Tijorat bilan shug‘ullanish kasblarning afzalidir, chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham ushbu kasb sohibi bo‘lganlar, bu kasbda baraka bor. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam): “Tijorat bilan shug‘ullaninglar, chunki rizqning 10 eshigidan 9 tasi tijoratdadir”, deganlar (Said ibn Mansur rivoyati).
Savdo bilan shug‘ullanadigan har bir musulmon shariatda ko‘rsatilgan sifatlar bilan xulqlanishi lozim. Shunda uning savdosida baraka bo‘ladi. Savdogar tijorat qilish bilan Alloh taoloning roziligi va oilasining ehtiyojlarini halol yo‘l bilan qondirishni niyat qilishi, qarzdorlarning qarzini uzish, miskinlarning hojatini chiqarishda peshqadam bo‘lishga harakat qilishi lozim. Tijoratchi qo‘lidagi barcha narsalarni Allohning mulki, o‘zini esa, molni haqdorlariga yetkazuvchi banda deb bilishi kerak. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar. Zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag‘firatli va o‘ta shukr qiluvchidir” (Fotir, 29-30).
Savdogar o‘z tijoratini rizq beruvchi deb o‘ylab qolmay, “Rizq beruvchi yolg‘iz Alloh taolo”, degan e’tiqodda bo‘lishi lozim. Yomg‘ir yog‘ayotganda, chelak qo‘yib suv to‘plandi. Mazkur holatda chelak suvni paydo qiluvchi emas, balki uni to‘planishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, kasb-hunar ham bandaning rizqlanishi va nasibasini yig‘ishga sabab bo‘ladi.
Zakiy Usmoniy o‘zining boshidan o‘tkazgan bir voqeani hikoya qilib shunday deydi: “Mening kitob do‘konim bor edi. Bir kuni qattiq jala quydi. Bu havoda do‘konga bormasammikin, bunaqa sharoitda odamlar ko‘chaga chiqmaydi, savdo ham bo‘lmasa kerak, deb o‘ylab qoldim. Keyin birdan xayolimga “Rizq omillarini bajarish bandaning vazifasi. Rizq berish esa Allohga xos”, degan fikr keldi. “Rizq talabida do‘konni ochib turishim kerak, savdoning yurishishi Allohning ixtiyorida”, deb uydan chiqdim. Borib, do‘kon eshiklarini ochib, peshtaxtalarni osib qo‘yib, Qur’on tilovatiga kirishdim. Biroz vaqt o‘tib, odamlar asta-sekin savdo qilish uchun do‘konga kira boshladilar. Allohga shukrlar bo‘lsin, boshqa kundagi savdolardan qolishmaydigan savdo va foyda ham shunga yarasha bo‘ldi”.
Savdogar tijorat ilmini bilishi farzdir. Toki tijorat ilmini bilmasdan noshariy yo‘l bilan savdo qilmasin. Bu haqida Hazrat Umar (roziyallohu anhu): “Bizning bozorda savdo qilish ilmini bilganlar savdo qilsin! Aks holda riboga qo‘l urib qo‘yadi”, degan.
Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollollohu alayhi va sallam) aytdilar: “Sudxo‘rlik 73 xil bo‘ladi. Ribo turlarining eng kichigining gunohi, kishi o‘z onasi bilan zino qilgan bilan barobardir” (Imom Hokim rivoyati).
Hakimlardan biri bunday deydi: “Savdogar tilini yolg‘on, fahsh so‘zlar va qasam ichishdan saqlasin. Qalbini ko‘z bo‘yamachilik, xiyonat va hasaddan poklasin. Namozlarni jamoat bilan ado qilib, ilm talab qilish uchun vaqt ajratsin va Alloh taolo roziligini har narsadan ustun qo‘ysin. Kim mazkur ishlarni bajarmasa, ikki dunyoda kambag‘al bo‘lib qoladi”.
Savdogar harom va shubhali narsalardan saqlanishi lozim. Halol yo‘l bilan mol topishi va Alloh rizoligi uchun sarf qilishi kerak. Shuningdek, luqmasi ham halol bo‘lishi zarur. Chunki bunga Alloh taolo buyuradi: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 168).
Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi va sallam): “Kim harom mol topib, undan sadaqa qilsa, qabul qilinmas. Harom moldan biror narsaga sarf qilsa, unga baraka berilmas. Halol bo‘lmagan mol meros qoldirilsa, do‘zaxga kirishiga sabab bo‘luvchi ozuqa bo‘ladi. Alloh taolo gunohni yomonlik (gunoh) bilan ketkazmaydi. Balki yomonlikni yaxshilik bilan ketkazadi…”, dedilar" (Imom Ahmad rivoyati).
Hoshim Avqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan eshitdim, u kishi bunday derdi: “Kim biror kiyimni o‘n dirhamga xarid qilgan bo‘lsayu, undan bir dirhami haromdan topilgan bo‘lsa, uni kiyib o‘qigan namozlarini Alloh taolo qabul qilmaydi. So‘ngra ikki barmoqlarini quloqlariga kirgizib: “Agar bu so‘zlarni Rasulullohdan eshitmagan bo‘lsam ikkala qulog‘im kar bo‘lsin, ikkala qulog‘im kar bo‘lsin”, deb ikki-uch marta qaytardilar (Imom Ahmad rivoyati).
Savdogar hiyla bilan mol sotmasligi lozim. Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga kasblarning eng afzali qaysi ekani haqida savol berildi: “Banda o‘z qo‘li bilan qiladigan ish va mabrur tijorat”, deb javob berdilar (Imom Hokim rivoyati). “Mabrur tijorat”dan murod firib bermaslik, aldamaslik, qalbakilashtirmaslik, tarozidan urib qolmaslik, o‘lchovda urib qolmaslikdir.
Vosila ibn Asqa’ (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Kim aybli narsani sotib, aybi borligidan oluvchini xabardor qilmasa, doim Allohning g‘azabida bo‘ladi yoki farishtalar to‘xtovsiz unga la’nat aytadilar”, deyayotganlarini eshitdim”(Ibn Mojja rivoyati).
Anas (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ey, Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying”, dedim. U zot: “Ey, Anas, kasbingni pok qilgin, duoying qabul bo‘ladi. Chunki, banda og‘ziga haromdan bir luqma solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Savdogar xush xulqli bo‘lib, barcha bilan chiroyli muomala qilishi lozim. Haqni ado qilishga muhlat so‘ralganda muddat bera olishi, to‘loviga imkoniyati yo‘q kambag‘al bilan savdo qilib, uning qarzni hammasini yoki bir qismini kechib yuborishi va barcha bilan birdek go‘zal muomala qilishi savdogarning oxirat musibatlaridan omonda bo‘lishi, Alloh taoloning rahmat soyasidan joy olish va jannatga kirishi uchun vosita bo‘ladi. “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi odamlar bilan qarz oldi-berdi muomalalarini qilar va yo‘qsil odamning qiynalishini ko‘rsa, o‘zining qo‘l ostidagi yigitga: “Qarzni so‘rab yo‘qsil odam oldiga borsang, undan kechib yubor. Shoyad Alloh taolo bizlardan ham (gunohlarimizni) kechib yuborsa”, derdi. U vafot etib Alloh taologa ro‘baro‘ bo‘lganda, Alloh ham undan kechib yubordi”, dedilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Savdogar nochor kishining nochorligidan foydalanib qolishga urinmasligi lozim. Mizhar ibn Abdulmalik (rahmatullohi alayh) aytadi: “Bir kishi Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) huzuriga mato olib kelib, sotmoqchi bo‘ldi. U zot esa bahosini so‘radi. U: “Ming dirham”, dedi. Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) esa: “Bu undan qimmat turadi”, deb, oxirida sakkiz ming dirhamga sotib oldi”.
Jamoliddin MAVLONOV,
“Masjidi Kalon” jome
masjidi imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.