Qur’oni karimning o‘ziga xos tavsifini qilishga insonning tili ham, qalami ham ojiz. Bu ulug‘ kitobning eng oliy vasfi uni nozil qilgan Zot Alloh taoloning kitobida kelgan oyati karimalaridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur», (Isro surasi, 9-oyat).
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, dedilar.
Amr ibn Oss aytadilar: “Qur’ondagi har bir oyat jannatda bir daraja va xonadoningizda chiroq bo‘ladi”.
Yana: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvatni ko‘ksiga joylabdi, faqatgina unga vahiy qilinmagan”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Qur’on tilovat qilingan xonadon ahli uchun kengayadi, xayriyatlar ko‘payib, farishtalar u yerda hozir bo‘ladilar va shaytonlar u yerdan chiqib ketadilar. Allohning kitobi tilovat qilinmaydigan xonadon esa ahli uchun tor, xayriyatlari kam, farishtalar undan chiqib ketib, shaytonlar esa hozir bo‘ladigan makonga aylanadi”.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana yoziladi. O‘sha hasana o‘n barobar ziyoda qilinadi. Men: “Alif lam miym”ni bir harf demayman, balki “alif” bir harf, “lam” bir harf va “miym”bir harfdir”, deganlar.
Ushbu hadisga ko‘ra, Alloh taolo Qur’oni karimni tajvid qoidalariga amal qilib tilovat qiluvchi qoriga har bir harfni o‘qigani uchun o‘nta savob va yaxshilik ato qiladi.
Bu yerda Allohning kitobini tilovat qilish fazilatli amallardan bo‘lishi aytilmoqda. Alloh taolo bandalariga O‘z kitobini o‘qish orqali ko‘p ajr va mukofatlarga erishish imkonyatini bergan. Bu imkonyatdan har birimiz unumli foydalanishimiz kerak. Buning uchun Qu’oni karimni o‘qish qoidalari hisoblanmish tajvid ilmidan dars qilish va uni puxta o‘zlashtirib olish kerak.
Qur’oni karimning har bir harfini o‘qish orqali o‘nta savob olish uchun Kalomullohni tajvid qoidalariga muvofiq xolda qiroat qilish talab etiladi. Qur’on ma’nolarining boshqa tillarga qilingan tarjimalarini o‘qish ham savobli ish, lekin hadisda kelgan va’dalar aynan tajvid ilmi talablariga muvofiq xolda, sof arab tilida tilovat qilgan kishilargagina tegishlidir.
Qatoda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan, u zot Abu Muso Ash’ariydan roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qur’oni o‘quvchi mo‘min utrujja (mandarin)ga o‘xshaydi. Uning hidi ham, ta’mi ham yaxshi. Qur’on o‘qimagan mo‘min esa, xurmo kabidir, uning mazasi yaxshi, ammo hidi yo‘q. Qur’on o‘quvchi fojirning misoli rayhonga o‘xshaydi, uning hidi yaxshi, ta’mi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan fojirning misoli hanzalaga o‘xshaydi, mazasi ham achchiq, hidi ham yo‘q”.
Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilarki: “Qur’onni ichida o‘quvchi sirli holda sadaqa qiluvchi kabidir, ovoz chiqarib o‘quvchi sadaqani oshkor beruvchi kabidir”. Demak, jaxr bilan qiroat qilishlik juda yaxshi, ammo maxfiy o‘qish undan afzaldir.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir. Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”, deganlar.
Ushbu rivoyatda Qur’oni karimni tshliq yodlab, uni biron qiyinchiliksiz o‘qiy oladigan, Qur’on qiroatiga mohir qori Allohning ulug‘ farishtalari bilan bir maqomda ekani aytilmoqda.
“Qur’onni mahorat bilan qiroat qilish” deganda, uni to‘liq yodlash, muttasil o‘qib turish, unga muhabbat qo‘yish va e’tiborli bo‘lish tushuniladi. Qur’onni to‘liq yod olmagan bo‘lsada, uni boshidan oxirigacha mahorat bilan biron xato va kamchiliksiz o‘qiydigan qorilar rivoyatiga va’da qilingan fazilatga erishadilar, inshaalloh!
Ulamolar: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir” hadisini ikki xil ta’vil qiladilar:
“Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”. Rivoyatning davomida aytilishicha, Qur’onni qiynalib o‘qiydigan qori ikki marta ko‘proq ajr oladi. U Qur’onni o‘qigani va qiroatda mashaqqat chekkani sabab savobga erishadi. Qoziy va boshqalar: “Bu hadis tili qiynalib tilovat qiladigan banda Qur’onni mahorat bilan o‘qiydigan qoridan ko‘ra afzalligini anglatmaydi, balki mohir qori afzal va unga ko‘proq savob beriladi. Sababi ular farishtalar bilan bir maqomdadir”, deyishgan.
Aslida Qur’oni karim tillarga oson qilib qo‘yilgan. Ammo ba’zi hollarda ma’lum jumla yoki so‘zlar talaffuzi tilga og‘irlik qilishi mumkin. Ana shunday hollarda mazkur rivoyat yodga olinsa, bu yo‘lda chekilgan har bir mashaqqat cheksiz rohatga, har bir qiyinchilik behisob savobga aylanadi.
Ibn Mas’ud Ansoriy Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alyhu vasallam bunday deganlar: “Qavmga ular ichida Alloh taoloning kitobini yaxshi o‘qiydigan kishi imomlikka o‘tadi”.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Umar roziyallohu anhuning majlisidagi as'hoblari va maslahatgo‘ylari yoshi ulug‘ keksa va yosh qorilardan iborat edi”.
Imom Navaviy aytadi: “Ulamolarning fikricha, Qur’on tilovati tasbeh, tahlil va shu kabi boshqa zikrlardan afzaldir”.
Abdulloh PARPIYEV
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Shari’ati islomiyada muqarrarki, inson bajaradigan har qanday amal Alloh subhanahu va taolo huzurida maqbul bo‘lishi uchun ikkita shart topilishi lozim:
Birinchisi, amal Alloh uchun xolis bo‘lmog‘i zarur, u bilan riyo va sum’a, shuningdek, biron dunyoviy manfaat ko‘zlangan bo‘lmasligi lozim. Alloh taolo aytadi: “Kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin!” (Kahf, 110).
Ikkinchisi, amal to‘g‘ri bo‘lishi ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq bo‘lishi lozim. Agar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yo‘llariga xilof bo‘lsa maqbul bo‘lmaydi.
Hamma davrlarda ham ayrim odamlar tushunib olishi qiyin bo‘lgan masalalardan biri – tavassul (vosita qilish) masalasidir. Shu bois ko‘pchilik tavassulning ta’qiqlangan va bid’at bo‘lgan hamda Islom asoslariga va Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hidoyatlariga zid bo‘lgan turlariga aralashib qolib, ularning amallari qabul bo‘lishidagi shartlarning ikkinchisidan mahrum bo‘ladi.
Vasila – duoning maqbul bo‘lish darajasini ko‘tarish maqsadida qilinadi. Bu ish Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, joiz amal hisoblanadi.
Vasila so‘zi lug‘atda “U bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa” ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, “Duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish “vasila” deb ataladi”.
Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning ism va sifatlari, Payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek, yaxshi amallarni vosita qilib Alloh taologa duo qilish – vasila deyiladi.
Vasilaning mohiyati o‘zi nima? Mohiyati shundaki, banda Robbisidan so‘rayotgan narsasiga Robbisiga suyukli, uning huzurida qadrli bo‘lgan biror narsa yoki solih kishilardan birini vosita qilish orqali erishmog‘idir.
Hozirgi kunda ba’zi insonlar bilimsizlik tufayli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam yoki solih insonlarni duolariga vasila qilganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg‘a qilmoqdalar.
Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib bunday deydi: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz” (Moida surasi, 35-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida ushbu oyat haqida vasila Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab bo‘lishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, deganlar.
Hofiz Imomuddin ibn Kasir rahmatullohi alayh oyatdagi: “Unga vasila axtaringiz”, degan so‘zining tafsirida quyidagilarni yozgan: “Vasila u bilan maqsadni hosil qilishga erishiladigan narsadir”.
Murshidul olam Shayx Xoja G‘ulom Habib ma’ruzalarining birida ushbu oyat haqida quyidagilarni aytgan edi: “Osmondan yomg‘irni kim tushiradi? Yomg‘irni osmondan Alloh tushiradi, lekin bulut vasila bo‘ladi. Go‘daklarga kim rizq beradi? Go‘daklarga Alloh rizq beradi, lekin ota-ona vasila bo‘ladi. Qabrlarga nurlarni kim tashlaydi? Qabrlarga nurlarni Alloh tashlaydi, lekin shayx vasila bo‘ladi. Alloh taolo bandalariga: “Unga vasila axtaringiz”, degan.
Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, dedi. “Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir”, dedilar. “Duo qiling”, – dedi.
Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Robbimga sizni vosita qilib yuzlandim. Allohim! U Zotning men haqimdagi shafoatini qabul qil!” Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vosita qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Shunga binoan insonlar duolarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘rtaga qo‘yib istaklarini so‘rashlari mana shu hadisga muvofiq bo‘ladi.
Afsuski, bugungi kunda aynan Rasululloh alayhissalomni ravzalarida turib u zot sollallohu alayhi va sallamni vasila qilishni ham bida’t va kufr deydiganlar ham bor.
Mana vasilaning dalillarini naqliy va aqliy jihatdan o‘rganib oldik. Endi uning turlari, joiz va nojoiz o‘rinlarini bilib olamiz.
Ahli sunnaning to‘rt mazhab ulamolari tomonidan vasila qilishning joiz ekani, uning turlari hamda mumkin bo‘lmagan tavassul masalasini keng yoritib berganlar. Unga ko‘ra vasilaning beshta turi bo‘lib, ulardan to‘rttasining joiz ekanida biror ixtilof yo‘qdir:
Zamon. Arofat kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning o‘n kuni, har kechaning oxirgi qismi va hakozo vasila qilinadigan ma’lum bir vaqtlar bo‘lib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Yo Allohim, Ramazon oyini vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
Makon. Ka’ba, Rasullulloh sollallohu alayhi va sallamning ravzalari, Masjidul Aqso va hokazo kabi vasila qilinadigan ma’lum bir makonlar bo‘lib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ka’bani vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
Hol. Ya’ni vasila qilinadigan ma’lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay chorasiz qolgan kishi o‘zining nochor holatini vasila qilib so‘rashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul bo‘lishi Qur’oni karimda bayon qilingan: “Yoki noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (undan) yomonlik (musibatni) yo‘q qiladigan hamda sizlarni Yerning o‘rinbosarlari qiladigan zot (yaxshi)mi?! Alloh bilan birga (yana birov) iloh bormi?! (Nasihatdan) kamdan-kam eslatma olursiz” (Naml surasi 62-oyat).
Oyatning “noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan…” jumlasida Alloh taolo muztar bo‘lgan insonning duosini qabul qilishini eslatmoqda. Zero, suyanadigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa iltijo qilishga o‘tish barcha insonlarning tabiatida bor bo‘lgan xususiyatdir.
Amallar. Ya’ni vasila qilinadigan ma’lum bir amallar bor. Masalan, namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur’on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, mo‘minlarning duolarini olib, Alloh taoloning go‘zal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin:
Vasilaning yuqoridagi to‘rtta turining joizligida ixtilof yo‘q. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan.
Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Ya’ni ma’lum shaxslarni vasila qilish mumkin. Ammo bunday vasila qilish mumkin emas deganlar ham bo‘lgan. Vasilaning shu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:
Mu’tazila va xavorij firqalari har qanday shaxsni vasila qilishni inkor qilishgan. O‘zlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam so‘rash bayon qilingan: “Va faqat Sendangina yordam so‘raymiz”.
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday xabar berganlar: “Agar so‘rasang, Allohdan so‘ra, agar yordam so‘rasang, Allohdan yordam so‘ragin” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ahli sunnaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joizdir, vasila qilish uchun u zotning tirik bo‘lishi shart emas, deganlar. Shuningdek, yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha radiyalar qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, shar’an joiz bo‘lgan vosila – “Yo Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning Seni huzuringdagi hurmati ila so‘rayman” shaklida bo‘ladi. Vallohu a’lam.
Zoirjon JURABOEV,
Toshkent islom instituti talabasi.