Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Qish– mo‘minning bahori (2-maqola): Ibodatning rohati

7.12.2017   5770   4 min.
Qish– mo‘minning bahori (2-maqola):                                                           Ibodatning rohati

Qish. Tunlar hamon uzayishda davom etmoqda. Mo‘min-musulmonlar shu kunlarga: yana qorlarni, muzlarni ko‘radigan kunlarga yetkazganiga shukr qilib, zikrlarini va ibodatlarini ko‘paytirmoqda.

Dinimiz poklikni talab etgani bois kishilarimiz namozga borayotganda yoki boshqa ish bilan yurganda kiyimiga loy sachragan bo‘lsa, uni nima qilish kerak, o‘sha loy sachragan joyin yuvish kerakmi yoki kiyimning hamma joyin yuvish zarurmi deya o‘ylanib qoladi. Bu ikkisining qaysi birini qilsa ham jamoatdan qolib ketadi. Ammo Alloh taoloning mehribonligini qarangki, bu ishning ikkalasini ham qilish shart emas ekan. Chunki uning asli pok ekan. “Musannaf”da bir qator tobeinlardan bunday rivoyat qilingani keltirilgan: “Ular yomg‘irdagi suv va loyni kechib, masjidga kirar va namoz o‘qir edilar”.

Qish faslida shaharda tahoratu ibodat unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Chunki masjidlarimizning tahoratxonalaridagi qulayliklar tahorat qilayotgan kishiga rohat-farog‘at bag‘ishlaydi. Hamma joy top-toza, charog‘on, jo‘mrakni bir tarafga qaratib sal qiyalatsangiz, issiq suv keladi; aksini qilsangiz, sovuq suv; o‘rtasiga qo‘ysangiz, iliq suv. Muattar hidli sovunlarni aytmaysizmi. Yuz-qo‘l uchun, oyoq artish uchun alohida sochiqlar, yana shamollatib quritgichlar ham bor. Yana tahoratni tugatib chiqayotganingizda masjid xodimlari  mushki anbar ham surib qo‘yishadi.

Namozxonaga kirsangiz, yumshoq gilamlar to‘shalgan, issiqqina, ko‘plab masjidlarda issiq pol qilingan. O‘sha yerda o‘tirib namoz boshlanguncha tokchalarga terib qo‘yilgan kitoblarni mutolaa qilasiz, hatto namoz tugagandan keyin ham ketgisi kelmaydi odamning. 

Faqat shu faslda safarga chiqib qolgan kishi yoki qishloq joyda yashaydigan namozxonlarning hozircha bir oz mashaqqatlari bor. Biroq  ana shu mashaqqat uchun aslida juda katta savoblar olar ekanmiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Olloh u bilan xatolarni o‘chirib, darajalarni ko‘taradigan narsaga ko‘rsatma beraymi?" dedilar. Sahobalar: "Ha, ko‘rsatma bering", deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyinchilik paytida tahoratni mukammal tarzda ado etish, masjidga qadamni ko‘paytirish va namozdan keyin namozni kutishdir. Mana shu ribotdir (marg‘ub bo‘lingan narsa)", dedilar (Imom Muslim rivoyati).   

Qoziy Iyoz: "Qiyinchilik paytida tahoratni mukammal tarzda ado etishdagi mashaqqat deyilganda, qattiq sovuq, jasadning sovuq qotishi va shunga o‘xshash narsalar nazarda tutilgan", degan.

Buni qarangki, namozning vaqti ichida ham vaqti bo‘lar ekan. Yozning jaziramasida peshinni bir oz salqinlatib o‘qiganimizdek, qishning qahratonida peshinni vaqti kirgani zahoti o‘qib olsak foydali bo‘lar ekan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilib dedi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sovuq qattiq bo‘lsa, namozni erta o‘qirdilar. Agar issiq qattiq bo‘lsa, namozni sovutardilar (ya’ni avvalgi vaqtidan kechiktirardilar)". (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). 

Imom Termiziy ana shu hadisning ma’nosini tushuntirib: "Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari va ulardan keyingi ahli ilmlar ixtiyor etgan narsadir, zero, namozdan qasd qilingan narsa xushu’ va qalbning huzuridir, qattiq sovuq va qattiq issiq namozxonni mashg‘ul qiladigan narsalar jumlasidandir", degan ekan.

“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” deganlaridek, qish faslining ham hikmatlari juda ko‘p va ularni o‘rganilib borilaversa, sovuqni ham, uzun tunlarni ham yoqtirib qolarkan odam. Ayniqsa, qish fasli ro‘za tutishga g‘oyat qulay fasl. Zotan,  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qishdagi ro‘za, salqin (rohatli) g‘animatdir", dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Binobarin, qish kunlarida ro‘za tutish tushlikni bir oz kechikib qilishdek gap. Eng muhimi, chanqamaysiz, jigaringiz kuymaydi, qorningiz ochadigan vaqtda o‘zi iftor vaqti kirgan bo‘ladi.

Shunday ekan, ana shunday qulay fursat, g‘animat damlardan foydalanib qolaylik, azizlar!

 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohdan so‘rang!

25.12.2024   1192   2 min.
Allohdan so‘rang!

Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi: 
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim: 
– Biror muammo bormi? 
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».