Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Butun hayoti o‘rnak bo‘lgan zot

29.11.2017   6740   21 min.
Butun hayoti o‘rnak bo‘lgan zot

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni bizlar uchun qanday ibrat, o‘rnak bo‘lganliklari va nihoyat u zotning boqiy dunyoga ko‘chishlari ham bizlar uchun alohida bir maktab ekanini, inshaalloh o‘rganamiz.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga daxldor ko‘plab ma’lumotlarni o‘qiganmiz, ustozlardan eshitganmiz. Shunday bo‘lsa-da biz ummatlar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam to‘g‘risidagi ma’lumotlarga hech qachon to‘ymaymiz. Hech qachon u zot i bobarakot to‘g‘risidagi ma’lumot eskirmaydi, o‘zining ahamiyatini yo‘qotmaydi. Balki takrorlangan sari yangi qirralari ochilib, ko‘pdan-ko‘p hikmat va ibratlar qaynab chiqadi. Yangi-yangi manfaatlar kashf etiladi. O‘qigan saringiz o‘qigingiz  keladi, o‘zingizning ilm va ma’lumotingiz kam ekanini sezib borasiz. Nahotki avvalgi eshitganlarimda, avvalgi o‘qiganlarimda shu narsani tushunmaganman yoki unutdimmikan, parishonxotir bo‘ldimmikan, nima uchun bu narsalar avval menga ayon bo‘lmagan degan taajjub hammada ham bo‘lishi tabiydir. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayoti boshidan to oxirigacha hikmat, ibrat, namuna. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qirq yoshida payg‘ambar bo‘lgan bo‘lsalar, o‘sha qirq yashargacha o‘tgan hayoti ham ibrat. Chaqaloqligidagi voqealar katta bir maktab. Hammasi ta’lim-tarbiyaga, axloqu odobga chaqiradigan ajoyib bir darsliklardan iboratdir. Sababi nima? Chunki Alloh subxanaxu va taolo;

لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ حَسَنَةٞ لِّمَن كَانَ يَرۡجُواْ ٱللَّهَ وَٱلۡيَوۡمَ ٱلۡأٓخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا 

«Batahqiq, sizlar uchunAllohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi»., deb Alloh taoloning o‘zi marhamat qilgan.

Alloh taolo ushbu oyati karimada O‘zining Rasulida biz ummatlar uchun o‘rnak borligini bayon etib qo‘ydi. O‘sha ummatlar kimlar? Ular Alloh va oxirat kunidan umidi borlar. Kimningki, Alloh va oxirat kunidan umidi bo‘lmasa, u boshqa odamlardan o‘rnak olishga harakat qiladi. Lekin umidi bor ummatlar har bir sohada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashadi.

Aytaylik, biz hozir nima bilan mashg‘ulmiz? Kimning qanday kasbi bor, hunari bor? Albatta, har kimning o‘z tirikchiligi uchun ushlagan bir yo‘li bor va har bir insonni, xossatan, yoshlarni o‘zining ko‘z oldida gavdalanib turadigan doimiy uning uchun namuna, o‘rnak bo‘ladigan va undan andaza oladigan bir kishisi bo‘ladi. Ilmu-ma’rifatga qiziqqan insonlar aytadiki, falonchidan o‘rnak olaman. Qachon bir kitob oladigan bo‘lsam, falonchi alloma shunaqangi ko‘p kitob o‘qigan ekan. O‘zining harakati sababidan Alloh taolo fayz berdi, baraka berdi, kimsan falonchi alloma bo‘lib yetishdi. Men ham uning ortidan yurib, xuddi shunday olim bo‘laman. Dinu diyonatim uchun ko‘proq xizmat qilaman deydi.

Yana kimdir kosib bo‘lsa, shu kasbning eng yetuk mutaxassisini ko‘z  oldiga keltiradi-da, ana shu kasbida falonchi, kimsan falon bo‘lib ketdi. Dunyoga dong‘i taraldi. Men ham unga o‘xshashga harakat qilaman deydi. Buni hamma sohaga qiyos qilish mumkin. Bu borada yoshlarimiz ko‘proq deyayotganimiz, yoshlarning ichida, albatta, birinchi o‘rinda jismonan baquvvat bo‘lishga harakat qilish muhim rol o‘ynaydi. Deyarli hamma yoshlarda shu narsa bor. Shunday baquvvat bo‘lsamki, shunday ko‘rkam, qaddi-qomatli bo‘lsamki, hamma meni ko‘rganlar havas qilsa, har qanday libosni kiysam yarashadigan bo‘lsa. Buning uchun ko‘zining oldida bir inson gavdalanib turadi. ular birinchi o‘rinda qandaydir aktyorlarni, sportchilarni va hokazolarni ko‘z oldiga keltiradi-da, shunday bo‘lishim kerak deydi. Ishonmasangiz, yoshlarni xonasiga kirib ko‘ring, xona devoriga o‘zi havas qilgan insonning suratini ilib qo‘ygan bo‘ladi.

Biz mo‘min-musulmon ummatlarning  o‘qiydigan kitobimizda ham, aql, zehn, xotiramizda ham, telefonimizda ham, hamma joyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam to‘g‘risidagi ma’lumot bo‘lishi kerak. Agar biz Alloh va oxirat kuni umidida bo‘lsak, mana shu zot hamma sohada biz uchun ibrat. Xohlasangiz sport sohasini oling. Kuragi yerga tegmagan Rukona degan pahlavon Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan musobaqalashib kurash tushaman deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sovringa nima qo‘yasan?” dedilar, Rukona “Qo‘ylarimni tikaman”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u bilan uch marta kurash tushib, har uchalasida ham yiqitdilar.  Va nihoyat Rukona mag‘lubiyatga uchraganini tan olib iymonga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa yutib olgan qo‘ylarni Rukonaga qaytardilar.

Mana agar sportchilar bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga havas qilsinlar, U zoti bobarakot sport to‘g‘risida qanday ma’lumotlarni aytgan ekanlar deb ko‘z oldida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni  gavdalantirsin-da, har qanday  holatda ana shu zotdek bo‘lishga, halol pokiza bo‘lib, Alloh ruxsat bergan sport turlari bilan shug‘ullanishga va shu  sohada kuragi  yerga tegmagan insonlarning ham kuragini yer iskatib, ularni kelajakda insofu tavfiqqa, balki iymonga kelishiga sababchi bo‘lishi uchun harakat qilsin.

Go‘zallikda-chi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal inson bo‘lganmi? Bo‘lmagan. To‘g‘ri, Yusuf alayhissolatu vasallamning go‘zalliklari to‘g‘risida  bir-biridan ajoyib malumotlar, hattoki  afsonalar bor. Lekin jumhur ulamolar aytadiki, Yusuf alayhissolatu vasallamdan ko‘ra bizning Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam har taraflama go‘zal bo‘lganlar. Buni barcha ulamolar tan olgan.

Kasb-hunar bo‘yicha deysizmi, marhamat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling. Kasb bilan qanday shug‘ullanganlar, tijorat bilan, qo‘y boqishlik bilan, dexqonchilik, zirot, hammasi bilan shunday halol, pokiza shug‘ullandilarki, U zotning hayotlari qamrab olmagan sohaning o‘zi yo‘q. Kimdir masalan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam faqat dinu diyonatda o‘rnak-da, u zotdan faqat ibodatlar borasida o‘rnak olamiz-da, bizni sohamizga ularning nima aloqasi bor, desa xato qiladi.  Chunki  hayotning o‘zi  ibodat. Aytaylik, hozir yangi chiqqan sohalardan biri kompyuterlarga tegishli bo‘lgan  yo‘nalishni olib ko‘raylik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida komyuter bo‘lmagan-ku, biz kompyuter  ishlatishda u zotdan qanday o‘rnak olamiz, bunga nima aloqasi bor? desa xato qiladi. Kompyuterni ishlatayotgan paytingizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning taqvo to‘g‘risidagi tavsiyalarini eslang. Kompyuterda xohlagan joyingizga xiyonat qilib  bostirib kirish imkoniyati bor. Xiyonat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eslang. Ko‘zingiz har-xil narsaga tushib qolish xavfi bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:

“Nazar shaytonning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir”, degan tavsiyalarini eslang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ta’limotlaridan chetda qolgan birorta soha yo‘q azizlar. Mening soham unga tegishli emas, degan insonning,  Alloh asrasin, iymonida shak bo‘lib qoladi. Shuning uchun har birimiz o‘zimizning sohamizda  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyuk namuna va buyuk o‘rnak bo‘lishini unutmaylik.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, hatto boshimizga tushgan  musibatlarda ham bizga o‘rnakdir. Ko‘pincha bizni oldimizga ana shunday musibatlar bilan shikoyat qilib keladiganlar bor. Eng ko‘p shikoyatlardan biri oilaviy majorolar to‘g‘risida. Kelib: qori aka! ayolining injiqligidan, qaysarligidan, betarbiyaligidan shikoyat qiladi. Tarbiyalab bir narsani o‘rgatib bo‘lmayapti. Nima qilay? deydi. Ularga nima deymiz: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, ayol kishi qovurg‘adan yaratilgandir. U sen uchun bir yo‘lda mustaqim turmas. Agar sen undan egriligi bo‘yicha huzurlansang, huzurlanib qolding. Agar uni to‘g‘rilayman desang, sindirasan. Uni sindirishing, taloq qilishingdir», deyilgan (Ikki shayx, Termiziy rivoyat qilgan)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari Oisha onamiz, Hafsa onalarimiz  va boshqalari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga injiqlik qilib, hattoki  Rasululloh salollohu  alayhi  vasallamni  qasam ichishga  ham  majburlagan-ku. Allohning Habibi, ikki olamning sarvari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarining roziligi uchun Alloh halol qilgan asalni iste’mol qilmayman, deb qasam ichganlar-ku. Alloh subhanahu va taolo tanbeh berib, keyin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga:

“Ey Nabiy! Nima uchun xotinlaring roziligini tilab, Alloh senga halol qilgan narsani harom qilasan! Alloh kechiruvchi va rahmdildir” deb oyat nozil qilgan. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollariki Allohning Habibiga shunday talablarni qo‘yib turgandan keyin siz bilan bizning ayolimiz qaysarlik qilmaydimi? injiqlik qilmaydimi?..

Mana azizlar, bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qanday ibrat bo‘lganlar.

Goho insonning boshiga musibat tushadi. Lekin kimlar uchundir bu musibatdan ko‘ra ham ulkanroq musibatlar bo‘lishi mumkin. Insonlar turli-tuman bo‘lganlaridek musibatlar ham har xil bo‘ladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson uchun o‘zi dunyoda eng yaxshi ko‘rgan narsasidan ayrilishi eng katta musibatdir. Kimlar uchun eng katta musibat mol-dunyodan ayrilishi, mansabidan ayrilishi, sihat-salomatligidan ayrilishi va yana kimlar uchun ota-onasidan ayrilishi bo‘lsa, kimlar uchun farzandidan ayrilishi eng katta musibatdir. Umumiy olganda xalqimizning ichida boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, yosh bo‘lsin, qari bo‘lsin eng katta musibat nima? degan savolga  farzand dog‘i deb javob beradi. Bir tarafdan olib qaraganimizda, bu ham to‘g‘ri. Chunki hech qaysi inson o‘zidan avval farzandining vafot etishini ko‘z oldiga keltira olmaydi. Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqadi. Balki farzandini o‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yishini tasavvur ham qilolmaydi. Mana shuning uchun farzanddan ayrilish eng katta musibatlardan biri deb e’tirof qilinadi. Lekin taqdirdan qochib qutilib bo‘lmaydi. Kimlarnidir boshiga ana shunday musibat yetsa, ko‘pincha o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadi. Mana shunday paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ibrat olishimiz kerak. U zoti bobarakot bir emas, oltita farzandini muborak qo‘llari bilan tuproqqa qo‘yganlar. Birgina jigarbandi Fotima roziyallohu anho onamiz esa  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin olti oy yashadilar, xolos.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat o‘g‘il yoki faqat qizlarini emas, balki uch o‘g‘il, uch qizni tuproqqa qo‘ydilar.  Keling, shulardan biri Moriya Qibtiya onamizdan tug‘ilgan o‘g‘illarining vafot etish hodisasini yodga olaylik.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari Ibrohim qattiq bezgak tutib yotganida o‘n sakkiz oylik edi.

U Zot uning oldiga kirganlarida titrab, qaqshab yotar edi. Bir ozdan keyin esa jon taslim qildi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlaridan yosh oqa boshladi.

Yonlarida turgan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu: “Siz-a, Yo Rasululloh!” dedilar (Ya’ni bizni yig‘lashdan qaytarar edingiz, endi esa o‘zingiz yig‘layapsizmi?) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ko‘z yosh oqizadi, qalb mahzun bo‘ladi, lekin biz Alloh norozi bo‘ladigan ishni qilmaymiz, deb yana yig‘ladilar, o‘g‘illari Ibrohimni ham tuproqqa topshirdilar.

Ba’zilar kelib,  “Qori aka! Men farzand dog‘iga uchradim, butun dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib, hech narsani qizig‘i qolmadi”. deydi. “Ota-onangiz hayotmi?” deb so‘rasak, “Ha, ota-onam hayot alhamdulillah”, deydi. “Ota-onangiz ham ko‘zingizga ko‘rinmayaptimi?” desak, “Farzand dog‘i yomon ekan, ota-onam ham ko‘zimga ko‘rinmay qoldi”, deydi.

Siz hato qilasiz. Haqiqiy mo‘min-musulmon inson bunday bo‘lmaydi. Farzandidan ayrilsa, ota-onasi hayot bo‘lsa “Alhamdulillah! Boshimda soyabon, duogo‘yim ota-onam bor. Alloh o‘zingga hamdu sanolarim bo‘lsin” deyish kerak. Otasini olsa, Allohim, alhamdulillah! otamni olding, duogo‘yim volidai mehribonim qoldi. Farzandlarim sihat-salomat, shunisiga ham shukr deyishimiz kerak. Onasini olsa, Yo Robbim duogo‘yim bo‘lmish ota-onamni olding, o‘zing rahmatingga olgin. Farzandlarimni tirik saqlab qoldin-ku, shuning uchun Senga hamdu sanolar bo‘lsin deyishimiz kerak.

Ana shunday holda eng katta musibat farzand dog‘iga yo‘liqqan ota-onalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tarixlarini o‘qinglar. Siz, bitta farzand yerga qo‘ydingiz, ikkitani qo‘ydingiz, boring ana uchtani qo‘ydingiz. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  Allohning Habibi bo‘la turib oltita farzandni tuproqqa topshirdilar. Aytingchi, biz shunday katta musibatni ko‘tara olarmidik?

 Allohning habibi bo‘lsalar, U zotning farzandlari orqali nasl-nasablari dunyoga tarqalishi kerak edi-ku. Zurriyotlaridan bitta o‘g‘il bola farzand qolmasa ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday katta musibatlarni ko‘tarib, mardonavor yengib o‘tdilar-ku. Mana Alloh subhanahu va taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni bizga qanday o‘rnak qilib yaratib qo‘ydi. Ana shu zotdan ibrat olishimiz kerak. Ana shu zotning hayotini yaxshilab o‘rganishimiz kerak. Shundagina har qanday sinovlarga chidab, uni mardonavor yengib o‘ta olamiz. Aks holda hayotning sinovlari oldida, uning musibatlari, kulfatlari, balolari oldida, tiz cho‘kib, sinib qolamiz, parcha-parcha bo‘lib ketamiz. Hattoki ba’zi birlar iymonidan ham ayrilib qoladilar. Oddiygina mol-dunyoning sinoviga sabr qilolmasdan  iymonidan ayrilayotganlar bor. Farzand dog‘iga chidolmasdan, “Ey Alloh o‘zi bittayu bitta farzandim bo‘lsa, shunga ham muhtojmiding! Uning o‘rniga mening jonimni olsang bo‘lmasmidi ? deb dod-faryod, oh-voh qilayotganlar yo‘q emasmi? Albatta bor.

Ha, kim unga bitta farzand ko‘rgin dedi. Alloh bergan to‘tta-beshta farzandni hali homilaligida oldirib tashlab, o‘ldirib yubordi. Endi esa bittagina farzandim bor edi, shuni ham Alloh tortib oldi. Shu kerakmidi, kerak bo‘lsa meni jonimni olmaydimi deyayotgan “mard”lar bor.

Alloh bergan shunday farzandlardan yuz o‘girib, ular hali dunyo yuzini ko‘rmasidanoq “shifokor”ning qo‘li orqali o‘ldirtirib, axlatxonaga tashlattirvorgan emasmidi? Endi esa mutlaqo farzandsiz qolgani sababli dod-daryod qilib o‘zini bolajon ota-onaga o‘xshatadi.

Inson  shunday noshukr-da. Alloh ikkita-uchta farzand bersa bo‘ldi, qolgani kerak emas, deyishni boshlaydi. Alloh O‘zi bergan narsani olayotganda esa ko‘ziga farzand ko‘rinib dod deb yuboradi. Vaholanki, Alloh bergan o‘sha omonatni. O‘zi xohlagan paytda oladi.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Qaysi bir bandaga musibat yetganda «Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun» desa va so‘ngra «Allahumma ajirni fi musiybati vaxluf li xoyrom-minha» (Ey Allohim, menga musibatimda ajr va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin) desa, albatta, Alloh unga ajr beradi va unga buning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi», deganlarini eshitdim.  (Beshovlaridan, faqat Buxoriy rivoyat qilmagan).

 

Azizlar, buni qarangki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning butun hayotlari biz uchun har taraflama o‘rnak, hattoki vafotlari ham eng katta o‘rnak bo‘ldi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlari ham oddiy vafot emas, oddiy o‘lim emas, balki  U zotning vafot etishlari, barcha ummatlar uchun katta darslik va ibrat bo‘ldi. Chunki mo‘min-musulmonlar uchun dunyoda bundan katta musibat yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni  o‘zlari: “Ummatim men vafot etganda uchraganchalik katta musibatga uchramaydi”, deganlar. Agar kimiki eng katta musibatga uchradim desa xato qilgan bo‘ladi. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bo‘lmagan bo‘ladi. Yuzta farzandimiz bo‘lsa, yuztasi vafot etsin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganchalik katta musibatga duchor bo‘lolmaymiz. Chunki biz mo‘min-musulmonmiz.

Hazrati Umar roziyallohu anhu:

«Ey Allohning Rasuli, siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz», deganlar.

Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:

«Unday bo‘lsa, bo‘lmapti. O‘zingdan ko‘ra ham bo‘lishi kerak», deganlar. Hazrati Umar darhol:

«O‘zimdan ko‘ra ham!», deganlarida u zot alayhissalom:

«Ana endi bo‘ldi, ey Umar», deganlar. Ya’ni, ana endi iymoning komil bo‘ldi, deganlar.

Demak, inson uchun dunyoda eng katta musibat o‘zi eng yaxshi ko‘rgan narsasidan yoki kishisidan ayrilish bo‘ladi. Shunday ekan, biz mo‘min-musulmonlar, dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishimiz kim?, albatta Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Agar U zotdan ko‘ra birortasini yaxshiroq ko‘raman desangiz, sizning imoningiz komil emas.  Ana shu zotning vafot etganlaridan ko‘ra ham kattaroq musibat bor desangiz, bu ham sizning iymoningiz zaif ekaniga dalolatdir. Tezroq uni quvvatlashtiring. Zotan, ota–onangiz, farzandingiz va dunyodagi barcha narsadan ko‘ra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘proq sevmaguningizcha haqiqiy komil mo‘min-musulmon bo‘lolmaysiz. Demak, biz ummatlar uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari aytganlaridek, eng katta musibat – u zotning vafot etgan kundir. Haqiqatan, bu buyuk bir musibat  edi. Biz hozir  shu musibatni his qilganimizda, chiday olmay qolamiz, dod deb yuboramiz. Sahobai kiromlar qanday holatga tushgan ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutaxxoralari qanday holatga tushgan ekanlar. U zotning nabiralari imom Hasan, imom Husayinlar-chi? U zotning doimo yonida yurgan haqiqiy siddiq do‘stlari Abu Bakr qanday holatda bo‘lgan ekanlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hattoki tupuglari, tahorat suvlari yerga tushmasin deb, tabarrukona olib yuzlariga surtgan Hazrati Umar boshchiliklaridagi sahobai kiromlar qanday holatga tushgan ekanlar. Buni biz tasavvur qilib ko‘ra olamizmi? Buning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlarini vujudimizda his qilishimiz va u zotni ota-onamiz va farzandlarimizdan ko‘ra ham yaxshiroq tanishimiz kerak.

Ma’lumotlarni to‘liq o‘rganib, butun borlig‘imizga u zotning muhabbatini singdirsak, ana shunda u zotning vafot etish tarixlari, voqealarini o‘qiganimizda ko‘zimizdan tinmasdan yosh oqadi. Ishonmasangiz, har kuni o‘qib ko‘ring, har kuni yig‘laysiz. Sahobai kiromlarning holatini ko‘z oldingizga keltirasiz. Metindek irodali, kimsan Hazrati Umar roziyallohu anhu:  “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etmaydilar”. Xuddi Muso Alloh bilan so‘zlashgani Tur tog‘iga ketganlaridek, Robbisi bilan uchrashgani ketdilar. Yaqin orada qaytib keladilar. Kim o‘ldi desa oyoq-qo‘llarini kesaman” deya qilichlarini yalang‘ochlagan holda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hovlilarida u yoqdan bu yoqqa yugurib yurar edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Madinai munavvaraning chetidagi sulh degan bir joyda ekanlar. Bu shum xabarni eshitdilar-u otga minib tezlik bilan yetib kelib, to‘g‘ri qizlari Oysha onamiz roziyallohu anhoning hujralariga kirdilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu hujrada yotgan edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu kirib keldilar-da, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini silab turib: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh! Allohimning taqdir etgan o‘limini totibsiz. Ammo bundan keyin endi abadiy hayotdasiz! Hayotligingizda ham ko‘rkam edingiz, o‘limingizda ham ko‘rkamsiz!” dedilar va takror o‘pib yuzlarini yopib qo‘ydilar. Ahli baytga tasalli va sabr tilab Hujrai saodatdan tashqariga chiqib: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki marta o‘lim sharbatini totmaydilar. U zot bir marta tortdilar. Ya’ni bir marta vafot etdilar, qaytib kelib yana vafot  etmaydilar. O‘zlaringni o‘nglab olinglar. Barcha payg‘ambarlar vafot etganlari kabi, Rasululloh alayhi solatu vassallam ham vafot etdilar degan ma’noda va’z-irshod qildilar.

Ha azizlar, ana shunday katta musibatni sahobai kiromlar boshlaridan o‘tkazdilar. Azizlar, shu musibat to‘g‘risidagi kitoblarni bir o‘qing, ma’lumotlarni o‘rganing va ibrat  oling.

Is'hoqjon  domla  BЕGMATOV,

O‘MI masjidlar  bo‘limi  xodimi

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

10.01.2025   4649   10 min.
Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.

Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.

Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.

Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.

Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.

Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.   

Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni  qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا

Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:

تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه

“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati),  deganlar.

 Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ

Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).

Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat  va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.

Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan  Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.

Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha  o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki  islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi.  Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.

Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.