Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Qur’on – hidoyat manbai

06.12.2017   6346   6 min.
Qur’on – hidoyat manbai

Qur’oni karimning o‘ziga xos tavsifini qilishga insonning tili ham, qalami ham ojiz. Bu ulug‘ kitobning eng oliy vasfi uni nozil qilgan Zot Alloh taoloning kitobida kelgan oyati karimalaridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur», (Isro surasi, 9-oyat).

  Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.    Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, dedilar.

Amr ibn Oss aytadilar: “Qur’ondagi har bir oyat jannatda bir daraja va xonadoningizda chiroq bo‘ladi”.

    Yana: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvatni ko‘ksiga joylabdi, faqatgina unga vahiy qilinmagan”, deganlar.

    Abu Hurayra roziyallohu anhu  aytadilar: “Qur’on tilovat qilingan xonadon ahli uchun kengayadi, xayriyatlar ko‘payib, farishtalar u yerda hozir bo‘ladilar va shaytonlar u yerdan chiqib ketadilar. Allohning kitobi tilovat qilinmaydigan xonadon esa ahli uchun tor, xayriyatlari kam, farishtalar undan chiqib ketib, shaytonlar esa hozir bo‘ladigan makonga aylanadi”.

    Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana yoziladi. O‘sha hasana o‘n barobar ziyoda qilinadi. Men: “Alif lam miym”ni bir harf demayman, balki “alif” bir harf, “lam” bir harf va “miym”bir harfdir”, deganlar.

  Ushbu hadisga ko‘ra, Alloh taolo Qur’oni karimni tajvid qoidalariga amal qilib tilovat qiluvchi qoriga har bir harfni o‘qigani uchun o‘nta savob va yaxshilik ato qiladi.

  Bu yerda Allohning kitobini tilovat qilish fazilatli amallardan bo‘lishi aytilmoqda. Alloh taolo bandalariga O‘z kitobini o‘qish orqali ko‘p ajr va mukofatlarga erishish imkonyatini bergan. Bu imkonyatdan har birimiz unumli foydalanishimiz kerak. Buning uchun Qu’oni karimni o‘qish qoidalari hisoblanmish tajvid ilmidan dars qilish va uni puxta o‘zlashtirib olish kerak.

  Qur’oni karimning har bir harfini o‘qish orqali o‘nta savob olish uchun Kalomullohni tajvid qoidalariga muvofiq xolda qiroat qilish talab etiladi. Qur’on ma’nolarining boshqa tillarga qilingan tarjimalarini o‘qish ham savobli ish, lekin hadisda kelgan va’dalar aynan tajvid ilmi talablariga muvofiq xolda, sof arab tilida tilovat qilgan kishilargagina tegishlidir.

  Qatoda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan, u zot Abu Muso Ash’ariydan roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qur’oni o‘quvchi mo‘min utrujja (mandarin)ga o‘xshaydi. Uning hidi ham, ta’mi ham yaxshi. Qur’on o‘qimagan mo‘min esa, xurmo kabidir, uning mazasi yaxshi, ammo hidi yo‘q. Qur’on o‘quvchi fojirning misoli rayhonga o‘xshaydi, uning hidi yaxshi, ta’mi achchiq. Qur’on o‘qimaydigan fojirning misoli hanzalaga o‘xshaydi, mazasi ham achchiq, hidi ham yo‘q”.

  Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilarki: “Qur’onni ichida o‘quvchi sirli holda sadaqa qiluvchi kabidir, ovoz chiqarib o‘quvchi sadaqani oshkor beruvchi kabidir”. Demak, jaxr bilan qiroat qilishlik juda yaxshi, ammo maxfiy o‘qish undan afzaldir.

     Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir. Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”, deganlar.

 Ushbu rivoyatda  Qur’oni  karimni tshliq yodlab, uni biron qiyinchiliksiz  o‘qiy  oladigan, Qur’on  qiroatiga  mohir  qori Allohning ulug‘ farishtalari bilan bir maqomda ekani aytilmoqda.

“Qur’onni mahorat bilan qiroat qilish” deganda, uni to‘liq yodlash, muttasil o‘qib turish, unga muhabbat qo‘yish va e’tiborli bo‘lish tushuniladi. Qur’onni to‘liq yod olmagan bo‘lsada, uni boshidan oxirigacha mahorat bilan biron xato va kamchiliksiz o‘qiydigan qorilar rivoyatiga va’da qilingan fazilatga erishadilar, inshaalloh!

Ulamolar: “Qur’onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori elchi, yozuvchi va farishtalar bilan bir maqomdadir” hadisini ikki xil ta’vil qiladilar:

  1. Bunday bandalarga oxiratda farishtalar maqomi beriladi;
  2. Bunday bandalar farishtalarning amalini qilgan va ularning yo‘lidan borgan bo‘ladilar.

“Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko‘p ajr bo‘ladi”. Rivoyatning davomida aytilishicha, Qur’onni qiynalib o‘qiydigan qori ikki marta ko‘proq ajr oladi. U Qur’onni o‘qigani va qiroatda mashaqqat chekkani sabab savobga erishadi. Qoziy va boshqalar: “Bu hadis tili qiynalib tilovat qiladigan banda Qur’onni mahorat bilan o‘qiydigan qoridan ko‘ra afzalligini anglatmaydi, balki mohir qori afzal va unga ko‘proq savob beriladi. Sababi ular farishtalar bilan bir maqomdadir”, deyishgan.

 Aslida Qur’oni karim tillarga oson qilib qo‘yilgan. Ammo ba’zi hollarda ma’lum jumla yoki so‘zlar talaffuzi tilga og‘irlik qilishi mumkin. Ana shunday  hollarda mazkur rivoyat yodga olinsa, bu yo‘lda chekilgan har bir mashaqqat cheksiz rohatga, har bir qiyinchilik behisob savobga aylanadi.

 Ibn Mas’ud Ansoriy Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alyhu vasallam bunday deganlar: “Qavmga ular ichida Alloh taoloning kitobini yaxshi o‘qiydigan kishi imomlikka o‘tadi”.

 Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Umar roziyallohu anhuning  majlisidagi as'hoblari va maslahatgo‘ylari yoshi ulug‘ keksa va yosh qorilardan iborat edi”.

Imom Navaviy aytadi: “Ulamolarning fikricha, Qur’on tilovati tasbeh, tahlil va shu kabi boshqa zikrlardan afzaldir”.

Abdulloh PARPIYEV

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir

18.04.2025   3271   3 min.
Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir

Shu yil 16-17 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon Kadirovlar Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida bo‘lishdi. 

Tashrif avvalida Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov va  viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar hamrohligida Shahrisabz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga borib, zaruriy mahsulotlar xayriyalar qilindi. 

Shuningdek, Kitob tumanidagi “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ma’ruza qilib, yoshlikda ilm olishning fazilati, ilm nafaqat taraqqiyot, balki ma’naviy kamolotning ham asosi ekanligi borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi. 

Shundan so‘ng Shahrisabz shahridagi “Sirojiddinxon Burhoniddinxon o‘g‘li” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Qashqadaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Shahrisabz shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va mahalla raislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shuningdek, Shahrisabz shahridagi muammoli xonadonlarga kirib, ulardan hol-ahvol so‘radilar. Yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar va  ijtimoiy himoyaga muhtojlar bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar qilindi. Kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Muammolari o‘rganilib, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi. Umumiy hisobda 150 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borildi. 

Nogironligi bo‘lgan va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.

Qashqadaryo viloyatining shahar va tuman bosh imom-xatiblari Shahrisabz shahridagi masjidlarda peshin namozini ado qilib,  yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar”, “Inson qadri ulug‘”, “Internetdagi xatarlardan ogoh bo‘laylik”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik”, “Tinchlik oliy ne’mat”, “Shukronalik fazilati”, “Masjidlarni obod qilish”, “Islom - bag‘rikenglik dini”, “Farzand tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz”, “Yoshlar - kelajagimiz”, “Husni xulq”, “Qo‘ni-qo‘shnichilik odoblari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilishdi. 

Tadbirlar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Shahrisabz shahridagi barcha masjidlar hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar. Zero, Islom dinida ham daraxt ekib bog‘ yaratish savobli amallardan hisoblanadi.  Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan ko‘chat ekishga targ‘ib qila turib shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati). 

Albatta, bu kabi tadbirlar  yurtimizda ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir Mehr-muruvvat va iliq taassurotlarga boy tadbir
O'zbekiston yangiliklari