Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa...

2.12.2017   8615   10 min.
Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa...

Masjid – Allohning bayti. Masjidda Alloh taologa ibodat qilinadi, zikr va tasbeh aytiladi, Kalomi tilovat qilinadi. Masjidga kirgan har bir musulmon butun vujudi, borlig‘i, qalbi va fikrini  Alloh taologa ibodat qilishga qaratib, Robbil olaminga haqiqiy banda ekanini izhor qiladi. Masjid – ana shunday muqaddas makon.  Qur’oni karimda bu haqda shunday deyilgan:

وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ فَلَا تَدْعُوا مَعَ اللَّهِ أَحَدًا  

ya’ni: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz! (Jin surasi, 18-oyat).

  إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَى أُولَئِكَ أَنْ يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ

Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin.

Masjidni obod qilish deganda, uni moddiy va ma’naviy obod qilish tushuniladi. Namozxonlar uchun barcha sharoitlari yaratilgan tarzda masjidni barpo etish, uni ozoda va pokiza saqlash, nuragan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa uni ta’mirlash yoki yangidan qurish kabilar moddiy obod qilish deyiladi. Alhamdulillah, yurtimizda masjidlarni obod etish borasida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Ko‘plab yangi masjidlar qurildi. Eskilari ta’mirlandi, yaroqsizlari qaytadan barpo etildi. Ayniqsa, oxirgi yillarda bu sohadagi ishlar yanada rivojlanib, barcha masjidlar eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bu borada qancha faxrlansak arziydi, Hozir har qanday shahar va qishloqdagi eng ko‘rkam va hashamatli, har taraflama sharoitlari yaxshi namunali binolari – masjidlardir, desak xato bo‘lmaydi. Bunday yutuq va muvofaqiyatlarga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Bu ishlar necha yillar davomida qanchadan-qancha zahmatlar, qiyinchiliklar evaziga, tinimsiz harakatlar qilinib homiylarga,  oddiy xalqga murojaat qilish orqali hashar  yo‘li bilan bo‘lsa-da, imom xatiblar va masjidga xolis xizmat qilishga astoydil bel bog‘lagan saxovatpesha insonlar yordami qolaversa, rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi samarasi o‘laroq amalga oshirildi.  

Darhaqiqat, bitta masjid qurish yoki uni obod etishning savobi dinimizda eng katta savobli ish sanaladi. Bu haqda ko‘plab hadislarda bayon etilgan. Jumladan,

عَنْ عُثْمَانَ بْنَ عَفَّانَ رضي الله عنه قَالَ سَمِعتُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ

 "من بَنَى مَسْجِدًا يَبْتَغِي بِهِ وَجْهَ اللَّهِ بَنَى اللَّهُ لَهُ مِثْلَهُ فِي الْجَنَّةِ"

ya’ni: Usmon ibn Affondan rivoyat qilinadi, u kishi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa Alloh taolo unga jannatda shunga o‘xshagan bino quradi”, deganlarini eshitganman”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hazrati Usmon roziyalloh anhu masjid  an-Nabaviyni kengaytirib qayta qurishni boshlamoqchi bo‘lganlarida ba’zi sahobiylar e’tiroz bildirib: “Rasulullohning davrida bo‘lmagan bu ishlar, agar mumkin bo‘lganida Rasulullohning o‘zlari kengaytirib hashamatli qilib qayta qurgan bo‘lar edilar” deganlar. Hazrati Usmon roziyalloh anhu esa ularga mazkur xadisi sharif ila javob berganlar. Shundan keyin  masjidlarni kengaytirib qayta qurish, ta’mirlash va hashamatli qilishga  umumiy ruxsat berilgan.  Lekin bu borada ham chegara bo‘lishi kerak. Aks holda kim hashamatli, ko‘rkam, baland, savlatli, haybatli va go‘zal qilib qurish bahonasida bir-biri bilan musobaqalashib, natijada masjid qurishdan asosiy maqsad nima ekanini unutib qo‘yishadi, xolislik, samimiyat  va Allohning roziligi esa e’tibordan chetta qoladi. Nafaqat dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi masjidlar, balki o‘zimizning yurtdagi ba’zi masjidlarda ham aynan ana shunday salbiy oqibatlar ko‘zga tashlanib qolayapti. Kimgadir bu fikrlarimiz yoqmasligi mumkin, lekin biz bu gaplarni chuqur mulohaza qilganimizdan keyingina aytayapmiz. Chunki masalaning ikkinchi tarafi ham bor, avvalo, masjid o‘ta qimmatbaho bezaklar, rang-barang naqshlar, hattoki tilla suvi yuritilgan hoshiyalar ila bezatilgan bo‘lsa, namozxonning  xayolini chalg‘itadi, qalbini va butun fikrini Allohning zikridan, namozdan va undagi xushu’dan chalg‘itib  mashg‘ul qilib qo‘yadi. Masjidga kirgan namozxon xuddi muzeyga kirganday bo‘lib atrofni tamosha qilishdan boshqa narsani o‘ylamay qoladi. Endi o‘ylab ko‘ring-chi, ana shu salbiy holatlarga sababchi bo‘layotgan kishilar qanchadan-qancha mablag‘ sarf qilib, yoki masjidga tushgan pullarni ana shunday bezaklarga ishlatib biror savob olarmikan?  Aslida shunday ishlarga mas’ul bo‘lganlar masjid mablag‘i  omonat ekanini unutmasliklari va buning javobgarligi o‘ta og‘ir ekanini doimo yodda tutishlari kerak. Qolaversa, chekka hududlarda ko‘pgina masjidlar nochor ahvolda qolib, hattoki ba’zi bir to‘lovlar borasida qarzga botayotganlarini ham unutmaslik kerak.

Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki oxirgi paytlarda hurmatli yurtboshimiz tashabbuslari bilan yurtimizda ko‘plab masjidlarning sharoitlarini yaxshilash maqsadida qayta qurishga ruxsat berilyapti. Undan tashqari, yangi masjidlar ham qad ko‘taryapti.  Kelajakda esa inshaAlloh yana ko‘plab masjidlar bino qilinishi rejalashtirilyapti.  Oldimizda shuncha xayrli va buyuk ishlar turganida bir necha masjid qursa bo‘ladigan mablag‘ni manmanlik, riyokorlik yoki yana qandaydir maqsadlar ila isrof qilib yuborish insofdanmikan? Shu o‘rinda bir hayotiy voqeani e’tiboringizga havola etmoqchiman: viloyatlardan birida (qaysi viloyat ekani sir bo‘la qolsin) yangi ishga joylashgan imomlardan biri masjidni o‘ta nochor  ahvolda bo‘lgani uchun qayta ta’mirlashga qasd qilgan. Lekin hech qancha o‘tmasdan butun umidlari puchga chiqayozgan. Chunki bilasiz, ba’zi viloyatlarda har xil sabablarga ko‘ra homiylar topish amrimahol. Hashar yo‘li bilan ham hech narsa qilishning imkoni yo‘q. Nima qilish kerak? Imom domla Toshkentdagi ustozlardan  katta masjidlardan biror yordam bo‘lib qolar degan umidlar bilan poytaxt sari yo‘lga chiqqan. Kelsa poytaxtdagi bir necha katta masjidlarda qayta qurish yoki t’mirlash ishlari bo‘layotgan ekan. Shu masjidlardan borib Alloh yo‘lida biror yordam so‘rasam, inshoalloh, ko‘mak berishadi deb o‘ylab ne umidlar ila imomning qabuliga kiribdi. Masjidda ishlar qizg‘in shu darajada katta ta’mirlash ishlari bo‘layaptiki tomosha qilib to‘ymaysan. Lekin bir tomonini o‘ylab hayron ham qolasan”. Shu darajada bezash, aslida masjid uchun hech keragi bo‘lmagan naqshnigorlar go‘yoki, million-million mablag‘larni bekordan bekorga devorga chaplash emasmikan?” deb o‘ylab qolasan. Demak, shuncha ta’mir qilinayotgan ekan bizning masjidga ham bir chetidan yordam berib yuborar degan umid bilan imomdan ko‘mak berishini so‘rabdi. Imom, albatta, yordam bergan  deb o‘ylayotgandirsiz. Yo‘q, aksincha, yordam berishdan mutlaqo bosh tortibdi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan viloyatlik imom bir oz xafa bo‘libdi-da yana bir masjidga yordam so‘rab boribdi. Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, u yerning imomi hech ikkilanmay o‘zining masjidida ta’mirlash ishlari bo‘layotganiga ham qaramay, katta miqdorda yordam beribdi.

Ha azizlar, bu birgina misol, xolos. Aslida bunday holatlar juda ham ko‘plab uchraydi.  Agar haddan ortiq bezashga berilib ketmasdan, eng zaruriy sharoitlarnigina amalga oshirishga harakat qilsak, kiyomat kuni ham yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Qolaversa, yurtimizdagi barcha masjidlar ham har taraflama obod bo‘ladi. Masjidlarni obod qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqadigan bo‘lsak, yuqoridagi bizning taklif va fikrlarimiz naqadar to‘g‘ri ekanini tushunib yetamiz

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ، قَالَ، قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

مَنْ أَسْرَجَ فِي مَسْجِدٍ مِنْ مَسَاجِدِ اللَّهِ سِرَاجًا لَمْ تَزَلِ الْمَلائِكَةُ وَحَمَلَةُ الْعَرْشِ يَسْتَغْفِرُونَ لَهُ مَا دَامَ فِي ذَلِكَ الْمَسْجِدِ ضَوْءٌ مِنْ ذَلِكَ السِّرَاجِ 

رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ أَبيِ شَيبَةَ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: Kim Allohning masjidlaridan biriga chiroq o‘rnatsa, modomiki o‘sha chiroqning yorug‘ligi shu masjidni yoritib turar ekan uning haqiga Arshni ko‘tarib turuvchi va barcha farishtalar istig‘for aytib turadilar (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda masjid uchun zarur bo‘lgan yoritish vositasi to‘g‘risida gap boryapti. Masjidlarni chiroqlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham uni yoritganlarga mazkur bashorat va’dasi berilyapti.

Shuni ham bilishimiz kerakki, masjidni yoritish kerak degani faqat chiroqlar olib kelib masjidlarga beravering degani emas. Balki  ba’zi masjidlarda o‘nlab katta-katta qandillar,  yuzlab kichkina chiroqlar butun masjidni yoritib turgan bir paytda, ba’zi masjidlar elektr pulini to‘lay olmay qarzga botib borayapti.  Ana shunday  masjidlarning  qarzini to‘lab berish va kelajakda ham  homiylik qilish  aynan  masjidlarni yoritish ekanini unutmaylik.  Yo imomlar va masjidlarga xayrixoh bo‘lgan azizlar! Faqat bir masjidni, ya’ni o‘zingiz ishlab turgan yoki mahallangizdagi masjidni o‘ylamang! Balki jonajon yurtimizdagi barcha masjidlar siz bilan bizniki, barchamizniki. Zotan, ularning har birida  yakkayu yolg‘iz bo‘lgan Robbil olaminga ibodat qilinadi. Demak, ularning qay biriga bo‘lsa ham ehson qilib yordam bersangiz, albatta, masjidlarning  egasi bo‘lmish Alloh sizni hech qachon quruq qo‘ymaydi.

Is'hoqjon domla BЕGMATOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xodimi

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   7059   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.