Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratning o‘n birinchi yili Rabiul avval oyining o‘n ikkinchi sanasi, dushanba kuni choshgoh vaqtida oltmish uch yoshlarida bu olamni tark etdilar.
Hajjatul vado’dan uch oy o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq kasal bo‘ldilar, hatto o‘rinlaridan turishga ham qodir bo‘lmay qoldilar. Vafotlaridan to‘qqiz kun oldin quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «(Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga adolatsizlik qilinmas» (Baqara, 281-oyat).
Kasallik alomatlari zohir bo‘la boshlagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud shahidlarini ziyorat qilishni iroda qildilar. U yerga borib, yig‘lagan holda qaytdilar. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, sizni nima yig‘latdi?” deb so‘radilar. Ul zot: “Birodarlarimni sog‘indim”, dedilar. Ular: “Bizlar sizning birodaringiz emasmizmi?” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar mening sahobalarimsiz. Birodarlarim esa, mendan keyin keladigan, meni ko‘rmay turib, menga imon keltiradigan qavmdir”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari Maymuna roziyallohu anhoning uyiga keldilar. U yerga barcha ayollarini yig‘ib, bemorlik kunlarini Oisha roziyallohu anhoning uyida o‘tkazishga ulardan ijozat so‘radilar. Zavjalarining barchasi bunga rozi bo‘ldilar. O‘rinlaridan turishga harakat qildilar. Lekin bunga qodir bo‘la olmadilar. Shunda Fazl ibn Abbos va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘tarib, ayollari Oisha roziyallohu anhoning hujrasiga olib kirdilar. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni birinchi marta bunday ahvolda ko‘rib, qattiq xavotirda qoldilar. Masjid odamlar bilan to‘lib toshdi. Ularning xavotir to‘la iztirobli ovozlari eshitilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq terga botdilar. Oisha roziyallohu anho ul zotning: “La ilaha illa Alloh albatta, o‘lim sakarotdir”, deganlarini eshitdilar. Masjidda odamlarning ovozlari ko‘tarildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan bu haqda so‘radilar. Oisha roziyallohu anho: “Ular sizdan xavotir olayaptilar, yo Allohning Rasuli”, deb javob berdilar. Ul zot: “Meni ularni oldiga olib chiqinglar”, deb yana o‘rinlaridan turishga harakat qildilar. Lekin tura olmasdan hushini yo‘qotdilar. Hushiga keltirish uchun ustiidan suv quydilar. Minbarga ko‘tarilgach, ularga: “Mendan xavotir olayapsizlarmi”, deb so‘radilar. Hamma bir ovozdan: “Ha, ey Allohning Rasuli”, deya javob berdilar. Shunda odamlarga eng so‘nggi xutbasini bayon qildilar: “Ey insonlar, sizlarning men bilan birga bo‘ladigan (abadiy) manzilingiz dunyo emas. Men sizlar bilan uchrashadigan joy Havza oldidadir. Allohga qasamki, men u yerdagi o‘sha manzilimni ko‘rayotgandekman. Ey insonlar, Allohga qasamki, men sizlarga faqirlik yetishidan qo‘rqmayman. Men sizlarga dunyo yetishidan, sizlardan oldingi ummatlar kurashganidek, sizlar ham dunyo uchun kurashingizdan, alaloqibat dunyo ularni halok etganidek sizlarni ham halok etishidan qo‘rqaman”, dedilar. So‘ng esa: “Ey insonlar, namoz masalasida Allohdan qo‘rqing, namoz masalasida Allohdan qo‘rqing, ayollar ishida Allohdan qo‘rqing, ayollar ishida Allohdan qo‘rqing. Ayollarga yaxshi munosabatda bo‘lishga sizlarni buyuraman” deb qayta-qayta takrorladilar.
Xutbaning davomida: “Ey insonlar, Alloh taolo agar bir bandasiga dunyoni yoki O‘zining huzuridagi narsani tanlash ixtiyorini berdi, u esa Allohning huzuridagi narsani ixtiyor etdi”, dedilar. Ul zotning bu gapidan nimani maqsad qilganini xech kim fahmlamadi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini nazarda tutgan edilar. Sahobalardan yolg‘iz Abu Bakr roziyallohu anhugina buni tushundilar, va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini bo‘lib: “Ota-onamiz, ahlimiz-bolalarimiz, molu jonimiz sizga fido bo‘lsin Allohning Rasuli”, deb yig‘lay boshladilar. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini bo‘lgani uchun Abu Bakr roziyallohu anhuga qarab turardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr roziyallohu anhuni himoya qilib: “Ey insonlar, Abu Bakr (roziyallohu anhu)ni o‘z holiga qo‘ying, sizlardan birortangizning bizga ko‘rsatgan xizmati bo‘lsa, biz uni mukofotladik, lekin Abu Bakrgina (roziyallohu anhu) bundan mustasnodir. Men uni mukofotlay olmayman. Uni mukofotlashni Allohga qoldirdim”, dedilar.
So‘ng Alloh taolodan, musulmonlarga nusrat berishini, qadamlarini sobit qilishini va ularni qo‘llab quvvatlashini so‘rab duolar qildilar. Xutbaning so‘ngida: “Ey insonlar, to qiyomatgacha menga ergashadigan ummatlarimga meni salomimni yetkazinglar”, deb so‘zlarini tugatdilar.
Keyin yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘tarib uylariga olib kirdilar.
Abdurahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhu qo‘lida misvok tutgan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oldilariga kirdilar. Qattik xastalanganliklari tufayli misvokni so‘rashga ham qodir bo‘lmadilar. Buni fahmlagan Oisha roziyallohu anho misvokni Abdurahmondan olib, ohistalik bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlarini pokladilar. Keyin qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anho kirdilar. Otalarini bu ahvolda ko‘rib yig‘ladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Fotima yaqinroq kel”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qulog‘iga bir narsalarni aytdilar. Fotimai Zahro roziyallohu anhoning yig‘isi kuchaydi. Bir ozdan so‘ng uning qulog‘iga yana bir narsalarni aytdilar. Bu safar Fotimai Zahro roziyallohu anho kuldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Fotima roziyallohu anhodan otalari nima deganlari haqida so‘ralganda: “Birinchi marta shu kuni vafot etishlari haqida gapirdilar. Ikkinchi marta esa, menga ahlimdan birinchi bo‘lib sen yetishasan dedilar”, deb javob berdilar.
So‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Meni huzurimdan chiqinglar”, dedilar. Oisha roziyallohu anhoni chaqirib, uning ko‘ksiga boshlarini qo‘ydilar. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib: “Rafiqul a’loga Rafiqul a’loga...” deya boshladilar. Oisha roziyallohu anho buning yaxshilik ekanini bildilar.
So‘ng Jabroil alayhissalom kelib: “Yo Allohning Rasuli, o‘lim farishtasi ostonada turibdi, sizdan kirishga izn so‘rayapti”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey Jabroil, unga izn bering, kirsin”, dedilar.
Jon olishga tayin qilingan farishta: “Assalomu alaykum, Allohning Rasuli, Alloh taolo meni sizning huzuringizga yubordi. Sizga bu dunyoda qolish yoki Allohning huzuriga rixlat qilishdan birini tanlash imkonini berdi”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rafiqul a’loga, Rafiqul a’loga...” dedilar. O‘lim farishtasi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bosh tomonlariga kelib: “Ey pokiza ruh, Allohdan rozi bo‘lgan va Alloh sendan rozi bo‘lgan holda chiqgin”, dedi.
Oisha roziyallohu anho: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qo‘llari osilib tushdi. Ko‘ksimdagi muborak boshlari og‘irlashdi. Bu holatdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarini bildim. Nima qilarimni bilmasdim. Oxiri hujramdan chiqib, tashqarida turgan sahobalarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari xabarini berishdan boshqa choram qolmadi”, dedilar.
Masjid yig‘i ovozlari bilan to‘lib ketdi. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qilichlarini qo‘tarib: “Kim, Muhammad o‘ldi desa, boshini olaman. Ul zot, Muso (alayxissalom) Alloh bilan uchrashish uchun ketganlaridek, ketdilar va tezda qaytadilar”, dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu sarosimaga tushib qolgan insonlarni tinchlantirib: “Ey insonlar, kim Muhammadga ibodat qilgan bo‘lsa, u o‘ldi. Kim Allohga ibodat qilgan bo‘lsa, Alloh tirikdir, hech qachon o‘lmaydi”, deb xutba qildilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kirib, ul zotni bag‘rlariga bosib yig‘ladilar.
Avazxo‘ja BAHROMOV,
Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.