Bugun, 7 dekabr kuni Indoneziyaning Jakarta shahridagi “Istiqlol” jome masjidi imom-xatibi Nasaruddin Umar boshchiligidagi delegatsiya diniy idoraga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qabul qildilar.
Dastlab O.Yusupov O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilayotgani, ixtisoslashgan ilmiy maktablar o‘z faoliyatini boshlagani haqida so‘zlab berdi. U o‘z so‘zida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib, indoneziyaliklarni ruhiy ozuqa oladigan va inson qalbi orom topib, ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladigan tabarruk qadamjolarimizni ziyorat qilishga taklif etdi.
Muloqotda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘z olib, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p yillardan davom etib kelayotganini bildirdilar. Indoneziya davlatining sobiq prezidenti janob Suxarto 1989-1996 yillar oralig‘ida bir necha bor yurtimizga tashrif buyurgani, xususan, Samarqand viloyatiga safarini Imom Buxoriy hoki poki qo‘nim topgan maskanga yuksak ehtirom ko‘rsatish bilan boshlaganini muftiy hazratlari alohida ehtimom bilan esga oldilar.
Uchrashuvda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov so‘z olib, Prezidentimiz tashabbusi bilan sayyohlik sohasiga katta e’tibor qaratilayotgani, Indoneziya bilan turizm yo‘nalishida juda katta ishlar rejalashtirilgani haqida so‘zladi. Bu borada barcha chora-tadbirlarni uyushtirish, charter reyslarni tashkil etish va viza tartiblarini soddalashtirish borasida O‘zbekiston tomoni tayyor ekanini A.Abduhakimov ma’lum qildi.Shundan so‘ng, martabali mehmon Nasaruddin Umar janoblari o‘zining fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon qildi:
– Men Jakarta shahridagi “Istiqlol” jome masjidi imom-xatibi hisoblanaman. Ushbu masjid imom-xatibi mamlakat Prezidenti tomonidan tayinlanadi va u barcha Indoneziyadagi masjidlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Biz O‘zbekistondagi ziyoratgohlarni ko‘rib hayratlandik va yuqoridagi gaplardan ilhomlanib, albatta, men Indoneziyadagi O‘zbekistonning turizm sohasi bo‘yicha vakili bo‘lishga tayyorman.
Bizda umra safarlari ayni paytda Turkiya orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar ushbu mamlakatda uch kun bo‘lishida. Agar yurtingizni Turkiya bilan qiyoslash mumkin bo‘lsa, mamlakatingizda juda ham katta ziyorat turizmi uchun imkoniyat bor. Ayniqsa, tarixiy obidalar, osori atiqalar va tarixiy voqealarning adog‘i yo‘q, – dedi janob Nasaruddin Umar.
Martabali mehmon so‘zida davom etib, Indoneziya davlatidan bir oyda 300 ming ziyoratchi Turkiya orqali umra safariga borishi, agar ular mamlakatimizdagi tabarruk joylar to‘g‘risida xabar topishsa, albatta, hech ikkilanmay O‘zbekistonni tanlashlarini ta’kidladi.
Muloqot davomida ziyorat turizmini rivojlantirish uchun Jakarta–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reys ochish, sayyohlik vizasi berishni joriy etish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini bildiradigan ixcham va lo‘nda shior tanlash, tajribali mutaxassislar ish uslubidan foydalanish juda katta natija berishi alohida qayd etildi.
Tashrif samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 13 iyun kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, faxriy ustozlar, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev kirish so‘zi bilan ochish barobarida bitiruvchilarning 4 yil davomida erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida “Islomda ta’limning mohiyati” va “Yurtimizda ta’lim-tarbiyaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilar, ularning ustoz va yaqinlarini tabrikladi.
Mazkur tadbirda jami 250 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tarafidan 11 nafar bilim yurti mudarrisi taqdirlandi. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurti tarafidan esa 21 nafar talabaga yil sarhisobi bo‘yicha maqtov yorliqlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida 2024-2025 o‘quv yilida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurtini jami 72 nafar bitiruvchi tamomladi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 16 iyundan boshlab ikki hafta mobaynida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi.
Tadbiri yakunida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimiz rivoji va xalqimiz ravnaqini tilab xayrli duolar qilib berdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi