hadya qilingan rahmatman”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taolo insoniyatni ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilgan muborak Kalomida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: «Ayting (ey, Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» (Oli Imron surasi, 31-oyat) deb buyurgan.
Ya’ni, agar biz, bizni yo‘qdan bor qilgan, O‘z ruhi pokidan nasiba berib inson degan sharafli nomga sazovor etgan, aziz va mukarram qilib qo‘ygan Parvardigorimizni yaxshi ko‘rsak hamda Alloh taolo ham bizni yaxshi ko‘rishini istasak va bandachiligimizga borib bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni kechirishini xohlasak, yagona shart: hayotimizda qanday holatga duch kelishimizdan qat’i nazar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ergashaylik!
«Payg‘ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz va Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir», (Najm surasi, 2-3-oyat) degan Zot Muhammad alayhissalomni biz uchun andoza qilib yaratdi. Agar kimda Allohning rahmatidan, oxirat kunidagi mukofotlardan hamda aytilgan va’dalarga bo‘ladigan vafolardan umid qilsa har bir amalida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishini Alloh taoloning O‘zi ta’kidlaydi: «(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat).
Inson bolasi borki, hayotida ishonchli do‘stga, uning to‘g‘ri va ishonarli pandu nasihatlariga muhtoj bo‘ladi. Bizning bu borada omadimiz kelgan. Chunki Rabbimiz azza va jalla: «Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz» (Qalam surasi, 4-oyat), deya ta’riflagan, sodiqul amiyn bo‘lgan, bashariyat sardori deya e’tirof etilgan zotning nasihatlari bisyor. Agar ularga amal qilsak ikki dunyoda ham farog‘atda bo‘lamiz. Bu xushxabarni Alloh taoloning O‘zi aytmoqda: «Sizlardan kim Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etsa va ezgu amal qilsa, Biz uning mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun farovon rizq (jannat)ni tayyorlab qo‘ygandirmiz» (Ahzob surasi, 31-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir gaplari bizni jahannam olovidan qutulishga va abadiy saodat sohibi bo‘lishga chaqiradi.
Darhaqiqat, qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlari ichidan u zotga muhabbat qo‘ygan, u kishining sunnatlarida bardavom bo‘lgan ummatlari uchun Alloh taolodan mag‘firat so‘rab, ularga shafoatchi bo‘lib jannat tomon boshlayotgan vaqtda, shunday muborak zotga ummat bo‘lishdek baxtdan foydalanib qolmaslik bilan o‘z nafsiga zulm qilganlar: «U kunda zolim qo‘llarini (barmoqlarini) tishlab (pushaymon qilib), der: «Eh, qani edi, men ham payg‘ambar bilan birga bir yo‘lni tutganimda!», deydilar (Furqon surasi, 27-oyat).
Bugun bizda imkon bor. Chunki biz hayotmiz. Shunday ekan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga imkon qadar amal qilishga harakat qilaylik. Zero, Alloh kalomida: «Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etsa va Allohdan qo‘rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o‘shalargina yutuq egalaridirlar», deb marhamat qiladi (Nur surasi, 52-oyat).
Yorbek ISLOMOV,
Uchko‘prik tumani
“Shoh muqaddam” jome masjidi imom-noibi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.
Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.
Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.
Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.
Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya berganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!
G‘ayrat BOZOROV,
Dehqonobod tumani
“Oqrabot ota” jome masjidi
imom-xatibi