Mumtoz Sharqning saltanat ishlariga oid kitoblari – “O‘g‘uznoma”, “Qutadg‘u bilik”, “Siyosatnoma”, “Qobusnoma”, “Temur tuzuklari”, “Axloqi Muhsiniy” va boshqa ko‘plab asarlarida gunohkorni afv etgan kechirimli insonlar aynan shu ishi tufayli ko‘pdan-ko‘p foydalar ko‘rgani hayotiy misollar vositasida tasvirlangan. Chunki ushbu asarlar, ularda nomlari keltirilgan tolei baland hukmdorlarning barcha-barchasi Islom bulog‘idan suv ichgan.
Ma’lumingizki, shariatimizda afv etish masalasi ko‘p bor ta’kidlangan. Nega? Chunki afv Alloh taoloning mehribonliklaridan biri. Agar Rabbimiz otamiz Odam alayhissalom bilan onamiz Havvoni afv etmaganida bugun biz bo‘larmidik: birimiz uzr so‘rab, boshqamiz qovoq solgancha tamanno qilib turarmidik.
Mehribon Parvardigorimiz oyati karimada: “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14), deb ta’lim beradi.
Ushbu oyati karimadan anglashiladiki, agar biz bizga moddiy-ma’naviy zarar yetkazgan kimsani afv etsak, Alloh taolo uni o‘sha gunohi uchun kechirar ekan. Va yana uning gunohidan o‘tganimiz uchun bizning gunohimizdan ham o‘tar ekan.
Ayonki, bexosdan biror nomaqbul ishga qo‘l urib qo‘ygan odam o‘sha qilmishining gunoh ekanini qalban his qilib, o‘sha ishidan pushaymon bo‘lsa-yu, unga yana bir imkoniyat berilsa, u davlat va jamiyatga hech gunoh ish qilmay karillab yurgan sip-silliq odamlardan ko‘p foyda yetkazadi. Bunga uning pushaymoni kuch beradi. “Maqsadga muvofiq” kimsalardan esa hech qachon, hech kimga foyda yetmaydi.
Binobarin, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas, siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq - sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur” (Fussilat, 34), deb marhamat qilgan.
Shuning uchun ham Yurtboshimiz adashib huquqbuzarlik yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir imkon berish, ularni oilasi bag‘riga qaytarish haqidagi fikrni ilgari surib, 29 sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoyish chiqardi.
Farmoyishda gunohkorning qilmishiga munosib jazo tayinlash, mahkumning aybini yengillashtiruvchi holatlar hisobga olinmayotgani qayd etilgan edi. Chuqur tahlillar natijasida 274 jinoyat ishi bo‘yicha ayblov qayta malakalangan, jinoyat ishlarining 50 tasi qonunchilikdagi o‘zgarish, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketgani, 26 tasida jinoyat alomati mavjud emasligi munosabati bilan tugatilgan.
Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ularning shaxsini o‘rganib chiqdi.
Har taraflama o‘rganishlar nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Konstitutsiyamizning 25 yilligini nishonlash arafasida farmon qabul qildi.
Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).
Ushbu Farmonning qabul qilinishi O‘zbekiston insonparvar davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganining amaliy isboti bo‘lib, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin namoyoni bo‘ldi.
Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida “amnistiya” va “afv” aktlari o‘rtasidagi farqni ham tushuntirib o‘tdi. Jumladan, respublikamizda shu vaqtga qadar amnistiya qo‘llanib kelinayotgan edi, afv etishga qaratilgan farmon O‘zbekiston tarixida ilk bora qabul qilindi.
Afv etishning amnistiyadan farqi shundaki, afv etish hukm qilingan shaxsga nisbatan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, uni jazodan to‘liq yoki qisman ozod qiladi yoki sud belgilagan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradi. Afv etish aniq hukm qilinganga nisbatan individual tarzda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va jinoyat sodir qilingani faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi.
“Amnistiya (esa) jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yilgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan. Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda”.
Amnistiyadan farqli o‘laroq, avf etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni shaxs o‘z aybini tan olib, unga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi. Bunday holatlarda amnistiyaga tushgan ayrim kimsalardek jazoni his etmaslikka o‘rin qolmaydi. Bu esa mutafakkirlarimizning haqiqiy insonparvarlik, eng avvalo, adolatdir, degan fikrining yaqqol isbotidir.
Davlatchiligimiz tarixida ham avf etishga oid hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, “Tuzuklar”da: “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim...”
Sohibqiron bobomizning bu ishi Qur’oni karim ko‘rsatmasiga hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga muvofiq bo‘lgan. Oyati karimada: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat) deb marhamat qilingan. Rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga yetib olib, choponlaridan qattiq tortgan, hatto chopon hoshiyasi bo‘yinlarida iz qoldirgan. Keyin: “Ey Muhammad, Allohning mollaridan menga ham ber”, deb qo‘pol muomala qilganida ham Rasululloh uning muomalasidan kulib qo‘ydilar. Va unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning kechirimlilik haqida oyatiga muvofiq ish tutgani bois o‘sha a’robiyga o‘xshaganlar u zotning sodiq ummatlaridan bo‘lib izlarini ko‘zlariga surdilar. Amir Temur oyatu hadisga bo‘ysungani tufayli dushmanlar tavba tazarru qilib huzuriga keldilar. Qarangki, kechirimlilik insonni qanchalik ulug‘lab qo‘yar ekan.
Prezidentimiz har doim adashib diniy oqimlarga kirib qolganlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir qilib sudning qora kursisiga o‘tirib qolganlarning aybini yaxshilab o‘rganib, agar ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lsalar, ularni kechirish chorasini ko‘rish to‘g‘risida gapirganida, “ular ham o‘zimizning farzandlarimiz”, deb jon kuydirib gapiradi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.
Afv etishning naqadar qadrli va savobli ish ekani dinimizda juda ko‘p ta’kidlanadi. Bu borada Islom dunyosining butun olamga mashhur olimu faqihlari, sarkardayu peshvolari ko‘p ibratli ishlarni bajarganlar va g‘oyatda foydali nasihatlar qilganlar. “Hayratul abror”da hikoya qilinishicha, saxiy bir podshohning quli bor ekan, bazm vaqtida falokat bosib, oyog‘i chalishib, podshohning boshiga issiq taomni to‘kib yuboribdi. A’yonlar: “Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shu!” deyishibdi. Shoh esa qulning ahvolini ko‘rib, uni ozod qilib yuboribdi. Bunga hayron bo‘lgan vaziri: “Ey saxiylikda beg‘araz shoh, unga tig‘dan boshqa narsa loyiq emas edi-ku?” debdi. Shoh kulimsirab: “Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan o‘likni qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...”. Mashhur so‘fiya Robiya Adaviyya rohmatullohi alayho bunday vasiyat qilgan ekanlar: “Afv qilishda ikkilanmang, o‘zingizdan boshqa hammani kechiring, lekin o‘z nafsingizni aslo kechirmang. Zero, u (gunohlarga moyil bo‘lib, Allohning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan) asl dushmaningizdir! Hammani kechiring! Zero, komil inson boshqalarning do‘zaxda azoblanishiga sababchi bo‘lishga aslo rozi bo‘lmaydi”.
O‘MI matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.