Husayn roziyallohu anhuning Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan keltirgan rivoyati siyrat haqida yanada to‘laqonli tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz alayhissalomning umumiy holatlari, insonlar bilan aloqalari va ular bilan kundalik hayotdagi muloqotlari borasida so‘z yuritilgan.
Ali roziyallohu anhu shamoyil borasidagi mashhur hadisni aytadilar: «Fazilatli kishilarning hurmatini joyiga qo‘yish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan edi. Ularga dindagi fazilatiga qarab muomala qilar edilar. Ularning ehtiyojini qondirishga harakat qilar edilar».
O‘z navbatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni ham o‘zgalarga ko‘mak berish, ehtiyojmandlarning hojatini ravo qilishga undardilar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis shunga dalolat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qo‘ymaydi. Kimki bir birodarining hojati talabida bo‘lsa, Alloh uning hojatida bo‘ladi. Kim bir musulmonning biror mashaqqatini aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kunining mashaqqatlaridan birini aritadi. Kimki bir musulmonni satr qilsa (aybini yashirsa), Alloh taolo uni qiyomat kuni satr qiladi», dedilar».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki bir mo‘minning dunyodagi qiyinchiliklaridan birini yengillatsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qiyinchiliklaridan birini yengil qilib qo‘yadi. Kimki biron ilojsizga oson qilsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda oson qiladi. Kimki bir musulmonni satr qilsa, Alloh uni dunyo va oxiratda satr qiladi. Modomiki, banda birodarining ko‘magida bo‘lar ekan, Alloh uning ko‘magida bo‘ladi», dedilar».
Abu Umoma roziyallohu anhudan o‘zgalarga yordam berishning fazli haqida quyidagi hadis rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshi amallar yomon o‘limdan saqlaydi, maxfiy sadaqa Rabbning g‘azabini ketkazadi, silai rahm umrni ziyoda qiladi», dedilar».
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib, «Ey Allohning Rasuli, qaysi inson Allohga suyukliroq? Qaysi amal Allohga mahbubroq?» dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlarning Allohga eng suyuklirog‘i insonlarga manfaatlirog‘idir. Allohga eng mahbub amal – bir musulmonning qalbiga quvonch kirgizish, uning mashaqqatini ketkazish yoki uning qarzini ado etish yoki ochligini ketkazishdir. Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan mahbubroqdir. Kimki g‘azabini bossa, Alloh uning aybini satr qiladi. Kim qodir bo‘la turib jahlini yutsa, Alloh qiyomat kuni uning qalbini umidga to‘ldiradi. Kim birodari bilan uning hojatini ravo qilib bergunicha birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda sobitqadam qiladi», dedilar».
«Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kimki biror uy hayvonini (sutini sog‘ib ichish uchun) berib tursa yoki kumush (ya’ni pul) infoq qilsa yoxud (yo‘l so‘raganga) yo‘l ko‘rsatib qo‘ysa, bir qul ozod qilganday bo‘ladi», deganlarini eshitdim».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Eng yaxshi amallar qaysi?» deb so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min birodaring qalbiga shodlik ulashish, uning qarzini to‘lash va unga non berish», dedilar».
Husayn roziyallohu anhu aytadi: «Otamdan Nabiy alayhissalomning insonlar bilan qanday muomalada bo‘lganlarini so‘radim. Otam aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tillari faqat foydali narsalarni gapirardi. U zot insonlarga go‘zal muomala qilar, qo‘pollik qilib, ularni nafratlantirmas edilar. Har bir qavmdagi hurmatli kishilarni e’zozlar va ularni o‘sha qavmga boshliq qilib qo‘yardilar. (Islomni yangi qabul qilgan ba’zi) insonlardan o‘zlarini ehtiyot qilardilar, lekin ochiq yuz va tabassum bilan qarshi olardilar. Ulardan yuz burmasdilar. Birorta sahobalari ko‘rinmay qolsa, surishtirar, holati va kayfiyati haqida so‘rar edilar. Yaxshilikni ma’qullab, qo‘llab-quvvatlar, yomonlikni noma’qul hisoblab, uning oldini olardilar. Har bir holat uchun yechimlari bor edi. Mav’izani qisqa ham qilmas, me’yoridan oshirib ham yubormas edilar. U zotning nazdida kishilarning eng yaxshisi – insonlarga manfaati eng ko‘p tegadigani edi. Bir-biriga yordam beradiganlarni yuksak martabalarga loyiq ko‘rar edilar».
Husayn roziyallohu anhu aytadi: «Otamdan Payg‘ambar alayhissalomning majlislari qanday bo‘lgani haqida ham so‘radim. Ali roziyallohu anhu shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tirsalar ham, tursalar ham, Alloh taoloni zikr qilar edilar. O‘zlariga joy hozirlatib qo‘ymas, bizlarni ham o‘zimiz uchun joy tayyorlatib qo‘yishdan qaytarar edilar. Bir qavmning oldiga borsalar, o‘tirganlarning davomidan (oxirida o‘tirgan odamning yoniga) o‘tirardilar, bizni ham shunga buyurar edilar. Birga o‘tirganlarning barchasining haqqini ado qilar edilar. Suhbatdoshlarini sabr bilan eshitganlari sabab, ularning har biri o‘zlarini u zotga eng yaqin kishi deb o‘ylardi. Biron kishi hojatini ma’lum qilsa, uni quruq qaytarmas, so‘raganini berar yoki tasalli beruvchi so‘z aytar edilar. Barchaga ochiqko‘ngil bo‘lganidan ularga xuddi otalaridek munosabatda bo‘lar edilar. Darhaqiqat, u zotning nazdida barcha barobar edi. «Ilm, hayo, sabr va omonat majlisi» deb ta’riflangan muborak majlislarida ovozlar baland ko‘tarilmas, biron kishining obro‘si to‘kilmas va to‘g‘ri yo‘ldan ozish holatlari kuzatilmas edi. Majlisdagilarning barchaci teng ko‘rilar, bir-biridan faqat taqvosi bilangina afzal sanalardi. Yoshi kattalarni ulug‘lashar, kichiklarni ehtirom qilishardi. U zot hojatmandlarni ustun qo‘yar, g‘ariblarni (musofir) esa himoya qilar edilar».
Husayn roziyallohu anhu aytadi: «Otamdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘z suhbatdoshlariga qanday muomalada bo‘lganlari haqida ham so‘radim. Ali roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ochiq yuzli, yumshoq tabiatli, xushmuomala edilar. Yomon xulqli, qo‘pol, baqiroq, fahsh so‘zlovchi, ayblovchi va tor fe’lli emas edilar», deb javob berdilar. Bir rivoyatda: «Maddoh va masxara qiluvchi emas edilar», deyilgan.
Payg‘ambar alayhissalom bir narsani xohlamasalar, unga e’tibor bermasdilar. Umidvor odam u zotdan umidini uzmas edi. Uch narsani tark qilgan edilar: badgumonlik, biron narsani me’yoridan oshirib yuborish va foydasiz ishlar. Shuningdek, biron kishini yomonlamas, ayblamas va aybini axtarmas edilar. Faqat yaxshi so‘zlar aytardilar, suhbat chog‘ida hamsuhbatlari boshiga qush qo‘ngan insondek diqqat bilan u zotni eshitar edilar. Sukut saqlagan paytlarida oldilaridagi kishilar o‘zaro gaplashishar, lekin tortishmas edilar. Biron kishi gapirsa, so‘zini tugatgunicha eshitib turar edilar. Huzurlariga birinchi kelgan kishi birinchi gap boshlar edi. U zot ular kulgan narsaga kular, ular ajablangan narsadan ajablanar edilar. Mushkuli bor odamlar kelib, savol so‘rasa, sahobalar ham javoblaridan bahramand bo‘lish uchun kutib turar edi. Agar gapirish va biron narsa so‘rashda qo‘pol muomala qilinsa, sabr qilib: «Hojati bor kishiga yordam beringlar», der edilar. Me’yoridan oshmagan maqtovni qabul qilardilar, biron kishining so‘zini bo‘lib qo‘ymas edilar. Kimdir chegaradan chiqib ketsa, so‘zini to‘xtatish yoki o‘rinlaridan turib ketish bilan so‘zini bo‘lar edilar. Johil va nodon kishilarning so‘ziga e’tibor bermasliklari u zotning muomala odoblarining yuksakligi alomati edi. Yomon niyatda yoki masxara ohangida gapirilsa, aytilgan so‘zning zohiriga qarab muomala qilib qo‘yar edilar. Bunga yahudiylar bilan bo‘lgan voqeani misol keltirish mumkin. Yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kirishga ruxsat so‘rab, so‘ng ataylab tillarini burib: «As-soomu alayka», ya’ni «Sizga o‘lim bo‘lsin», deyishdi. Oisha roziyallohu anho ularning maqsadini tushunib: «O‘zlaringga o‘lim va la’nat bo‘lsin», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, Alloh taolo har bir ishda muloyimlikni yaxshi ko‘radi», dedilar. Oisha roziyallohu anho: «Ularning nima deganini eshitmadingizmi?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Eshitganim uchun ham «Vaalaykum», ya’ni «Sizlarga ham», dedim-ku», deb javob berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylarning «as-salom» («tinchlik») emas, «as-som» («o‘lim») ma’nosini nazarda tutganini bilgan edilar. Lekin u zot alayhissalom aytilgan gapning zohiriga qarab, musulmonlik obro‘sini saqlab, «Sizlarga ham», deb javob qaytardilar.
Muhammad Hasaniyning “Ikki olam sarvari” kitobidan “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi G‘iyosiddin Baratov tarjima qildi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.