Joriy yilning 6 dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ularni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan himoyalash hamda diniy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Bobomurod Rustamov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan kattadan-katta islohotlar, bunyodkorlik ishlari va diniy sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tinchlikka raxna soluvchi yot g‘oyalarni ilgari surayotgan terrorchi tashkilotlarning faoliyatlarii haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ma’lumki, islom dini hamisha insonlarni poklikka, ezgulikka, yaxshilik qilishga chaqiradi. Zulm‑zo‘rlik, tajovuzkorlik, buzg‘unchilik kabi salbiy illatlar islom diniga mutlaqo yot bo‘lgan tushunchalardir. Ammo, afsuski, islom dinidan, umuman, dindan ba’zi insonlar ma’naviy takomilida emas, balki o‘z manfaatlari, maqsadlari yo‘lida foydalanayotganligi achinarli holdir. Eng yomoni, yangicha ko‘rinishdagi din niqobi ostida yuzaga kelayotgan turli guruh va tashkilotlar tomonidan ko‘plab xunrezliklarning amalga oshirilishi hamda bu muammo dunyo miqyosida siyosiy ko‘rinish tusini olayotganligi tinch davlatlarni tashvishlantirmay qolmayapti. Bu o‘rinda, insonlarni ma’naviy yetuklikka boshlovchi islom dinining ezgu g‘oyalari manfur kimsalarning quroliga aylanayotganligini ko‘rish mumkin. Shunday ekan, ongu tafakkuri hali shakllanib ulgurmagan yoshlarni bunday zararli, buzg‘unchi g‘oyalardan faqatgina ma’rifat orqaligina himoyalashimiz lozim. Bu borada, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “… muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda”, deb bejiz ta’kidlamagan edi. Tadbir davomida ana shu masalalar borasida talaba yoshlarga atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, O‘zbekisto Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor Muzaffar Komilov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlandi.
Musulmon donishmandlari kengashi bilan aloqalarni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Musulmon donishmandlari kengashi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahrida qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyati doirasida samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda butun dunyo musulmonlari uchun ahillik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli xavf-xatarlardan asrash masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda tomonlar keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.