O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-21 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istondagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidida ham bo‘lib, u yerda diniy idora vakillari, qoraqalpog‘istonlik faxriylar va nuroniy otaxonlar bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda ushbu jome’ni qayta qurish, tevarak-atrofini yanada obod qilish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar asosida masjidining qurilish ishlari jadal boshlab yuborildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qoziyotidan olingan xabarga ko‘ra, ushbu jome masjidning qurilish ishlari o‘z nihoyasiga yetgan.
Ushbu jome masjid Qoraqalpog‘iston diyoridagi eng muhtasham masjid bo‘lib, unda namozxonlar uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingan. Hozirda qoraqalpog‘istonlik mo‘min-musulmonlarning quvonchi cheksiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi