6 dekabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Buxoroning qadimiy me’moriy obidalari bilan tanishgani haqida ma’lum qilindi.
Xabarga ko‘ra, Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani boshchiligidagi delegatsiya a’zolari kunning ikkinchi yarmida Buxoro shahrining tarixiy markaziga tashrif buyurgan.
Mehmonlar ko‘hna Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi tarkibiga kiruvchi Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi hamda shaharning boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Majmuadagi 10 ming kishiga mo‘ljallangan Masjidi Kalon tarixiy obidasi, uning tarixi, binoning me’moriy ulug‘vorligi, ibodat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar Afg‘oniston Prezidentini lol qoldirib, delegatsiya a’zolarida katta taassurot uyg‘otgan.
Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolari Kogon tumani hududida joylashgan buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida bo‘lib, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Shuning bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetgani aytib o‘tilgan.
Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati