frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Haj haqida fatvosi e’lon qilindi

01.12.2017   17228   10 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Haj haqida fatvosi e’lon qilindi

Mana bir necha yildirki, minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ziyoratlarini ado etib kelmoqdalar. Ular xotirjam ibodat qilishlari uchun yildan-yilga shart-sharoitlar yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilingan ushbu fatvoda, Hajning farz bo‘lishi uchun kishida topilishi lozim bo‘lgan shartlar, shuningdek, haj safariga otlanishning tartib-qoidalari, axloq-odoblari bayon etilgan. Marhamat, quyida ushbu fatvoning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.


 Haj haqida fatvo

بسم الله الرحمن الرحيم

 الحمد لله رب العالمين، و الصلاة و السلام على رسوله محمد، و على اله، و اصحابه اجمعين اما بعد

 

Mo‘min-musulmonlarga ma’lum va mashhurdirkim, Islom dini beshta rukn ustiga barpo qilingan bo‘lib, ular oxirzamon payg‘ambari Muhammad mustafo (s.a.v.)ning quyidagi hadisi muboraklari orqali bayon etilgandir:

عن أبي عبد الرحمن عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول:"بني الإسلام على خمس شهادة أن لا إله إلا الله ، وأن محمدا رسول الله ، وإقام الصلاة وإيتاء الزكاة، وحج البيت، وصوم رمضان"

 رواه  الإمام البخاريوالإماممسلم

ya’ni: Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattob (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, men Rasululloh (s.a.v.)ning shunday deganlarini eshitdim: “Islom besh narsaga bino qilingan: Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga va albatta, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik bermoq, namoz o‘qimoq, zakot bermoq, baytni haj qilmoq va Ramazon ro‘zasini tutmoq” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, haj ibodati Islom arkonlarining so‘ngisi va eng ulug‘i hisoblanadi.

Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَلِلّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلاً

( سورة آل عمران/97).

ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).

Hajning farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar topilishi lozim bo‘ladi: hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta’minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi. Bundan tashqari, ayol kishiga eri yoki birorta mahrami hamrohlik qilishi ham hajning zarur shartlaridan sanaladi (Al-inoya sharhul-Hidoya).

Yuqoridagi shartlari topilgan kishiga umrida bir martta haj ibodatini bajarish farz bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu xususda shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  فقَالَ: "أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ فَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمُ الْحَجَّ فَحُجُّوا  فقَالَ رَجُلٌ: أَكُلَّ عَامٍ يَا رَسُولَ اللَّهِ ؟  فَسَكَتَ حَتَّى قَالَهَا ثَلَاثًا، فقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَوْ قُلْتُ: نَعَمْ  لَوَجَبَتْ وَلَمَا اسْتَطَعْتُمْ  ثُمَّ قَالَ: ذَرُونِي مَا تَرَكْتُكُمْ  فَإِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِكَثْرَةِ سُؤَالِهِمْ وَاخْتِلَافِهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ  فَإِذَا أَمَرْتُكُمْ بِشَيْءٍ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْوَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عَنْ شَيْءٍ فَدَعُوهُ

(رواه الإمام مسلم).

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh (s.a.v.) bizga xitob qilib: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Alloh taolo sizlarga hajni farz qildi. Bas, haj qilinglar!” – dedilar. Bir kishi: Yo, Rasululloh! Har yilimi? – deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) javob bermadilar. Uch marta so‘radi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Agar ha, desam vojib bo‘lib qolar edi va sizlar bunga qodir bo‘lolmas edingiz”, dedilar. So‘ngra: “Sizlarga aytmagan narsamni menga qo‘yib beringlar. Batahqiq, sizlardan oldingi ummatlarning halokatga uchrashiga ko‘p savol berganlari va payg‘ambarlariga ixtilof qilganlari sabab bo‘lgan edi. Shuning uchun, qachon sizlarni biror narsaga buyursam, qo‘lingizdan kelganicha bajaring, qachon biror narsadan qaytarsam, undan butkul qayting” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Mo‘min-musulmonlarimiz shuni yaxshi bilib olmoqlari lozimdurkim, haj amali inson umrida bir marta bajariladigan ulug‘ ibodat bo‘lgani bois, uning mukammal ado etilishi uchun nafaqat moddiy imkoniyatga ega bo‘lish, balki unga jismoniy, ruhiy va ma’naviy tayyorgarlik ko‘rish ham zarurdir. Zero, haj ibodatining beshinchi rukn ekanligi ham bejizga emas. Shuning uchun musulmon kishi besh vaqt namozni ado etgan, Ramazon ro‘zalarini tutgan va molining zakotini mustahiqlarga bergan bo‘lishi ham juda muhimdir. Qolaversa, haj amallari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish hajga otlangan har bir kishining zimmasiga lozimdir.

Alhamdulilloh, keyingi yillarda yurtimizdan haj safariga borishni niyat qilgan musulmonlarning soni ortib bormoqda. Mahallalarda hajga borishni ixtiyor qilgan fuqarolar navbatlari kelishini intizorlik bilan kutmoqdalar. Shu nuqtayi nazardan, muhtaram fuqarolarimizga shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, hajga borish imkoniyatini qo‘lga kiritish nafaqat navbatning kelishi bilan, balki o‘tgan vaqt davomida el-yurtga xizmat qilish, mahalla ahliga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solish kabi savobli ishlarni qilishda hammaga o‘rnak va namuna bo‘lish, shu bilan mahalla ahli va mo‘min-musulmonlar tomonidan hajga borishga haqli, deb e’tirof etilishiga ko‘proq bog‘liqdir. Zero, hoji degan nomga sazovor bo‘lish qanchalik sharafli bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish shunchalik mashaqqatli ekanini ham idrok etmoq lozim.

O‘tgan yillar davomida haj safariga borayotgan fuqarolarimizning holatini kuzatish asnosida shu narsaga ham guvoh bo‘lmoqdamizki, ayrim kishilar o‘zlari hajga borishga na moddiy imkoniyati va na rag‘bati bo‘lgan holda yoki sog‘ligi yaxshi emasligi yoxud uzoq safarga borishga layoqatli emasligiga qaramasdan ularning o‘g‘il-qizlari go‘yoki o‘z farzandlik burchlarini bajarish yoki el-yurt orasida soxta obro‘ topish maqsadida ota-onalarini haj safariga jo‘natayotganlari, oxir-oqibat haj amallaridagi mashaqqatlar ular uchun og‘ir tuyulib, ibodatlarni mukammal ado etishga bee’tibor bo‘linayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Holbuki, haj ibodatining maqbul bo‘lishi haj qilayotgan kishining odob-axloqining go‘zal bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘lib, birovlar bilan janjallashish, boshqalarga malol keltiradigan xatti-harakatlar qilish ham haj amaliga putur yetkazadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v):

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:"مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"

(رواه الإمام البخاري).

ya’ni: “Kim haj qilsa, unda gunoh va fisqu fasod ishlarni qilmasa go‘yo onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlardan forig‘ bo‘lib qaytadi”, deb marhamat qilganlar(Imom Buxoriy rivoyati).

Barchamizga ma’lumki, yurtimizdan minglab musulmonlar hajga borar ekan, ushbu o‘rinni, haqiqatan, haj ibodatini ixlos bilan ado etadigan, yuqorida zikr etilgan hajning shartlariga to‘liq javob beradigan mo‘min-musulmonlar bilan qoplansa, birinchidan, Alloh taoloning chaqirig‘iga “Labbaykallohumma labbayka”, deb talbiya aytishga haqli bo‘lgan kishilarni hajga yuborish sharafiga muyassar bo‘linadi. Qolaversa, barcha hojilarimiz tomonidan haj amallarining mukammal ado etilishiga, shuningdek, hukumatimiz tomonidan hojilar uchun yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetish va pirovard natijada haj mavsumidagi mashaqqatlarning ozayishiga erishiladi.

Hojilik ulug‘ maqom ekanidan kelib chiqib, har bir hajga borgan erkagu ayol anglamog‘i lozimdurkim, ular kelgusida, avvalo, o‘z farzandlariga qolaversa, el-yurt va mahalla ko‘yga ibodatda, halollik va poklikda, ma’naviyat va ma’rifatda eng yuksak darajadagi o‘rnak va namuna bo‘lmoqlari zarur. Zero, hojilik maqomini qo‘lga kiritishdan ko‘ra uning sha’nini saqlashning mas’uliyati og‘irroqdir. Chunki, hoji degan nom ortida Makkai mukarrama va Madinai munavvaradek shaharlar va u yerdagi muqaddas qadamjolarga ehtirom, umuman, Islom diniga hurmat yotadi. Shu nuqtayi nazardan, har bir hoji o‘zining gap-so‘zi, xatti-harakati, xalq orasidagi muomala-munosabati bilan muqaddas Islom diniga nisbatan hurmat uyg‘otishi yoki uning nomiga dog‘ tushirishi ham mumkin ekanini hech qachon yodidan chiqarmasligi lozim bo‘ladi.

Qayd etilganlarni e’tiborga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj haqida quyidagi Fatvoni e’lon qiladi:

  1. Hajga borish uchun talabgorlarda hajning farz bo‘lishi uchun hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta’minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi kabi zarur shartlarning mavjudligiga e’tibor qaratilsin. Bunda joylardagi imom-xatiblar mahalla faollariga bevosita ko‘maklashsinlar.
  2. Nafaqat moddiy imkoniyat balki, yurish-turish va muomalada o‘zgalarga ibrat hamda namuna ko‘rsatgan, ma’naviy yetuk, Islom dinining avvalgi to‘rtta arkonlarini ado etib kelayotgan fuqarolarning nomzodini hajga boruvchilar ro‘yxatiga kiritishga e’tibor qaratilsin.
  3. Haj ibodati umr davomida bir marta farz ekanidan kelib chiqib, o‘tgan yillar davomida haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘lgan fuqarolarning navbatini hajga bormaganlarga berish maqsadga muvofiqdir.
  4. Hajga borish uchun talabgorlar sonining ko‘pligi nuqtayi nazaridan, ro‘yxatda turganlar yosh jihatdan va mahalla ahli orasidagi hurmat-e’tiboriga ko‘ra o‘zaro bir-birlariga muruvvat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
  5. Hajga borish uchun ro‘yxatga kiritilgan musulmonlar haj ibodati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishlariga e’tibor qaratsinlar. Ushbu ishda imom-xatiblar mo‘min-musulmonlarga amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
  6. Hajga borish uchun talabgorlar mahalladagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarda faollik ko‘rsatishi, yoshlar tarbiyasida, ularning turli jinoyatlarga qo‘l urmasliklarida jonkuyar bo‘lishi tavsiya qilinsin.

 

O‘zbekiston musulmonlari

idorasi raisi, muftiy

Usmonxon Alimov

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   35228   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari