Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “ Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qayerda bo‘lsang ham Allohga taqvo qil. Gunohning ortidan, uni o‘chiradigan yaxshilik qilgin. Insonlarga go‘zal xulq bilan muomala qil”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisi sharifda “taqvo” deb tarjima qilingan so‘zdan lug‘atda himoya, to‘siq degan ma’nolar tushuniladi. Shariat istilohida banda bilan u qo‘rqadigan azobning o‘rtasidagi himoyalovchi to‘siq taqvodir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mazkur hadisni aytishlariga Abu Zar va Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhumo)lar sabab bo‘lishgan. Muoz (roziyallohu anhu) Yamanga ketayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Muoz, Allohga taqvo qilgin. Odamlar bilan go‘zal muomalada bo‘lgin. Gunoh ish qilib qo‘ysang, ortidan yaxshilik qilgin”, dedilar. Muoz: “Yo Rasululloh, “La ilaha illalloh” yaxshilikmi”, deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U yaxshiliklarning eng buyugidir”, dedilar” (Ibn Abdulbir tamhidda keltirgan). Abu Zar (roziyallohu anhu): “Yo rasululloh meni jannatga yaqin qilib, do‘zaxdan saqlanishimga sabab bo‘ladigan amalni o‘rgating”, dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Gunoh qilib qo‘ysang, ortidan yaxshilik qilgin. Chunki bitta yaxshilikning o‘nta misli bor”, dedilar. U: “Yo Rasululloh “La ilaha illlalloh”, yaxshilikmi”, deb so‘radi. Nabiy (alayhissalom): “U yaxshiliklarning go‘zalidir”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Inson Alloh taoloning yerdagi xalifasi. Alloh taolo bandalarni yaratib, ularga hisobsiz ne’matlar ato qildi. Bashariyatga yaxshilik va saodat yo‘llarini ko‘rsatish uchun, ularning orasidan payg‘ambarlar chiqardi. Alloh taolo bandalarni O‘ziga ibodat qilish va buyruqlariga bo‘ysunishga buyurdi. Odamlarning bir-birlariga yordam berishlari, mehr-oqibatli bo‘lishlari va o‘zaro yaxshiliklar qilishlari saodatga erishishning muhim omillaridan ekanini bayon qildi. Bu yo‘lda Allohga taqvo qilishning o‘rni beqiyosdir.
Taqvo najot yo‘li. Mazkur hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) taqvo banda uchun saodat eshigi va Alloh taoloning roziligi kaliti ekanini bayon qildilar. Taqvo barcha yaxshiliklarni jamlaydi va insoni yomonliklardan himoya qiladi. Mo‘minlar taqvo bilan abdaiy najot topadilar va Alloh taoloning yordamiga erishadilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Zotan, Alloh taqvoli bo‘lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir” (Nahl, 128). Boshqa oyatda Alloh taolo taqvoli bandalarga go‘zal rizq berishni va qiyinchilik, mashaqqatlardan xalos qilishni va’da qildi: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq, 2-3). Banda taqvo qilsa yomonlarning hiyla-nayranrlarining zararidan xalos bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar sizlarga yaxshilik yetsa, bu ularni xafa qiladi. Bordi-yu, sizlarga yomonlik yetsa, bundan ular xursand bo‘ladilar. Agar sabr bilan taqvoda bo‘lsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazmaydi. Albatta, Alloh ularning qilmishlarini ihota qiluvchi zotdir” (Oli Imron, 120).
Banda taqvo qilib dunyo va oxiratda g‘alaba qiladi va Alloh taoloning cheksiz in’omlari va darajalariga ega bo‘ladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, taqvodorlar (jannatdagi) bog‘larda va daryolar uzradirlar. (Ular) qudratli podshohning (Allohning) huzuridagi sadoqat maqomida bo‘lurlar” (Qamar, 54-55).
Taqvo so‘zidan Islom dinidagi aqida, ibodat, muomala va xulq kabi amallar tushuniladi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingiz-ning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar” (Baqara, 177).
Taqvo aytiladigan so‘z yoki hujjatsiz talab qilinadigan da’vo emas. Balki, u Allohga itoat etish va gunohlarni tark qilishga undovchi solih amaldir. Ulamolar: “Alloh taologa itoat etib, osiy bo‘lmaslik, Uni yodga olib, unutmaslik va Rabbiga shukr qilib, ko‘rnamaklik qilmaslik taqvodir”, deyishadi. Mo‘minlar mazkur ma’noda amal qilishlari va siyrat-u suratda taqvo bilan ziynatlanishlari lozim. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz!” (Oli Imron, 102).
Banda shubhali narsalardan saqlanib, mukammal taqvoga erishadi. Shubhadan saqlanish insonni poklaydi. Harom narsalarni bajarib qo‘yishdan qo‘rqib, muboh ishlardan saqlanish ham shuning jumlasidan hisoblanadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Banda zararli narsadan qo‘rqib, zararli narsalardan tiyilmaguncha taqvodor bo‘lolmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Inson haromdan xavf qilib, halolni tark qilmaguncha taqvoga erisholmaydi”.
Gunohlarga tavba qilish taqvodorlarning xulqidir. Gohida inson unutadi yoki g‘aflat qoladi. Natijada, nafsi g‘olib kelib yoki shayton vasavasasi sabab gunoh qilib qo‘yadi. Shu onda tavba qilish va Alloh taologa istig‘for aytish taqvodorlik belgisidir. Alloh taolo taqvolik bandalarni bunday sifatlaydi: “Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir” (Oli Imron, 135). Boshqa oyatda bunday marhamat qilinadi: “Taqvo qilganlarga shaytondan (biror) musibat yetsa, (darhol Allohni) eslaydilar. Bas, o‘shanda ular (haqni) ko‘ruvchidirlar” (A’rof, 201). Taqvolik banda tavba va istig‘fordan keyin, yaxshilik qilish va solih amallarni bajarishga shoshiladi. Alloh taoloning va’dasi bilan yaxshiliklar yomonliklarni o‘chiradi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, savobli ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir” (Hud, 114).
Go‘zal xulq mo‘minning ziynati. Inson chiroyli xulq bilan oliy darajalarga yetadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) barcha bilan go‘zal muomalada bo‘lishga buyurib: “Imkoning boricha xulqingni go‘zal qilgin”, deganlar (Imom Hokim rivoyati). Inson Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning go‘zal xulqlariga ergashib, chiroyli odobni o‘rganadi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob, 21). Alloh taolo boshqa oyati karimda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday sifatlagan: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam, 4).
Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash, xato qilgan odamni kechirish, insonlarga mehr-muhabbatli va oqibatli bo‘lish, ularga ochiq yuz, halimlik, tavozelik va kamtarlik bilan muomala qilish go‘zal axloqning ko‘rinishlaridir.
Manbalar asosida Yunusobod tumanidagi
"Yunusobod" jome masjidi imom-xatibi
Abdulg‘ani TOSHPO‘LATOV tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sovchilik ishlari, yuqorida zikr qilinganidek, doimo yengil ko‘chavermaydi. Ba’zi holatlarda bir oilaning o‘zining ichida ham fikr va rag‘batlar to‘qnashib qolishi ro‘y beradi. Gohida ota-onaga yoqqan kelin kuyov bo‘lmish farzandga yoqmay qolishi yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Bugungi kunimiz voqe’ligida bu muammoni tez-tez uchratib turibmiz.
O‘zimizga internet tarmog‘i orqali kelgan savollardan birini e’tiboringizga havola qilishga ijozat bergaysiz: «Bir kishi qizini do‘stining o‘g‘liga berishni ahd qilgan. Qiz mo‘mina bo‘lib, bir solih yigit bilan turmush qurmoqchi ekan. Ota qizning ko‘ngliga qaramay: «Do‘stimning o‘g‘liga tegmasang, seni oq qilaman», – dedi. Shunday vaqtda otaga quloq solishi kerakmi? Otaning oq qilishi to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi?».
Bunga o‘xshash savol va hodisalar oz emas.
Boshqa muammolar qatori, bu muammoni ham dinimiz ta’limotlari asosida hal qilishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun esa, dinimizning bu boradagi ta’limotlarini qunt bilan o‘rganishimiz va ularga ixlos bilan amal qilishimiz lozim bo‘ladi.
عَنْ خَنْسَاءَ بِنْتِ خِدَامٍ الْأَنْصَارِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ أَبَاهَا زَوَّجَهَا وَهِيَ ثَيِّبٌ فَكَرِهَتْ ذَلِكَ، فَأَتَتْ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَرَدَّ نِكَاحَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
Xonsa bintu Xidom al-Ansoriya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Otasi u kishini so‘ramay, juvon holida erga berdi. Bu unga yoqmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Bas, u zot uning nikohini bekor qildilar» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar).
Demak, juvon ayolni o‘zidan so‘ramay yoki majbur qilib birovning nikohiga berib bo‘lmaydi. Islom dini bunday vaqtda o‘sha ayolga qoziga arz qilish huquqini beradi. Arz qilingan chog‘ida esa, qozi unday nikohni buzish haqida hukm chiqaradi. Izn so‘ramay nikohlangan chog‘da ish ayolning roziligiga bog‘liq bo‘lib qoladi. U: «Roziman», desa, nikoh nikoh bo‘ladi, bo‘lmasa, buziladi.
وَجَاءَتْ جَارِيَةٌ بِكْرٌ إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَذَكَرَتْ أَنَّ أَبَاهَا زَوَّجَهَا وَهِيَ كَارِهَةٌ فَخَيَّرَهَا النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ.
«Bir bokira qiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, otasi uni yoqtirmasa ham erga berganini zikr qildi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ixtiyorni uning o‘ziga berdilar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.
Bunday holatda o‘sha qiz nikohda qolishni iroda qilsa, nikoh aqdi kuchga kiradi, bo‘lmasa, yo‘q.
Bu ish Islomda ayol-qizlarning erki, haq-huquqlari qanchalik rioya qilinishini ko‘rsatadi. Zotan, shu hukmdan boshqasi to‘g‘ri ham emas. Chunki nikoh – umr savdosi, ko‘ngil masalasi. Ko‘ngliga yoqmagan odam bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib, umr bo‘yi yashash oson bo‘libdimi? Odatda, erkaklar avval o‘zlari rozi, talabgor bo‘lib sovchi qo‘yganlari uchun ularning roziligi haqida rivoyatlar kelmagan. Rozilik haqida, asosan, ayol-qizlar haqidagi rivoyatlar kelgan. Bu hayot taqozosidir.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ فَتَاةً دَخَلَتْ عَلَيْهَا فَقَالَتْ إِنَّ أَبِي زَوَّجَنِي ابْنَ أَخِيهِ لِيَرْفَعَ بِي خَسِيسَتَهُ وَأَنَا كَارِهَةٌ، قَالَتِ اجْلِسِي حَتَّى يَأْتِيَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرَتْهُ، فَأَرْسَلَ إِلَى أَبِيهَا فَدَعَاهُ فَجَعَلَ الْأَمْرَ إِلَيْهَا، فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ قَدْ أَجَزْتُ مَا صَنَعَ أَبِي وَلَكِنْ أَرَدْتُ أَنْ أُعْلِمَ النِّسَاءَ أَنَّ لَيْسَ لِلْآبَاءِ مِنَ الْأَمْرِ شَيْءٌ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir qiz u kishining oldiga kelib:
«Otam meni o‘z ukasining o‘g‘liga turmushga berdi. Bu bilan pastligini ko‘tarmoqchi. Men buni xush ko‘rmayman», – dedi.
U kishi: «To Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelgunlaricha o‘tirib tur», – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlaridan keyin xabar berdilar. U zot uning otasiga odam yuborib, chaqirtirib keldilar. So‘ngra ixtiyorni qizga berdilar. Shunda u:
«Yo Rasululloh, otam qilgan narsani joiz qildim. Lekin ayollarga bu ishda otalarga hech narsa yo‘qligini bildirib qo‘yishni iroda qilgan edim», – dedi» (Nasaiy rivoyat qilgan).
Demak, o‘zlariga turmush o‘rtog‘i tanlashda qizlarimizning haqlari bor ekan. Ularning roziligini so‘rashda esa ishboshilar – qizning otasi, aka-ukasi yoki amaki-tog‘asi bo‘ladimi, kim bo‘lsa ham, albatta, majbur qilmasdan, nihoyatda odob-axloq bilan muomala qilishlari kerak bo‘ladi. Bu ish hadisda kelgan narsa bo‘lib, shariatimizning qonunidir! Bizda esa, afsuski, shariatning hukmi bir chetda qolib, odamlar o‘zicha chiqarib olgan urf-odatlar, bid’at-xurofotlar hukm suradigan bo‘lib qolgan.
Bu borada barcha ota-onalar va ishboshilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishlari zarur. Keling, buning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z qizlariga bu borada qanday muomala qilganlarini o‘rganaylik.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذَا أَرَادَ أَنْ يُزَوِّجَ شَيْئًا مِنْ بَنَاتِهِ جَلَسَ إِلَى خِدْرِهَا، فَقَالَ: إِنَّ فُلَانًا يَذْكُرُ فُلَانَةً، يُسَمِّيهَا وَيُسَمِّي الرَّجُلَ الَّذِي ذَكَرَهَا فَإِنْ هِيَ سَكَتَتْ زَوَّجَهَا، وَإِنْ هِيَ كَرِهَتْ نَقَرَتِ السِّتْرَ، فَإِذَا نَقَرَتْهُ لَمْ يُزَوِّجْهَا. رَوَاهُ أَحْمَدُ بْنُ حَنْبَلٍ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qizlaridan birortasini uzatmoqi bo‘lsalar, uning pardasi oldiga o‘tirib, «Falonchi Falonani zikr qilmoqda», deb, uning ham, uni zikr qilgan erkakning ham ismini aytar edilar. Agar u sukut saqlasa, nikohlar edilar. Agar u qiz yoqtirmasa, pardani chertar edi. Qachon qiz pardani chertsa, uni nikohlamas edilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Olamlarning sarvari, Robbul olamiynning Rasuli bo‘lgan zotning o‘z qizlari bilan nikoh, oila qurish borasida qilgan muomalalariga nazar soling. Qanday yuksak odob! Qanday oliy madaniyat! Qizlarning odobini, axloqini ko‘ring!
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبيِّ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، عِنْدَنَا يَتِيمَةٌ قَدْ خَطَبَهَا رَجُلَانِ مُوسِرٌ وَمُعْسِرٌ، هِيَ تَهْوَى الْمُعْسِرَ وَنَحْنُ نَهْوَى الْمُوسِرَ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: لَمْ يُرَ لِلْمُتَحَابِّينَ مِثْلُ النِّكَاحِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib:
«Yo Rasululloh! Bizning bir yetim qizimizga ikki kishi – bir boy va bir kambag‘al sovchilik qildi. U kambag‘alni istayapti, biz boyni istayapmiz», – dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sevishganlar uchun nikohga o‘xshagani ko‘rilmagan», – dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetim qizning ko‘ngliga qanchalik e’tibor berganlariga qarang! Kim bo‘lishidan qat’i nazar, insonning ko‘ngli bor. Uning rioyasini qilish kerak.
Ammo, ushbu o‘ta muhim masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Bunda bolalarning ota-onalariga qarshi chiqishlari noqulay holatga sabab bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan