Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paygani haqida oldinroq xabar bergan edik. Mazkur xabarda tumandagi “Tolli ota” jome masjidi Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan mazkur masjid ish boshlashi to‘g‘risida ma’lumot berilgan edi.
O‘tgan juma, 8 dekabr kuni esa aynan shu “Tolli ota” jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mo‘jazgina jome O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik to‘yiga munosib to‘yona bo‘ldi. Shu munosabat bilan masjidda shukrona dasturxoni yozildi. Ushbu tadbirda diniy idora masjidlar bo‘limi mas’ul xodimi Is'hoqjon domla Begmatov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfiddinov, viloyatdagi mutasaddilar va ko‘plab namozxonlar ishtirok etishdi.
Tadbir bayramona kayfiyatda o‘tdi. Unda Is'hoqjon domla Begmatov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini qo‘shaloq xursandchiliklar, ya’ni Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 25 yillik to‘yi va “Tolli ota” jome masjidi ochilishi bilan tabriklab, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining masjid qavmiga salom va tabriklarini yetkazdi.
Shundan so‘ng barcha juma namozini o‘qish uchun masjid xonaqosiga taklif etildi. Juma namozidan keyin duoga qo‘l ochilib, mana shunday buyuk ne’matlar ila yurtimizni, xalqimizni siylayotgan Yaratgan Parvardigorga hamdu sano aytilib, yurtimizda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar asoschisi bo‘lmish Davlatimiz rahbari, ularning yonlarida diniy sohada suyanchiq va ko‘makchi bo‘lib turgan muftiy hazratlari, mehnatkash xalqimiz va mo‘min-musulmonlarimiz haqiga duolar qilindi.
Yana bir bor yangi masjid muborak bo‘lsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati