Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning boqiy dunyoga ko‘chishlari

11.12.2017   6740   8 min.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning boqiy dunyoga ko‘chishlari

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratning o‘n birinchi yili Rabiul avval oyining o‘n ikkinchi sanasi, dushanba kuni choshgoh vaqtida oltmish uch yoshlarida bu olamni tark etdilar.

Hajjatul vado’dan uch oy o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq kasal bo‘ldilar, hatto o‘rinlaridan turishga ham qodir bo‘lmay qoldilar. Vafotlaridan to‘qqiz kun oldin quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «(Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga adolatsizlik qilinmas» (Baqara, 281-oyat).

Kasallik alomatlari zohir bo‘la boshlagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud shahidlarini ziyorat qilishni iroda qildilar. U yerga borib, yig‘lagan holda qaytdilar. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, sizni nima yig‘latdi?” deb so‘radilar. Ul zot: “Birodarlarimni sog‘indim”, dedilar. Ular: “Bizlar sizning birodaringiz emasmizmi?” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar mening sahobalarimsiz. Birodarlarim esa, mendan keyin keladigan, meni ko‘rmay turib, menga imon keltiradigan qavmdir”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari Maymuna roziyallohu anhoning uyiga keldilar. U yerga barcha ayollarini yig‘ib, bemorlik kunlarini Oisha roziyallohu anhoning uyida o‘tkazishga ulardan ijozat so‘radilar. Zavjalarining barchasi bunga rozi bo‘ldilar. O‘rinlaridan turishga harakat qildilar. Lekin bunga qodir bo‘la olmadilar. Shunda Fazl ibn Abbos va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘tarib, ayollari Oisha roziyallohu anhoning hujrasiga olib kirdilar. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni birinchi marta bunday ahvolda ko‘rib, qattiq xavotirda qoldilar. Masjid odamlar bilan to‘lib toshdi. Ularning xavotir to‘la iztirobli ovozlari eshitilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq terga botdilar. Oisha roziyallohu anho ul zotning: “La ilaha illa Alloh albatta, o‘lim sakarotdir”, deganlarini eshitdilar. Masjidda odamlarning ovozlari ko‘tarildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan bu haqda so‘radilar. Oisha roziyallohu anho: “Ular sizdan xavotir olayaptilar, yo Allohning Rasuli”, deb javob berdilar. Ul zot: “Meni ularni oldiga olib chiqinglar”, deb yana o‘rinlaridan turishga harakat qildilar. Lekin tura olmasdan hushini yo‘qotdilar. Hushiga keltirish uchun ustiidan suv quydilar. Minbarga ko‘tarilgach, ularga: “Mendan xavotir olayapsizlarmi”, deb so‘radilar. Hamma bir ovozdan: “Ha, ey Allohning Rasuli”, deya javob berdilar. Shunda odamlarga eng so‘nggi xutbasini bayon qildilar: “Ey insonlar, sizlarning men bilan birga bo‘ladigan (abadiy) manzilingiz dunyo emas. Men sizlar bilan uchrashadigan joy Havza oldidadir. Allohga qasamki, men u yerdagi o‘sha manzilimni ko‘rayotgandekman. Ey insonlar, Allohga qasamki, men sizlarga faqirlik yetishidan qo‘rqmayman. Men sizlarga dunyo yetishidan, sizlardan oldingi ummatlar kurashganidek, sizlar ham dunyo uchun kurashingizdan, alaloqibat dunyo ularni halok etganidek sizlarni ham halok etishidan qo‘rqaman”, dedilar. So‘ng esa: “Ey insonlar, namoz masalasida Allohdan qo‘rqing, namoz masalasida Allohdan qo‘rqing, ayollar ishida Allohdan qo‘rqing, ayollar ishida Allohdan qo‘rqing. Ayollarga yaxshi munosabatda bo‘lishga sizlarni buyuraman” deb qayta-qayta takrorladilar.

Xutbaning davomida: “Ey insonlar, Alloh taolo agar bir bandasiga dunyoni yoki O‘zining huzuridagi narsani tanlash ixtiyorini berdi, u esa Allohning huzuridagi narsani ixtiyor etdi”, dedilar. Ul zotning bu gapidan nimani maqsad qilganini xech kim fahmlamadi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini nazarda tutgan edilar. Sahobalardan yolg‘iz Abu Bakr roziyallohu anhugina buni tushundilar, va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini bo‘lib: “Ota-onamiz, ahlimiz-bolalarimiz, molu jonimiz sizga fido bo‘lsin Allohning Rasuli”, deb yig‘lay boshladilar. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini bo‘lgani uchun Abu Bakr roziyallohu anhuga qarab turardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr roziyallohu anhuni himoya qilib: “Ey insonlar, Abu Bakr (roziyallohu anhu)ni o‘z holiga qo‘ying, sizlardan birortangizning bizga ko‘rsatgan xizmati bo‘lsa, biz uni mukofotladik, lekin Abu Bakrgina (roziyallohu anhu) bundan mustasnodir. Men uni mukofotlay olmayman. Uni mukofotlashni Allohga qoldirdim”, dedilar.

So‘ng Alloh taolodan, musulmonlarga nusrat berishini, qadamlarini sobit qilishini va ularni qo‘llab quvvatlashini so‘rab duolar qildilar. Xutbaning so‘ngida: “Ey insonlar, to qiyomatgacha menga ergashadigan ummatlarimga meni salomimni yetkazinglar”, deb so‘zlarini tugatdilar.

Keyin yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘tarib uylariga olib kirdilar.

Abdurahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhu qo‘lida misvok tutgan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oldilariga kirdilar. Qattik xastalanganliklari tufayli misvokni so‘rashga ham qodir bo‘lmadilar. Buni fahmlagan Oisha roziyallohu anho misvokni Abdurahmondan olib, ohistalik bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlarini pokladilar. Keyin qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anho kirdilar. Otalarini bu ahvolda ko‘rib yig‘ladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Fotima yaqinroq kel”, dedilar.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qulog‘iga bir narsalarni aytdilar. Fotimai Zahro roziyallohu anhoning yig‘isi kuchaydi. Bir ozdan so‘ng uning qulog‘iga yana bir narsalarni aytdilar. Bu safar Fotimai Zahro roziyallohu anho kuldilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Fotima roziyallohu anhodan otalari nima deganlari haqida so‘ralganda: “Birinchi marta shu kuni vafot etishlari haqida gapirdilar. Ikkinchi marta esa, menga ahlimdan birinchi bo‘lib sen yetishasan dedilar”, deb javob berdilar.

So‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Meni huzurimdan chiqinglar”, dedilar. Oisha roziyallohu anhoni chaqirib, uning ko‘ksiga boshlarini qo‘ydilar. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib: “Rafiqul a’loga  Rafiqul a’loga...” deya boshladilar. Oisha roziyallohu anho buning yaxshilik ekanini bildilar.

So‘ng Jabroil alayhissalom kelib: “Yo Allohning Rasuli, o‘lim farishtasi ostonada turibdi, sizdan kirishga izn so‘rayapti”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey Jabroil, unga izn bering, kirsin”, dedilar.

Jon olishga tayin qilingan farishta: “Assalomu alaykum, Allohning Rasuli, Alloh taolo meni sizning huzuringizga yubordi. Sizga bu dunyoda qolish yoki Allohning huzuriga rixlat qilishdan birini tanlash imkonini berdi”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rafiqul a’loga,  Rafiqul a’loga...” dedilar. O‘lim farishtasi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bosh tomonlariga kelib: “Ey pokiza ruh, Allohdan rozi bo‘lgan va Alloh sendan rozi bo‘lgan holda chiqgin”, dedi.

Oisha roziyallohu anho: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qo‘llari osilib tushdi. Ko‘ksimdagi muborak boshlari og‘irlashdi. Bu holatdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarini bildim. Nima qilarimni bilmasdim. Oxiri hujramdan chiqib, tashqarida turgan sahobalarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari xabarini berishdan boshqa choram qolmadi”, dedilar.

Masjid yig‘i ovozlari bilan to‘lib ketdi. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qilichlarini qo‘tarib: “Kim, Muhammad o‘ldi desa, boshini olaman. Ul zot, Muso (alayxissalom) Alloh bilan uchrashish uchun  ketganlaridek, ketdilar va tezda qaytadilar”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu sarosimaga tushib qolgan insonlarni tinchlantirib: “Ey insonlar, kim Muhammadga ibodat qilgan bo‘lsa, u o‘ldi. Kim Allohga ibodat qilgan bo‘lsa, Alloh tirikdir, hech qachon o‘lmaydi”, deb xutba qildilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kirib, ul zotni bag‘rlariga bosib yig‘ladilar.

Avazxo‘ja BAHROMOV,

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi

 

 

 



 

 

 

 

 

 



 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   5317   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar