Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Vatanga muhabbat – muqaddas tuyg‘u

12.12.2017   10392   5 min.
Vatanga muhabbat – muqaddas tuyg‘u

Vatan – ota-bobolarning pokiza xoklari ila sharaflangan maskan. Ulug‘ donishmandlar aytganidek: «Vatan   bir   bog‘dir,   Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘ormaklari darkor...».

 

Ozod va obod Vatanda o‘sayotgan, qalbi pok his-tuyg‘ularga to‘la yoshlarning orzulari bir olam. Vatanga muhabbat, ota-onaga, el-yurtga beminnat xizmat qilish, ularning oldidagi farzandlik burchini sidqidildan ado etish o‘sha orzularning eng ulug‘laridan sanaladi. Bu orzuga erishish uchun inson bolalikdan boshlab o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, zarur bilim, ko‘nikma va hunarlarni egallamog‘i, jismonan baquvvat, ruhan sog‘lom bo‘lmog‘i lozim.

 

Buyuk orzular katta kuch-quvvatni, iroda, sabru matonat va shijoatni talab etadi. Ana shu g‘oyat og‘ir va murakkab yo‘lda Vatanga muhabbat hissi biz yoshlarga beqiyos quvvat baxsh etadi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek, «Tarix haqiqati shuni ko‘rsatadiki, tomirida milliy g‘urur, Vatan ishqi jo‘sh urgan odamgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi».

 

Darhaqiqat, o‘z Vataniga xizmat qilib o‘tgan farzandlar har bir millatda eslanib, o‘z millatning qaxramonlari sifatida madh qilinib, xotirasi e’zozlanib kelinadi.

 

Vatanga muhabbat oddiy insonlarga ham ulkan kuch-qudrat, azm-u shijoat baxsh etib, ularni tengsiz jasoratlarga undaganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, hammamiz yaxshi biladigan Shiroq haqidagi rivoyatni esga olaylik. U – oddiy cho‘pon. Uning harbiy qurol-yarog‘i ham, askari ham yo‘q. Faqat qalbida o‘z Vataniga cheksiz muhabbati bor, xolos. Ana shu buyuk tuyg‘u uni ona yurtiga tish-tirnog‘igacha qurollanib, mo‘ri malaxdek yopirilib kelayotgan sonsiz-sanoqsiz yovga qarshi yakka-yu yolg‘iz kurashga chiqishga chorlaydi. Shiroq o‘zining dushman qo‘lida o‘lishini oldindan biladi. Lekin bu o‘lim xalqining eng ulug‘ maqsadi – Vatan ozodligi, uning himoyasi yo‘lidagi sharafli o‘lim ekani bois ushbu yo‘lni tanlaydi. Shiroq o‘z joni evaziga qancha-qancha yurtdoshlarini o‘limdan, yovga qul bo‘lishdan, shahar-qishloqlarni esa vayronagarchilik, talon-tarojdan saqlab qoladi. Yana bir muhim tomoni, u o‘z qahramonligi orqali hech qachon uning xalqini yengib bo‘lmasligini, xalqning mard farzandlari bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini isbotlaydi. Shuning uchun ham Shayx Muhammad G‘azzoliy: “Bashar o‘z yeriga, garchi, u  tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”, degan.

 

Xalqning tinch va osuda hayoti, baxt-u saodati mard va bahodir farzandlarning sadoqatiga, jasoratiga bog‘liq. Jahondagi har bir ota-ona, har bir xalq katta umidlar bilan farzand o‘stirar ekan, ularning avvalo mard va botir, o‘z uyi va yurtini himoya etishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetishini istaydi. Dunyo xalqlarining ertaklari, qo‘shiq va dostonlariga, onalar tomonidan aytiladigan allalariga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularda mardlik va qahramonlik asosiy mavzu ekaniga ishonch hosil qilamiz. Masalan, bizning milliy dostonlarimiz qahramonlari Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avaz bahodir, Farhod kabi alp pahlavonlar dunyodagi ko‘pgina xalqlar uchun mardlik va botirlik timsoliga aylangan. Onalarimizning allalarida qadim-qadim zamonlardan boshlab o‘g‘il bolalar «arslonim», «pahlavonim», degan so‘zlar bilan e’zozlangan. «Uch-og‘ayni botirlar», «Semurg‘ va Bunyod», «Toxir va Zuhra» kabi ertaklarimizda, «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li», «Kuntug‘mish» singari dostonlarimizda mardlik va ezgulik eng yuksak insoniy fazilat sifatida kuylanadi. Bularning barchasi xalqimiz uchun farzandlarini hech narsadan qo‘rqmaydigan, ota-onasi, oilasi, el yurtining shon-u sharafi, obro‘-e’tiborini saqlash yo‘lida hamma narsaga qodir insonlar qilib tarbiyalash eng buyuk, maqsad bolib kelayotganidan dalolat beradi. Shu ruhda tarbiya topgan Alp Erto‘ng‘a (Afrosiyob), Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ko‘plab ajdodlarimiz o‘z Vatanini munosib himoya qilishga qodir ekanini isbotlab bergan. Hech shubhasiz, shunday ulug‘ zotlarning shonli hayotlari biz avlodlar uchun mardlik va Vatanga sadoqat namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov el-yurtimizning boy merosi, jumladan, «Alpomish» dostonining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos ahamiyatini ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: «Xalqimizning yengilmas bahodiri – Alpomish timsolida biz Vatanimizni yomon ko‘zlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jonini ham fido qilishga tayyor azamat o‘g‘lonlarimiz – bugungi alpomishlarning ma’naviy qiyofasini ko‘ramiz». Biz, yosh avlod ushbu yuksak ishonchni oqlash uchun xalqimiz xizmatiga doimo tayyor bo‘lmog‘imiz zarur.

 

Bugungi notinch va murakkab zamonda yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalq faravonligini ta’minlash juda katta mehnat va mas’uliyatni talab qiladi. Buning uchun har bir yurt farzandi o‘zini shu yurt taqdiriga daxldor ekanini qalban xis qilgan holda o‘z vazifasini ado qilmog‘i lozim. Zero, Vatanga xizmat shu yurt farzandiman degan har bir o‘g‘il-qiz uchun oliy saodatdir.

 

Muzaffarxon JALOLXONOV,

Imom Faxriddin ar-Roziy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   3905   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari