Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhabbati musulmonning imoniga chindan ham oziq bo‘ladi. Agar musulmon kishining imoni ziyoda bo‘lsa, Rasulullohga bo‘lgan muhabbati ham ziyoda bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish – toat va qurbatdir. Darhaqiqat, shariat Nabiy alayhissalomning muhabbatini vojibotlardan sanaydi.
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortalaringiz meni farzandidan, ota-onasidan va odamlarning barchasidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rmaguncha haqiqiy mo‘min bo‘lolmaydi”, dedilar.
Nabiy alayhissalomning muhabbatini quyidagilarni bilish bilan hosil qilish mumkin.
Birinchi: u zot Robbimiz ixtiyor qilgan va tanlagan, insonlarga Allohning dinini yetkazish uchun butun olamga yuborilgan Rasuldir. Alloh taolo yaxshi ko‘rgani uchun uni tanladi va undan rozi bo‘ldi. Agar Alloh undan rozi bo‘lmaganida uni tanlamagan bo‘lardi. Alloh yaxshi ko‘rgan kishini yaxshi ko‘rmoqligimiz, rozi bo‘lgan kishidan rozi bo‘lmoqligimiz bizga vojibdir. U zot Allohning do‘sti ekanini bilmog‘imiz lozim. Vaholanki, do‘stlik oliy martaba va u muhabbatning eng yuqori darajasidan-da oliydir.
Jundab roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etishlaridan besh kun oldin quyidagi aytgan so‘zlarini eshitdim. “Men Allohdan sizlar orangizdan bir xalil (do‘st) bo‘lishini ruxsatini so‘ragan edim. Alloh meni xuddi Ibrohim alayhissalomni do‘st tutgani kabi do‘st tutdi. Agar ummatimdan xalil tutganimda Abu Bakrni ana shunday qilgan bo‘lar edim”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlar ichida men uchun suhbatida va molida eng ishonchlisi Abu Bakrdir. Agar men o‘zim uchun Rabbimdan boshqani xalil tutadigan bo‘lsam, albatta, Abu Bakrni tutar edim. Lekin u islom birodarligi va muhabbatidir. Masjidda hech bir eshik qolmasdan hammasi berkitilsin. Illo, Abu Bakrning eshigi bundan mutasno», dedilar.
Ushbu hadisi sharifdan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu islom ummatining ichida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga eng yaqin shaxs ekani ayon bo‘lmoqda. Ummatga bu namunadir!
Ikkinchi: Alloh taolo Nabiy alayhissalomni tanlagan manzilini bilmoqligimiz lozimdir. Chunki ul zot bashariyatning eng afzalidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men Qiyomat kuni odam bolasining ulug‘idirman. Ustidan qabr birinchi yoriladigan shaxs menman. Avvalgi shafoatchi menman. Avvalgi shafoat qilinuvchi menman», dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir payg‘ambarning (ijobat etilishi aniq bo‘lgan) duosi bor. Men esa, inshoalloh, o‘sha duoimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun yashirib qo‘yishni xohladim”, dedilar”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men jannatga odamlarning birinchisi bo‘lib (kiruvchisi), shafoat qiluvchisiman. Va yana men payg‘ambarlar ichida eng ko‘p ergashiluvchisiman», dedilar.
Uchinchi: bizga dinni yetkazishda mashaqqat va qiyinchilikka yo‘liqqanini bilishimiz lozim. Xuddi shunday bo‘lgan ham. Rasulullohning mushriklar tomondan ozorlangani, so‘kilgani, urilgani, haqoratlanganini, yaqin qarindoshlari ul zotdan yuz o‘girganini, yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb tuhmat qilinganini bilmog‘imiz vojib. Bularning barchasi bizga yetib keladigan dinning o‘chog‘ini o‘chirish uchun ul zotni urdilar, ahlidan, diyoridan chiqardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi ergashiluvchi namunadirlar. U zot boshlariga ichak-chavaq tashlab yuborildi, oyoqlari qonatildi, yuzlari yorib yuborildi, hovlilariga qamal qilib qo‘yilganidan daraxt barglarini yeb kun o‘tkazdilar, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Makkadan haydab chiqarildi, oldi tishlari sindirildi.
To‘rtinchi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha sunnatlarini qanchalik og‘ir yoki yengil bo‘lsa-da, uni odamlar xush ko‘rsa-da xush ko‘rmasa-da, jiddiy bajarmoqligimiz lozim. Sunnat Islom uchun, musulmonlar uchun o‘ta muhim manbadir. Chunki u Islom Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning gaplari, ishlari, ma’qullashlari, xalqiy, xulqiy sifatlari va tarjimayi hollari majmuidir.
Alloh taolo ko‘pgina oyatlarda mo‘minlarni avvalo O‘ziga itoat qilishga amr qilganidan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishga amr qilgan. Qur’oni Karimda: «Ey iymon keltirganlar, Allohga itoat qilinglar va Rasuliga itoat qilinglar» oyati takror-takror kelgan.
Allohga itoat qilish Qur’onga itoat qilish bilan bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish –sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi.
Shu bilan birga ul zotning ahli baytlarini, mo‘minlarning onalarini, xulofoi roshidinlarni, ansorlar va muhojirlarni ham yaxshi ko‘rishimiz va hurmat qilmog‘imiz lozim. Abu Shayx roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Odamlarga nima bo‘ldiki, ahli baytimni (kamsitib), menga ozor yetkazishyapti. Allohga qasamki, banda to meni suymagunicha mo‘min bo‘lolmaydi. To zurriyotimni yaxshi ko‘rmagunicha meni yaxshi ko‘rolmaydi» (Imom Hokim rivoyati).
Eng mahbub xotinlari Oishai Siddiqani zinoda ayblanganini, sahobalaridan yetmishtasi qatl etilganini, o‘g‘illaridan ayrilganini, Umar roziyallohu anhu qonga belab o‘ldirilganini, Usmonroziyallohu anhuga suiqasd etilganini, Aliga roziyallohu anhuga nayza sanchilganini, ummatni ko‘plab olimlari qiynoqqa solib zindonga tashlanganini bilmog‘imiz lozim.
Beshinchi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va to‘g‘ri yo‘lni tutgan sahobalar yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rmog‘imiz lozim. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida: “O‘zlarinigizga mendan keyin mening va xulofoi roshidinning yo‘llarini lozim tutinglar”, dedilar. Keksa ulomalarimiz: “Kimki biror kishini yaxshi ko‘rsa, uning yaxshi ko‘rgan narsalarini ham yaxshi ko‘radi va unga o‘xshashga, taqlid qilishga harakat qiladi”, deganlar.
Oltinchi: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”, degan vasiyatiga binoan, dinning asl mohiyatini ul zotdan keyingi ummatga yetkazmoqligimiz, ba’zi hukmni olib boshqasini tark qilmasligimiz, ijtimoiy hayotda dinni bekitmasdan ochiq bayon etmog‘imiz lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga dinni o‘rgatganlarida “Ogoh bo‘ling, yetkazdimmi?”, deganlarida, sahobalar: “Ha” deb javob berardilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohim o‘zing guvohsan. Sizlardan shohid bo‘lganlar g‘oyiblarga yetkazsin”, deb dinni to‘liqligicha yetkazdilar.
Ana shularni puxta bilishimiz Rasulullohning muhabbatini hosil qilishga noil qiladi, inshoalloh.
Xayrulloh SATTOROV,
O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan