Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Munosabat: Afv sadoqatli do‘stlarni ko‘paytiradi

12.12.2017   4372   10 min.
Munosabat: Afv sadoqatli do‘stlarni ko‘paytiradi

Mumtoz Sharqning saltanat ishlariga oid kitoblari – “O‘g‘uznoma”, “Qutadg‘u bilik”, “Siyosatnoma”, “Qobusnoma”, “Temur tuzuklari”, “Axloqi Muhsiniy” va boshqa ko‘plab asarlarida gunohkorni afv etgan kechirimli insonlar aynan shu ishi tufayli ko‘pdan-ko‘p foydalar ko‘rgani hayotiy misollar vositasida tasvirlangan. Chunki ushbu asarlar, ularda nomlari keltirilgan tolei baland hukmdorlarning barcha-barchasi Islom bulog‘idan suv ichgan.

Ma’lumingizki, shariatimizda afv etish masalasi ko‘p bor ta’kidlangan. Nega? Chunki afv Alloh taoloning mehribonliklaridan biri. Agar Rabbimiz otamiz Odam alayhissalom bilan onamiz Havvoni afv etmaganida bugun biz bo‘larmidik: birimiz uzr so‘rab, boshqamiz qovoq solgancha tamanno qilib turarmidik.

Mehribon Parvardigorimiz oyati karimada: “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14), deb ta’lim beradi.

Ushbu oyati karimadan anglashiladiki, agar biz bizga moddiy-ma’naviy zarar yetkazgan kimsani afv etsak, Alloh taolo uni o‘sha gunohi uchun kechirar ekan. Va yana uning gunohidan o‘tganimiz uchun bizning gunohimizdan ham o‘tar ekan.

Ayonki, bexosdan biror nomaqbul ishga qo‘l urib qo‘ygan odam o‘sha qilmishining gunoh ekanini qalban his qilib, o‘sha ishidan pushaymon bo‘lsa-yu, unga yana bir imkoniyat berilsa, u davlat va jamiyatga hech gunoh ish qilmay karillab yurgan sip-silliq odamlardan ko‘p foyda yetkazadi. Bunga uning pushaymoni kuch beradi.  “Maqsadga muvofiq” kimsalardan esa hech qachon, hech kimga foyda yetmaydi.

Binobarin, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas, siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq - sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur” (Fussilat, 34), deb marhamat qilgan.

Shuning uchun ham Yurtboshimiz adashib huquqbuzarlik yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir imkon berish, ularni oilasi bag‘riga qaytarish haqidagi fikrni ilgari surib, 29 sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoyish chiqardi.

Farmoyishda gunohkorning qilmishiga munosib jazo tayinlash, mahkumning aybini yengillashtiruvchi holatlar hisobga olinmayotgani qayd etilgan edi. Chuqur tahlillar natijasida 274 jinoyat ishi bo‘yicha ayblov qayta malakalangan, jinoyat ishlarining 50 tasi qonunchilikdagi o‘zgarish, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketgani, 26 tasida jinoyat alomati mavjud emasligi munosabati bilan tugatilgan. 

Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ularning shaxsini o‘rganib chiqdi. 

Har taraflama o‘rganishlar nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Konstitutsiyamizning 25 yilligini nishonlash arafasida farmon qabul qildi. 

Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).

Ushbu Farmonning qabul qilinishi O‘zbekiston insonparvar davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganining amaliy isboti bo‘lib, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin namoyoni bo‘ldi. 

Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida “amnistiya” va “afv” aktlari o‘rtasidagi farqni ham tushuntirib o‘tdi. Jumladan, respublikamizda shu vaqtga qadar amnistiya qo‘llanib kelinayotgan edi, afv etishga qaratilgan farmon O‘zbekiston tarixida ilk bora qabul qilindi. 

Afv etishning amnistiyadan farqi shundaki, afv etish hukm qilingan shaxsga nisbatan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, uni jazodan to‘liq yoki qisman ozod qiladi yoki sud belgilagan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradi. Afv etish aniq hukm qilinganga nisbatan individual tarzda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va jinoyat sodir qilingani faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi.

“Amnistiya (esa) jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yilgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan. Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda”. 

Amnistiyadan farqli o‘laroq, avf etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni shaxs o‘z aybini tan olib, unga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi. Bunday holatlarda amnistiyaga tushgan ayrim kimsalardek jazoni his etmaslikka o‘rin qolmaydi. Bu esa mutafakkirlarimizning haqiqiy insonparvarlik, eng avvalo, adolatdir, degan fikrining yaqqol isbotidir. 

Davlatchiligimiz tarixida ham avf etishga oid hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, “Tuzuklar”da: “Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir ko‘targanlar, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim...”

Sohibqiron bobomizning bu ishi Qur’oni karim ko‘rsatmasiga hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga muvofiq bo‘lgan. Oyati karimada: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat) deb marhamat qilingan. Rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga yetib olib, choponlaridan qattiq tortgan, hatto chopon hoshiyasi bo‘yinlarida iz qoldirgan. Keyin: “Ey Muhammad,  Allohning mollaridan menga ham ber”, deb qo‘pol  muomala  qilganida  ham Rasululloh  uning muomalasidan kulib qo‘ydilar. Va unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning kechirimlilik haqida oyatiga muvofiq ish tutgani bois o‘sha a’robiyga o‘xshaganlar u zotning sodiq ummatlaridan bo‘lib izlarini ko‘zlariga surdilar. Amir Temur oyatu hadisga bo‘ysungani tufayli dushmanlar tavba tazarru qilib huzuriga keldilar. Qarangki, kechirimlilik insonni qanchalik ulug‘lab qo‘yar ekan.

Prezidentimiz har doim adashib diniy oqimlarga kirib qolganlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir qilib sudning qora kursisiga o‘tirib qolganlarning aybini yaxshilab o‘rganib, agar ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lsalar, ularni kechirish chorasini ko‘rish to‘g‘risida gapirganida, “ular ham o‘zimizning farzandlarimiz”, deb jon kuydirib gapiradi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.

Afv etishning naqadar qadrli va savobli ish ekani dinimizda juda ko‘p ta’kidlanadi. Bu borada Islom dunyosining butun olamga mashhur olimu faqihlari, sarkardayu peshvolari ko‘p ibratli ishlarni bajarganlar va g‘oyatda foydali nasihatlar qilganlar. “Hayratul abror”da hikoya qilinishicha, saxiy bir podshohning quli bor ekan, bazm vaqtida falokat bosib, oyog‘i chalishib, podshohning boshiga issiq taomni to‘kib yuboribdi. A’yonlar: “Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shu!” deyishibdi. Shoh esa qulning ahvolini ko‘rib, uni ozod qilib yuboribdi. Bunga hayron bo‘lgan vaziri: “Ey saxiylikda beg‘araz shoh, unga tig‘dan boshqa narsa loyiq emas edi-ku?” debdi. Shoh kulimsirab: “Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan o‘likni qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...”. Mashhur so‘fiya Robiya Adaviyya rohmatullohi alayho bunday vasiyat qilgan ekanlar: “Afv qilishda ikkilanmang, o‘zingizdan boshqa hammani kechiring, lekin o‘z nafsingizni aslo kechirmang. Zero, u (gunohlarga moyil bo‘lib, Allohning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan) asl dushmaningizdir! Hammani kechiring! Zero, komil inson boshqalarning do‘zaxda azoblanishiga sababchi bo‘lishga aslo rozi bo‘lmaydi”.

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

10.01.2025   836   10 min.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 - 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي

.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir


Nazmiy bayoni:

Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.


Lug‘atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.

الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.

النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.

كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.

اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.

خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:

“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].

Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:

(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].

Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar

Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:

Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:

1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:

“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].

Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:

“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].

Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.

2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:

“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].

3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:

ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.

“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:

 Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:

“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].

Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:

“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].

Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:

“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .

Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.


Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

 


[1] Qasos surasi, 88-oyat.
[2] Ar-Rohman surasi, 26, 27-oyatlar.
[3] Hadid surasi, 21-oyat.
[4] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[5] Najm surasi, 13–15-oyatlar.
[6] Sod surasi, 54-oyat.
[7] Ra’d surasi, 35-oyat.