Bugungi kunda butun dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘ida, ya’ni yettita kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi nogironlik mavjud bo‘lib, barcha nogironlarning 100 milliondan ortig‘ini bolalar tashkil etadi.
Har yili 3 dekabr sanasida nogironligi bo‘lgan shaxslar kunining nishonlanishidan asosiy maqsad butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.
O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida turli tadbir va islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buni 1 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning imzolanganida ko‘rish mumkin. Ushbu farmonda avvallari nogironlarni kamsitish sifatida ishlatilgan “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” iborasining qo‘llanilishi belgilangan.
Bundan tashqari, ushbu farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportini panduslar, alohida joylar bilan, bekatlar va marshrutlarni eshittiruvchi, elektron ma’lumotlar tablolari kabi maxsus vositalar bilan jihozlash, ulardan erkin foydalanishni bosqichma-bosqich ta’minlash bo‘yicha joylarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va moslashuvi samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ham nogironlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan biri sifatida Gemotologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutining klinikasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nomidan leykemiya bilan og‘rigan bemor bolalarga sovg‘alar, tibbiyot buyumlari ulashilganini keltirib o‘tish mumkin.
Ushbu savobli ishlar “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan munosabati bilan amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, dunyo aholisining “eng katta ozchiligini” tashkil etuvchi nogiron kishilar, odatda, nogiron bo‘lmagan kishilardan farqli o‘laroq, sog‘ligi sustroq, ta’lim sohasidagi yutuqlari kamroq, iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan va moddiy sharoiti ham yomonroq bo‘ladi. Buning sababi ular uchun yaratilgan qulayliklarning yetishmovchiligidir. Bunday yetishmovchilik ularning har kunlik hayotida ko‘plab to‘siqlarni tug‘diradi.
Xalqaro nogironlar kuni 1992 yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining 47/3-raqamli qaroriga binoan nishonlana boshladi.
O‘MI matbuot xizmati
Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.
Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.
Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.
Shohruh UBAYDULLOH