2017 yil 3 dekabr kuni Samarqand shahrida yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Doktor Nasriddin Umar boshchiligidagi Indoneziya delegatsiyasi bilan Samarqand viloyati mas’ullari o‘rtasida ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar tashkil etildi.
Muzokarada Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Munis Voseyev hamda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov ishtirok etdi.
Doktor Nasriddin Umar Indoneziyadagi 900 ming masjidni nazorat qiluvchi “Istiqlol” masjidi imom-xatibi bo‘lib, mazkur masjid imom-xatibi bir vaqtning o‘zida Indoneziya Prezidentining din ishlari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
Muzokora davomida Nasriddin Umarga Indoneziya turizm vazirining turmush o‘rtog‘i hamrohlik qildi.
Nasriddin Umarning aytishicha, Indoneziyadan har yili 2 milliondan ortiq kishi Umra ziyoratiga boradi. Ilgari Iroq va Suriya orqali amalga oshirilgan safar, ushbu davlatlardagi notinchliklar sabab hozirda Turkiya orqali amalga oshmoqda.
Mehmonning ta’kidlashicha, yurtimizdagi mavjud shart-sharoitlarni hisobga olganda Umraga Samarqand orqali borish ko‘p tomonlama ma’qul tanlovdir. Allomalar, buyuk tarixiy shaxslar yashab o‘tgan zaminga kelib, ziyoratlarni amalga oshirgach, Saudiya Arabistoniga uchishni xohlovchilar Indoneziyada ko‘pchilikni tashkil etadi.
Ahamiyatli masalalar muhokama etilar ekan Nasriddin Umar so‘zida quyidagicha davom etadi:
“Men o‘ylaymanki, O‘zbekistonga kelish biz uchun foydali va ushbu zaminda biz xohlaydigan narsalar ko‘p. Hukumatingizdan Jakartadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib berishlarini so‘rayman. Shunday qilinadigan bo‘lsa biz tomondan keladigan turistlar oqimi sezilarli darajada ko‘payadi.
Biz O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishidan manfaatdormiz. Chunki ikkala davlatning musulmon aholisining deyarli barchasi sunniylardir. Bizda 2000 dan ortiq Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ta’lim yo‘nalishlari bor. Islom bilim yurtlarida "ash’ariy va moturidiy aqidaviy yo‘nalishlari" bo‘yicha bilim beriladi. Yurtimizda Moturidiy aqidaviy mazhabiga e’tiqod qiluvchilar 40 milliondan oshadi”.
“Yurtimiz musulmonlari hozirda shu diyordan yetishib chiqqan olimlar to‘plagan hadislarni o‘rganmoqda. Bundan tashqari naqshbandiy ta’limotiga ergashadiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularni juda hurmat qilamiz.
Biz yurtingizda Indoneziyadan keluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo bo‘lishini xohlar edik” deydi Prezident maslahatchisi.
Bugungi kunda Indoneziya xalqi 250 milliondan oshdi va ularning 90 foizini musulmonlar tashkil etadi. Agar 2 million nafar umraga boruvchilarning 50 foizini O‘zbekiston orqali olib o‘tishga erishilsa, turizmni rivojlanishi uchun juda katta o‘zgarish bo‘ladi.
O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik hukmronligi, tartib-intizom, qonun-qoidalar yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi, terrorizm xavfining past darajada ekani mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda.
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasini yanada yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv-me’yoriy va uslubiy jihatdan takomillashtirish, mavjud fanlarni, xususan ijtimoiy-gumanitar va fanlarni o‘qitish sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, o‘qituvchilar metodologiyasini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Majlis davomida ta’lim muassasalari misolida amalga oshirilish lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.