Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Muborak va porloq yuzlari

9.12.2017   6353   5 min.
Muborak va porloq yuzlari

Muborak va porloq yuzlari

(tanlovga)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuddi yuzlarida quyosh yurgandek chiroyli va porloq yuzli kishi edilar. (Quyosh o‘z falakida qanday yursa, go‘zallik ul zotning yuzlarida xuddi shunday jilvalanar edi).

Ali roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mutohham (ya’ni o‘ta semiz) ham, mukalsam (ya’ni o‘ta yumaloq yuzli) ham bo‘lmaganlar. Balki yuzlarida birozgina yumaloqlik bor edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oyning bir parchasidek yashnab ketar edi».

Abu Bakr Siddiq va Ka’b ibn Molik aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari xuddi oyning gardishiga o‘xshar edi».

Abu Tufayldan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tavsiflab bering» deb so‘raganlarida u kishi shunday degan: «U zot sollallohu alayhi vasallam oq (tiniq) rangli, go‘zal yuzli edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oynadek chaqnab ketar va go‘yoki u zotning yuzlarida to‘lin oy ko‘rinib turgandek bo‘lar edi».

Jobir roziyallohu anhu aytadi: «Ul zotning yuzlari quyosh bilan oyga o‘xshardi. Yuzlari doira shaklida edi».

Guvohi bo‘lganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta’riflarini keltirgan sahobalar bir ovozdan muborak yuzlarining nurli, yorqin hamda porlab turganini va o‘zgacha tiniqlik kasb etganini ta’kidlamoqdalar.

Hasan ibn Ali tog‘asi Hola ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda shunday degan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, salobatli va viqorli zot edilar. Yuzlari xuddi tundagi to‘lin oydek charaqlab turar edi».

Jobir ibn Samura oy yorishgan kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib, shunday degan: «Men bir u zotga, bir oyga qaray boshladim. Aniq ayta olamanki, u zot oydan ham go‘zal edilar».

Robi’ binti Mu’avvizdan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering» deb so‘rashganida: «Ey o‘g‘illarim, agar u zotni ko‘rganingizda edi, xuddi porlab chiqayotgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardingiz», deb javob bergan.

Ummu Ma’bad ham Nabiy alayhissalomning tavsiflarini shunday keltirgan ekan: «Men pokiza, go‘zal xulqli, chiroyli yuzli va xushro‘y kishini ko‘rdim».

Hamadonlik bir ayol: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga haj qilganman», degan edi, undan: «U zotni bizga vasflab bering», deb so‘rashdi. Ayol: «U zot xuddi to‘lin oy kechasi ko‘kda porlab turgan oyga o‘xshaydilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan oldin ham, keyin ham u zotga o‘xshash insonni ko‘rmadim», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sharafli yonoqlari tavsifiga kelsak, yonoqlari tekis edi (ya’ni do‘ppayib ham turmagan, ichiga ham botmagan).

Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli ko‘zlarini Alloh taolo shunday sifatlaydi:

 

«(Payg‘ambarning) ko‘zi (chetga) oqqani ham yo‘q, haddidan oshgani ham yo‘q» (Najm surasi, 17-oyat).

Sahih hadisda rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunduz payti qanday ko‘rsalar, qorong‘i kechada ham shunday ko‘rardilar. Shuningdek, old tomonlarini qanday ko‘rsalar, orqa tomonlarini ham xuddi shunday ko‘rar edilar.

Ibn Abu Hola naql qilgan hadisda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqa yoki yon tomonlariga qarasalar, tanalari bilan to‘liq burilib qarar edilar. Muborak nazarlari pastga qarar edi (ya’ni nigohlarini ko‘proq pastga qaratar edilar). Qarashlari o‘ychan va mulohazali edi.

Ali roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy alayhissalom ko‘zlari katta-katta, uzun kiprikli hamda ko‘zlari qizilga moyilroq (ya’ni qizg‘ishroq) kishi edilar».

Boshqa bir rivoyatda: «Ko‘zlari tim qora edi», deyilgan.

Yana bir rivoyatda esa: «Ko‘zlarining oqida biroz qizillik bor edi», deyilgan.

Ko‘zning oq qismida qizillik bo‘lishi arablarda maqtalgan va mahbub ko‘rilgan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning peshonalari keng edi. Bu xususdagi hadislarning lafzlari turlicha bo‘lsa-da, barchasi bir ma’noda kelgan.

U zotning boshlari (o‘rtachadan) kattaroq edi. Ali roziyallohu anhuning bu borada rivoyat qilgan hadislari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Qoshlarining tavsifiga kelsak, ular uzun, yoysimon va ingichka, bir-biriga tutashmagan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qirra burunli kishi bo‘lganlar.

U zot sollallohu alayhi vasallamning og‘izlari o‘rtachadan keng va kattaroq edi. Tishlari oppoq, orasi ochiq edi. Ikki old tishlari, ya’ni kurak tishlarining orasi ham ochiq edi. Doimo og‘izlaridan xushbo‘y hid kelardi.


Muhammad Hasaniyning “Ikki olam sarvari” kitobidan “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchsisi G‘iyosiddin Baratov tarjima qildi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qilmishlari sababli musibatlar yetar

10.01.2025   1608   1 min.
Qilmishlari sababli musibatlar yetar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).

Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».

Ya’ni, Allohning va’dasi  - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.

«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».

Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar. 

«Tafsiri Hilol» kitobidan

Maqolalar