Rasululloh solallohu alayhi vasallam na uzun qomatli va na past bo‘yli edilar, balki o‘rta qadlik, jismlari chiroyli hamda kelishgan edi. Ikki yelkalarining orasi keng bo‘lib, ularning o‘rtasida muhri nubuvvat ya’ni payg‘ambarlik muhri bor edi.
Muborak bo‘yinlari o‘zlariga yarashgan, chiroyli ediki, guyo oq marmar toshdan, yo oj (fil suyagi)dan tarashlangan haykalning bo‘yni kabi edi, oqlikda kumush kabi sof edi.
Ko‘kraklari va qorinlari mo‘ydan xoli edi. Lekin ikki bilaklari va siynalaridan kindiklariga qadar nozik mo‘ydan bir chiziq tortilgan edi.
Ranglari nihoyatda oq ham emas, nihoyatda bug‘doyrang ham emas, chehralari qizillikka moyil oq edi. Ikki ko‘zlari nihoyatda qora va kipriklari nihoyatda uzun bo‘lib, ko‘zlarining oqida qizillik bor edi. Peshonalari keng va ochiq edi. Qoshlari egilgan bo‘lib, ingichka va qalin hamda bir-biridan alohida, qo‘shilmagan edi. Ikki koshlarining o‘rtasida bir tomirlari bo‘lib, g‘azablari kelganda harakatga kelib ko‘rinar edi. Muborak burunlari bir oz baland va qirralik va unda bir oz nuri duraxshon (ko‘rkam) ediki, unga yaxshi diqqat qilib ko‘rmagan odam burunlarini katta va baland gumon qilar edi. Ma’sum (pokiza, gunohsiz) og‘izlari mo‘tadil keng edi (fasohatli va balog‘atli insonlarning og‘izlari shunaqa bo‘ladi). Muborak tishlari mayda va yaltirab turgan bo‘lib, oldingi tishlari bir-biridan alohida ko‘rinardi. Qachon so‘z qilsalar, tishlarining oralaridan nur kabi bir narsa chiqardi.
Muborak boshlari katta, sochlari juda buralgan ham va juda yozilgan ham bo‘lmay, ikkisining o‘rtasida edi. Agar sochlari o‘zicha osonlik bilan ochilsa, farq ochar edilar, agar taroq va boshqa narsaga zarurat tushadigan bo‘lsa, farqlarini ochmay qo‘yib qo‘yardilar. Sochlarini ziyoda o‘stirsalar, quloqlarining yumshog‘idan tushib turar edi.
Muborak soqollari katta va qalin, muborak ikki yonoqlari na ozg‘in va sergo‘sht, balki nihoyatda mo‘tadil edi.
Ikki kaftlari va ikki qadamlari to‘la va go‘shtlik edi. Ikki bilaklari uzun edi, kaftlari kushoda, ikki kaftlari va ikki qadamlari go‘shtlik edi. Qo‘llarining va oyoqlarining barmoqlari mo‘tadil uzun edi. A’zolarining bo‘g‘imlari, har ikki suyaklarining qo‘shilgan yeri yo‘g‘on edi.
Qadamlari silliq edi, unda suv to‘xtamas edi. Qachon yursalar, quvvat ila qadam ko‘tarar edilar. Oldilariga egilibroq yurar va ohista qadam qo‘yar edilar. Yurishlari tez-tez bo‘lib, keng qadam qo‘yar edilar. Qachon yursalar, bir balandlikdan tushib turgandek yurardilar. Va bir tarafga burilsalar, butun qomatlari bilan burilardilar. Tanho bo‘yinlarini burib qo‘ymas edilar. Nazarlari ko‘proq yerga qadalgan bo‘lib, osmonga qaragandan yerga ko‘p qarar edilar. Ko‘pincha ko‘z qirrasi bilan boqar edilar. Sahobalarining o‘zlaridan ilgari yurgizib, o‘zlari orqalaridan yurar edilar. Yo‘l bo‘yi kimga yo‘liqsalar, undan ilgari salom berardilar.
Baro’ ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan husnliroq bir narsani hargiz ko‘rmadim».
Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan avval ham, keyin ham, u kishiga o‘xshagan biron zotni hargiz ko‘rmadim».
Boshqa bir rivoyatda «Maddohlari «Men bu kishiga o‘xshagan zotni na o‘zlaridan avval ko‘rdim va na o‘zlaridan keyin ko‘rdim», degandi» deydilar.
Jobir roziyallohu anhu deydilar: «Men bir oydin kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdimki, badanlarida qizil libos bor edi. Men goho Rasulullohga boqar edim, goho oyga boqar edim. Boqa-boqa shu natijaga yetdimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam husnda, jamolda va nurda oydan ziyoda va ortiq edilar».
Abu Hurayra roziyallohu anhu deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jismi muboraklari shul qadar marg‘ub, chiroyli va zebo ediki, inson ko‘rib, vujudlarini Alloh taolo kumushdan quyganmikan deb qolar edi. Muborak sochlarida biroz buralganlik bor edi».
«Shamoili Muhammadiya»dan. G‘iyosiddin Muhammad Yusuf tayyorladi
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati