Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu ulug‘ sahobiy bo‘lish bilan birga ummatning eng eng sara qorilaridan ham edilar. Qur’oni karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rganib, uni o‘qishga qattiq bel bog‘lagandi.
Ibn Abbos, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Soib, Abdulloh ibn Ayyosh ibn Robia’, Abu Abdurahmon Sulamiy kabi ulug‘ sahobiylar va ulug‘ tobeinlardan ko‘plari u zotdan Qur’oni karimni o‘rgangan.
Suvayd ibn G‘ofala, Abdurahmon ibn Abzo, Abu Muhallab, Abu A’liya Riyohiy, Zirr ibn Hubaysh, Utayya Sa’diylar esa Ubay ibn Ka’bdan hadis rivoyat qilgan.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qatnashgan barcha g‘azotlarda hozir bo‘lgan.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu haqida bir nechta hadislar rivoyat qilingan. Ulardan ba’zilarini quyida zikr qilamiz.
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu ummatning eng rahm-shafqatlisi Abu Bakr (bo‘lsa), eng qorisi Ubay ibn Ka’bdir”, dedilar”.
Uning darajasi Alloh subhanahu va taolo nazdida ham ulug‘ bo‘lgan. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga:
– Alloh taolo menga sen uchun Qur’on o‘qib berishimni buyurdi, – dedilar.
Shunda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu:
– Alloh taolo sizga meni nomimni zikr qildimi? – deb so‘radi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
– Ha, – deb javob berdilar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu:
– Olamlarning Rabbisining huzurida zikr qilindimmi? – dedi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
– Ha, – deb javob berdilar. Shu choq Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ko‘zlari yoshga to‘ldi (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qur’oniy ta’limni imtihon shaklida berib qo‘yardilar. Buni o‘zlaridan rivoyat qilingan quyidagi hadisda ko‘rishimiz mumkin.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Munzir, sening nazdingda Alloh taoloning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” dedilar. “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deb aytdim. Yana so‘radilar: “Ey Abu Munzir, sening nazdingda Alloh taoloning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” deb so‘radilar.
(Bu safar) «Oyat al kursi”, deb javob berdim. Shunda mamnunlik ila yelkamga qoqib: “Ey Abu Munzir, Alloh senga ilmni oson qilsin”, dedilar» (Muslim rivoyati).
Abu Munzir – Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning kunyalari bo‘lgan.
Ubay ibn Ka’bning sahobiylar ichida ham hurmatlari baland bo‘lgan.
Ibn Abu Malik bunday deydi:
“Ibn Abbos roziyallohu anhuning: “Qozilikka eng haqli kishimiz – Ali, Qur’onni eng ko‘p biluvchimiz – Ubaydir” , deganini eshitganman”.
Nabiy sollollohu alayhi vasallam:
“Qur’onni to‘rt kishidan o‘rganinglar: Abdulloh ibn Mas’uddan, Abu Huzayfaning mavlusi Solimdan, Muoz ibn Jabaldan va Ubay ibn Ka’bdan», dedilar.
Yuqoridagi hadislar shu kunimizgacha yetib kelgan qorilar silsilasining eng ulug‘ qorilaridan biri bo‘lmish Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning darajalari naqadar yuksak ekanini ko‘rsatib turibdi. Hattoki Ibn Abbos roziyallohu anhudek mufassir sahobiy ham Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan ta’lim olgan ekan. Bu esa Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning qorilar sultoni ekaniga dalolat qiladi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning vafoti to‘g‘risida ulamolar o‘rtasida ixtiloflar bor. Ularning eng sahihi Abu Nuaymning gapidir. U zot: “Ubay ibn Ka’b Usmon roziyallohu anhuning xalifalik yillarida hijriy 30-yilda o‘lgan”, deydi va bu gapiga Zirr ibn Habiysh Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bilan Usmon roziyallohu anhuning halifalik davrida uchrashganini dalil qilib keltiradi.
Ubay ibn Ka’bdan boshqa qori sahobiylar ham ko‘p bo‘lgan.Ularning barchasi Qur’oni karimni yodlash bilan bir qatorda Qur’onga qanday amal qilish kerakligini ham ko‘rsatib bergan. Bugungi kunda biz musulmonlarning vazifamiz bu muborak zotlarning umr yo‘llarini o‘rganish va baholi qudrat o‘z hayotimizga tatbiq qilishdir. Zeroki, ular o‘z hayoti bilan haqiqiy islom qanday bo‘lishini kelajak ummatlarga ko‘rsatib, o‘rgatib ketgan muallim zotlardir.
Alloh taolo hammamizni sahoba roziyallohu anhumlardek Qur’onga muhabbatli, Qur’onga amal qiladigan solih bandalardan qilsin!
Xushvaqtov Abdulhay,
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
3-kurs talabasi
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son