Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Taqvo najot yo‘li

30.11.2017   7551   7 min.
Taqvo najot yo‘li

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “ Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qayerda bo‘lsang ham Allohga taqvo qil. Gunohning ortidan, uni o‘chiradigan yaxshilik qilgin. Insonlarga go‘zal xulq bilan muomala qil”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Hadisi sharifda “taqvo” deb tarjima qilingan so‘zdan lug‘atda himoya, to‘siq degan ma’nolar tushuniladi. Shariat istilohida banda bilan u qo‘rqadigan azobning o‘rtasidagi himoyalovchi to‘siq taqvodir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mazkur hadisni aytishlariga Abu Zar va Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhumo)lar sabab bo‘lishgan. Muoz (roziyallohu anhu) Yamanga ketayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Muoz, Allohga taqvo qilgin. Odamlar bilan go‘zal muomalada bo‘lgin. Gunoh ish qilib qo‘ysang, ortidan yaxshilik qilgin”, dedilar. Muoz: “Yo Rasululloh, “La ilaha illalloh” yaxshilikmi”, deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U yaxshiliklarning eng buyugidir”, dedilar” (Ibn Abdulbir tamhidda keltirgan). Abu Zar (roziyallohu anhu): “Yo rasululloh meni jannatga yaqin qilib, do‘zaxdan saqlanishimga sabab bo‘ladigan amalni o‘rgating”, dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Gunoh qilib qo‘ysang, ortidan yaxshilik qilgin. Chunki bitta yaxshilikning o‘nta misli bor”, dedilar. U: “Yo Rasululloh “La ilaha illlalloh”, yaxshilikmi”, deb so‘radi. Nabiy (alayhissalom): “U yaxshiliklarning go‘zalidir”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Inson Alloh taoloning yerdagi xalifasi. Alloh taolo bandalarni yaratib, ularga hisobsiz ne’matlar ato qildi. Bashariyatga yaxshilik va saodat yo‘llarini ko‘rsatish uchun, ularning orasidan payg‘ambarlar chiqardi. Alloh taolo bandalarni O‘ziga ibodat qilish va buyruqlariga bo‘ysunishga buyurdi. Odamlarning bir-birlariga yordam berishlari, mehr-oqibatli bo‘lishlari va o‘zaro yaxshiliklar qilishlari saodatga erishishning muhim omillaridan ekanini bayon qildi. Bu yo‘lda Allohga taqvo qilishning o‘rni beqiyosdir.

Taqvo najot yo‘li. Mazkur hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) taqvo banda uchun saodat eshigi va Alloh taoloning roziligi kaliti ekanini bayon qildilar. Taqvo barcha yaxshiliklarni jamlaydi va insoni yomonliklardan himoya qiladi. Mo‘minlar taqvo bilan abdaiy najot topadilar va Alloh taoloning yordamiga erishadilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Zotan, Alloh taqvoli bo‘lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl, 128). Boshqa oyatda Alloh taolo taqvoli bandalarga go‘zal rizq berishni va qiyinchilik, mashaqqatlardan xalos qilishni va’da qildi: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq, 2-3). Banda taqvo qilsa yomonlarning hiyla-nayranrlarining zararidan xalos bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar sizlarga yaxshilik yetsa, bu ularni xafa qiladi. Bordi-yu, sizlarga yomonlik yetsa, bundan ular xursand bo‘ladilar. Agar sabr bilan taqvoda bo‘lsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazmaydi. Albatta, Alloh ularning qilmishlarini ihota qiluvchi zotdir” (Oli Imron, 120).

Banda taqvo qilib dunyo va oxiratda g‘alaba qiladi va Alloh taoloning cheksiz in’omlari va darajalariga ega bo‘ladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, taqvodorlar (jannatdagi) bog‘larda va daryolar uzradirlar. (Ular) qudratli podshohning (Allohning) huzuridagi sadoqat maqomida bo‘lurlar” (Qamar, 54-55).

Taqvo so‘zidan Islom dinidagi aqida, ibodat, muomala va xulq kabi amallar tushuniladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingiz-ning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar” (Baqara, 177).     

Taqvo aytiladigan so‘z yoki hujjatsiz talab qilinadigan da’vo emas. Balki, u Allohga itoat etish va gunohlarni tark qilishga undovchi solih amaldir.  Ulamolar: “Alloh taologa itoat etib, osiy bo‘lmaslik, Uni yodga olib, unutmaslik va Rabbiga shukr qilib, ko‘rnamaklik qilmaslik taqvodir”, deyishadi. Mo‘minlar mazkur ma’noda amal qilishlari va siyrat-u suratda taqvo bilan ziynatlanishlari lozim. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz!” (Oli Imron, 102).

Banda shubhali narsalardan saqlanib, mukammal taqvoga erishadi. Shubhadan saqlanish insonni poklaydi. Harom narsalarni bajarib qo‘yishdan qo‘rqib, muboh ishlardan saqlanish ham shuning jumlasidan hisoblanadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Banda zararli narsadan qo‘rqib, zararli narsalardan tiyilmaguncha taqvodor bo‘lolmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Inson haromdan xavf qilib, halolni tark qilmaguncha taqvoga erisholmaydi”.

Gunohlarga tavba qilish taqvodorlarning xulqidir. Gohida inson unutadi yoki g‘aflat qoladi. Natijada, nafsi g‘olib kelib yoki shayton vasavasasi sabab gunoh qilib qo‘yadi. Shu onda tavba qilish va Alloh taologa istig‘for aytish taqvodorlik belgisidir. Alloh taolo taqvolik bandalarni bunday sifatlaydi: “Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir” (Oli Imron, 135). Boshqa oyatda bunday marhamat qilinadi: “Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o‘shanda ular (haqni) ko‘ruvchidirlar” (A’rof, 201). Taqvolik banda tavba va istig‘fordan keyin, yaxshilik qilish va solih amallarni bajarishga shoshiladi. Alloh taoloning va’dasi bilan yaxshiliklar yomonliklarni o‘chiradi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, savobli ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir” (Hud, 114).

Go‘zal xulq mo‘minning ziynati. Inson chiroyli xulq bilan oliy darajalarga yetadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) barcha bilan go‘zal muomalada bo‘lishga buyurib: “Imkoning boricha xulqingni go‘zal qilgin”, deganlar (Imom Hokim rivoyati). Inson Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning go‘zal xulqlariga ergashib, chiroyli odobni  o‘rganadi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob, 21). Alloh taolo boshqa oyati karimda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday sifatlagan: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam, 4).

Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash, xato qilgan odamni kechirish, insonlarga mehr-muhabbatli va oqibatli bo‘lish, ularga ochiq yuz, halimlik, tavozelik va kamtarlik bilan muomala qilish go‘zal axloqning ko‘rinishlaridir.

Manbalar asosida Yunusobod tumanidagi

"Yunusobod" jome masjidi imom-xatibi

Abdulg‘ani TOSHPO‘LATOV tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

18.06.2025   4951   5 min.
Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.

Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.

Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».

Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.

Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.

Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.

Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.

Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.

Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.

Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.

Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.

Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.

Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan