Alloh taolo inson zotini juft qilib yaratdi va ulardan nasl tarqalishi va ko‘payishini iroda qildi. Qur’oni karimning Nahl surasida shunday deyiladi: "Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi " (72-oyat).
Inson zotining erkak va ayol qilib yaratilishining hikmati shundaki, u halol yo‘l bilan nikoh orqali oila qurishi, o‘zidan farzand va nabiralar qoldirib, naslining davom etishini ta’minlashi kerak. Alloh taoloning O‘z bandasiga farzand berishi ulkan ne’matdir. Shuningdek, jigargo‘shasining farzand ko‘rishi, ya’ni nabirali bo‘lish ham inson uchun ulkan ne’mat hisoblanadi. Shu tariqa yer yuzida inson nasli saqlanib, davom etib boradi.
Erkak bilan ayolning halol yo‘l bilan bir oila bo‘lib yashashining samaralaridan biri farzanddir. Islomda farzandlarning haq-huquqlariga qat’iy rioya qilingan bo‘lib, bular ota-ona yoki yaqin qarindoshlar, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgan. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilish majburiydir.
Ulamolar farzandlarning haq-huquqlarini ikki qismga bo‘lgan:
Dinimizda “farzand haqlari hali u tug‘ilmasidan oldin boshlanadi” degan qoida bor. Avvalo, ota o‘zining bo‘lg‘usi farzandlariga soliha, diyonatli va ularning huquqlariga rioya qiladigan omonatdor onani, ona ham farzandlariga ularning ta’lim-tarbiyasi va yaxshi insonlar bo‘lib voyaga yetishiga ahamiyat qiladigan solih otani tanlashi kerak.
Er-xotinning Alloh taolodan solih farzand tilab, duoda bo‘lishi ham homila vujudga kelguncha bo‘lgan haqlarning ikkinchisidir. Bu ish payg‘ambarlardan sunnat bo‘lib qolgan. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
"O‘sha joyda Zakariyo Rabbiga iltijo qilib, dedi: «Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan" (Oli Imron surasi, 38-oyat).
Endi farzand homila holiga kelganida uning qanday haqlari borligini ko‘rib chiqaylik:
Birinchidan, Alloh taolodan solih farzand tilab, duoda bo‘lishni davom ettirish tavsiya qilinadi. Alloh taolo lutfi karam ko‘rsatib, ona yukli bo‘lgandan keyin ham ota-onasi uning solih farzand bo‘lishi haqidagi duolarini davom ettirishi zarur. Zotan, bu ish Odam alayhissalom va momo Havvodan meros bo‘lib qolgan.
Ikkinchidan, homilaning jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarsiz, yaxshi rivojlanib borishini ta’minlash zarur. Homila har taraflama yaxshi o‘sib borishi uchun uning onasini jismoniy va ruhiy jihatdan toliqtirib qo‘ymaslikka shariatda katta e’tibor berilgan. Bu e’tibor shu darajaga yetganki, hatto Alloh farz qilgan va Islomning ruknlaridan biri bo‘lgan ro‘zani homilador ayollar tutmasdan, keyin qazosini tutib berishi joizligi shariatga kiritilgan. Chunki homilador ayol ro‘za tutsa, uning toliqishi orqali homilasining ham toliqishi bor. Shuning uchun homilani toliqtirmaslik maqsadida uning onasiga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan.
Anas ibn Molik Ka’biydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:“Alloh musofirdan ro‘zani va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan ro‘zani kechdi”.
Farzandini solih, axloqli, odobli, taqvodor inson qilib tarbiyalash ota-onaning birinchi galdagi vazifalaridandir. Islomda bola tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchi ekani aytilgan. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota-onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi Zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi.
Tarbiyaning birinchi qismi bolaga odob o‘rgatishdir. Avvalo tarbiya va odob masalasida ota-onaning o‘zi bolalarga yaxshi namuna bo‘lishi kerak.
Sa’d ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota o‘z farzandiga yaxshi odobdan ko‘ra afzalroq narsa hadya qila olmaydi”, deganlar” (Termiziy rivoyati).
Bola yoshligidan go‘zal xulq, chiroyli tarbiya bilan sayqallab borilsa, uning toza va murg‘ak qalbi barcha yaxshi narsalarni osonlikcha qabul qiladi. Uning savobiga ota-onasi va murabbiysi sherik bo‘ladi. Agar yomonlikka o‘rgatilsa, yomon bo‘lib o‘sadi. Uning gunohiga ota-onasi va murabbiysi sherik bo‘ladi. Valiy uni saqlashi, ta’lim-tarbiya berishi lozim. Unga yaxshi axloqlarni o‘rgatsin, uni yomon bolalardan himoyalasin, o‘tkinchi lazzatlarga qiziqishga odatlantirmasin, uni zebu ziynatga ruju qo‘yishga qiziqtirmasin. Toki katta bo‘lganda zebu ziynat ortidan yurib, umrini zoye qilmasin.
Tarbiyaning ikkinchi qismi bolaga ta’lim berish, ilm o‘rgatishdir. Ilm esa bir narsani voqelikda qanday bo‘lsa, ishonch bilan o‘shanday idrok qilishdir. Ilm o‘rganish esa har bir musulmon uchun farzdir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar” (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
Kerakli bo‘lgan hunar va ilmlarni talab qilish esa farzi kifoyadir.
Tarbiyaning uchinchi qismi bolaga jismoniy tarbiya berishdir. Shuning uchun bu ishga mas’ul bo‘lgan har bir kishi farzand tarbiyasiga o‘ta e’tibor va ahamiyat bilan yondashishi, bu yo‘lda befarqlik va loqaydlik kabi illatlardan chetlanishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, farzandlarimiz vatanimiz, millatimiz, dinimiz uchun xizmat qiladigan insonlar bo‘lib yetishi uchun biz ota-onalar bor kuch-g‘ayratimiz bilan harakat qilmog‘imiz lozim ekan. Bu bilan ham ota-onalik ham Yaratganni oldidagi bandalik vazifamizni to‘liq ado etgan bo‘lamiz.
Abdulaziz BOBOMIRZAYEV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri.