O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga asosan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti imzolangani haqida O‘zbekiston Prezidentining rasmiy veb-saytida xabar berildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, fan, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 20 hujjat imzolangan.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish, Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam, Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish, Mozori Sharif – Shibirg‘on – Maymana – Hirot temir yo‘lini barpo etish, yuk tashish, bojxona sohasidagi aloqalar to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, tashrif doirasida umumiy qiymati 500 million dollardan ziyod bo‘lgan 40 dan ortiq eksport shartnomasi imzolandi. Bug‘doy, qora metall prokati, mineral o‘g‘itlar, qurilish mollari, dukkakli va boshqa mahsulotlar eksporti bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Biz Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu jafokash zaminda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishidan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdor ekanimizni yana bir bor ta’kidlayman” degan fikrlarni bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev