Qur’oni karimning o‘ziga xos tavsifini qilishga insonning tili ham, qalami ham ojiz. Bu ulug‘ kitobning eng oliy vasfi uni nozil qilgan Zot Alloh taoloning kitobida kelgan oyati karimalaridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur», (Isro surasi, 9-oyat).
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, dedilar.
Amr ibn Oss aytadilar: “Qur’ondagi har bir oyat jannatda bir daraja va xonadoningizda chiroq bo‘ladi”.
Yana: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvatni ko‘ksiga joylabdi, faqatgina unga vahiy qilinmagan”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Qur’on tilovat qilingan xonadon ahli uchun kengayadi, xayriyatlar ko‘payib, farishtalar u yerda hozir bo‘ladilar va shaytonlar u yerdan chiqib ketadilar. Allohning kitobi tilovat qilinmaydigan xonadon esa ahli uchun tor, xayriyatlari kam, farishtalar undan chiqib ketib, shaytonlar esa hozir bo‘ladigan makonga aylanadi”.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana yoziladi. O‘sha hasana o‘n barobar ziyoda qilinadi. Men: “Alif lam miym”ni bir harf demayman, balki “alif” bir harf, “lam” bir harf va “miym”bir harfdir”, deganlar.
Ushbu hadisga ko‘ra, Alloh taolo Qur’oni karimni tajvid qoidalariga amal qilib tilovat qiluvchi qoriga har bir harfni o‘qigani uchun o‘nta savob va yaxshilik ato qiladi.
Bu yerda Allohning kitobini tilovat qilish fazilatli amallardan bo‘lishi aytilmoqda. Alloh taolo bandalariga O‘z kitobini o‘qish orqali ko‘p ajr va mukofatlarga erishish imkonyatini bergan. Bu imkonyatdan har birimiz unumli foydalanishimiz kerak. Buning uchun Qu’oni karimni o‘qish qoidalari hisoblanmish tajvid ilmidan dars qilish va uni puxta o‘zlashtirib olish kerak.
Qur’oni karimning har bir harfini o‘qish orqali o‘nta savob olish uchun Kalomullohni tajvid qoidalariga muvofiq xolda qiroat qilish talab etiladi. Qur’on ma’nolarining boshqa tillarga qilingan tarjimalarini o‘qish ham savobli ish, lekin hadisda kelgan va’dalar aynan tajvid ilmi talablariga muvofiq xolda, sof arab tilida tilovat qilgan kishilargagina tegishlidir.
Qatoda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan, u zot Abu Muso Ash’ariydan roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qur’oni o‘quvchi mo‘min utrujja (mandarin)ga o‘xshaydi. Uning hidi ham, ta’mi ham yaxshi. Qur’on o‘qimagan mo‘min esa, xurmo kabidir, uning mazasi yaxshi, ammo hidi yo‘q. Qur’on o‘quvchi fojirning misoli rayhonga o‘xshaydi, uning hidi yaxshi, ta’mi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan fojirning misoli hanzalaga o‘xshaydi, mazasi ham achchiq, hidi ham yo‘q”.
Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilarki: “Qur’onni ichida o‘quvchi sirli holda sadaqa qiluvchi kabidir, ovoz chiqarib o‘quvchi sadaqani oshkor beruvchi kabidir”. Demak, jaxr bilan qiroat qilishlik juda yaxshi, ammo maxfiy o‘qish undan afzaldir.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir. Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”, deganlar.
Ushbu rivoyatda Qur’oni karimni tshliq yodlab, uni biron qiyinchiliksiz o‘qiy oladigan, Qur’on qiroatiga mohir qori Allohning ulug‘ farishtalari bilan bir maqomda ekani aytilmoqda.
“Qur’onni mahorat bilan qiroat qilish” deganda, uni to‘liq yodlash, muttasil o‘qib turish, unga muhabbat qo‘yish va e’tiborli bo‘lish tushuniladi. Qur’onni to‘liq yod olmagan bo‘lsada, uni boshidan oxirigacha mahorat bilan biron xato va kamchiliksiz o‘qiydigan qorilar rivoyatiga va’da qilingan fazilatga erishadilar, inshaalloh!
Ulamolar: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir” hadisini ikki xil ta’vil qiladilar:
“Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”. Rivoyatning davomida aytilishicha, Qur’onni qiynalib o‘qiydigan qori ikki marta ko‘proq ajr oladi. U Qur’onni o‘qigani va qiroatda mashaqqat chekkani sabab savobga erishadi. Qoziy va boshqalar: “Bu hadis tili qiynalib tilovat qiladigan banda Qur’onni mahorat bilan o‘qiydigan qoridan ko‘ra afzalligini anglatmaydi, balki mohir qori afzal va unga ko‘proq savob beriladi. Sababi ular farishtalar bilan bir maqomdadir”, deyishgan.
Aslida Qur’oni karim tillarga oson qilib qo‘yilgan. Ammo ba’zi hollarda ma’lum jumla yoki so‘zlar talaffuzi tilga og‘irlik qilishi mumkin. Ana shunday hollarda mazkur rivoyat yodga olinsa, bu yo‘lda chekilgan har bir mashaqqat cheksiz rohatga, har bir qiyinchilik behisob savobga aylanadi.
Ibn Mas’ud Ansoriy Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alyhu vasallam bunday deganlar: “Qavmga ular ichida Alloh taoloning kitobini yaxshi o‘qiydigan kishi imomlikka o‘tadi”.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Umar roziyallohu anhuning majlisidagi as'hoblari va maslahatgo‘ylari yoshi ulug‘ keksa va yosh qorilardan iborat edi”.
Imom Navaviy aytadi: “Ulamolarning fikricha, Qur’on tilovati tasbeh, tahlil va shu kabi boshqa zikrlardan afzaldir”.
Abdulloh PARPIYEV
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.