Samarqand viloyatida oila qurayotgan yoshlarning oilaga bo‘lgan jiddiy munosabatini shakllantirish, oilaning mustahkamligida er-xotinning inoqligi xususida tushuntirishlar berish maqsadida ko‘plab uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Uchrashuvlar joylardagi FHDYO (fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish) bo‘limlarida yosh oila quruvchilar bilan olib borilib, ular tobora takomillashib, sermazmunlik kasb etib bormoqda.
5 dekabr kuni o‘tkazilgan uchrashuvda oila muqaddasligi, mas’uliyati, er-xotin vazifasi, burch va majburiyatlari haqidagi nikoh rishtasining mustahkamligini ta’minlovchi nasihatlar bilan boshlangan. Shundan so‘ng yoshlarning dunyoqarashi, qarshisida turgan hayotining yangi bosqichi bo‘yicha tasavvuri nimalardan iborat ekanligiga e’tibor qaratilgan.
Muhokama va savol-javob uslubida olib borilgan suhbat asnosida yoshlar dunyoqarashlari, fikr doiralaridan kelib chiqib mulohazalarini bayon qildilar.
Ta’kidlash lozimki ishtirokchilarning aksariyati dabdaba tarafdori emas va imkon qadar ota-onalariga yengillik bo‘lishini istaydilar. Albatta, ularning ushbu xildagi xulosaga kelishlarida imom xatiblar tomonidan olib borilayotgan tushuntirish va nasihatlarning ham salmog‘i katta. Zero, Qur’oni karimda:
“Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur”, deya ta’kidlangan. (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Bu galgi uchrashuvlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri Bulung‘ur tumani FHDYO bo‘limidagi suhbat davomida kollej talabalari tomonidan qaynona kelin munosabatlariga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etilganini alohida ta’kidlash lozim.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov