Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni bizlar uchun qanday ibrat, o‘rnak bo‘lganliklari va nihoyat u zotning boqiy dunyoga ko‘chishlari ham bizlar uchun alohida bir maktab ekanini, inshaalloh o‘rganamiz.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga daxldor ko‘plab ma’lumotlarni o‘qiganmiz, ustozlardan eshitganmiz. Shunday bo‘lsa-da biz ummatlar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam to‘g‘risidagi ma’lumotlarga hech qachon to‘ymaymiz. Hech qachon u zot i bobarakot to‘g‘risidagi ma’lumot eskirmaydi, o‘zining ahamiyatini yo‘qotmaydi. Balki takrorlangan sari yangi qirralari ochilib, ko‘pdan-ko‘p hikmat va ibratlar qaynab chiqadi. Yangi-yangi manfaatlar kashf etiladi. O‘qigan saringiz o‘qigingiz keladi, o‘zingizning ilm va ma’lumotingiz kam ekanini sezib borasiz. Nahotki avvalgi eshitganlarimda, avvalgi o‘qiganlarimda shu narsani tushunmaganman yoki unutdimmikan, parishonxotir bo‘ldimmikan, nima uchun bu narsalar avval menga ayon bo‘lmagan degan taajjub hammada ham bo‘lishi tabiydir. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayoti boshidan to oxirigacha hikmat, ibrat, namuna. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qirq yoshida payg‘ambar bo‘lgan bo‘lsalar, o‘sha qirq yashargacha o‘tgan hayoti ham ibrat. Chaqaloqligidagi voqealar katta bir maktab. Hammasi ta’lim-tarbiyaga, axloqu odobga chaqiradigan ajoyib bir darsliklardan iboratdir. Sababi nima? Chunki Alloh subxanaxu va taolo;
لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ حَسَنَةٞ لِّمَن كَانَ يَرۡجُواْ ٱللَّهَ وَٱلۡيَوۡمَ ٱلۡأٓخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا
«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi»., deb Alloh taoloning o‘zi marhamat qilgan.
Alloh taolo ushbu oyati karimada O‘zining Rasulida biz ummatlar uchun o‘rnak borligini bayon etib qo‘ydi. O‘sha ummatlar kimlar? Ular Alloh va oxirat kunidan umidi borlar. Kimningki, Alloh va oxirat kunidan umidi bo‘lmasa, u boshqa odamlardan o‘rnak olishga harakat qiladi. Lekin umidi bor ummatlar har bir sohada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashadi.
Aytaylik, biz hozir nima bilan mashg‘ulmiz? Kimning qanday kasbi bor, hunari bor? Albatta, har kimning o‘z tirikchiligi uchun ushlagan bir yo‘li bor va har bir insonni, xossatan, yoshlarni o‘zining ko‘z oldida gavdalanib turadigan doimiy uning uchun namuna, o‘rnak bo‘ladigan va undan andaza oladigan bir kishisi bo‘ladi. Ilmu-ma’rifatga qiziqqan insonlar aytadiki, falonchidan o‘rnak olaman. Qachon bir kitob oladigan bo‘lsam, falonchi alloma shunaqangi ko‘p kitob o‘qigan ekan. O‘zining harakati sababidan Alloh taolo fayz berdi, baraka berdi, kimsan falonchi alloma bo‘lib yetishdi. Men ham uning ortidan yurib, xuddi shunday olim bo‘laman. Dinu diyonatim uchun ko‘proq xizmat qilaman deydi.
Yana kimdir kosib bo‘lsa, shu kasbning eng yetuk mutaxassisini ko‘z oldiga keltiradi-da, ana shu kasbida falonchi, kimsan falon bo‘lib ketdi. Dunyoga dong‘i taraldi. Men ham unga o‘xshashga harakat qilaman deydi. Buni hamma sohaga qiyos qilish mumkin. Bu borada yoshlarimiz ko‘proq deyayotganimiz, yoshlarning ichida, albatta, birinchi o‘rinda jismonan baquvvat bo‘lishga harakat qilish muhim rol o‘ynaydi. Deyarli hamma yoshlarda shu narsa bor. Shunday baquvvat bo‘lsamki, shunday ko‘rkam, qaddi-qomatli bo‘lsamki, hamma meni ko‘rganlar havas qilsa, har qanday libosni kiysam yarashadigan bo‘lsa. Buning uchun ko‘zining oldida bir inson gavdalanib turadi. ular birinchi o‘rinda qandaydir aktyorlarni, sportchilarni va hokazolarni ko‘z oldiga keltiradi-da, shunday bo‘lishim kerak deydi. Ishonmasangiz, yoshlarni xonasiga kirib ko‘ring, xona devoriga o‘zi havas qilgan insonning suratini ilib qo‘ygan bo‘ladi.
Biz mo‘min-musulmon ummatlarning o‘qiydigan kitobimizda ham, aql, zehn, xotiramizda ham, telefonimizda ham, hamma joyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam to‘g‘risidagi ma’lumot bo‘lishi kerak. Agar biz Alloh va oxirat kuni umidida bo‘lsak, mana shu zot hamma sohada biz uchun ibrat. Xohlasangiz sport sohasini oling. Kuragi yerga tegmagan Rukona degan pahlavon Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan musobaqalashib kurash tushaman deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sovringa nima qo‘yasan?” dedilar, Rukona “Qo‘ylarimni tikaman”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u bilan uch marta kurash tushib, har uchalasida ham yiqitdilar. Va nihoyat Rukona mag‘lubiyatga uchraganini tan olib iymonga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa yutib olgan qo‘ylarni Rukonaga qaytardilar.
Mana agar sportchilar bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga havas qilsinlar, U zoti bobarakot sport to‘g‘risida qanday ma’lumotlarni aytgan ekanlar deb ko‘z oldida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni gavdalantirsin-da, har qanday holatda ana shu zotdek bo‘lishga, halol pokiza bo‘lib, Alloh ruxsat bergan sport turlari bilan shug‘ullanishga va shu sohada kuragi yerga tegmagan insonlarning ham kuragini yer iskatib, ularni kelajakda insofu tavfiqqa, balki iymonga kelishiga sababchi bo‘lishi uchun harakat qilsin.
Go‘zallikda-chi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal inson bo‘lganmi? Bo‘lmagan. To‘g‘ri, Yusuf alayhissolatu vasallamning go‘zalliklari to‘g‘risida bir-biridan ajoyib malumotlar, hattoki afsonalar bor. Lekin jumhur ulamolar aytadiki, Yusuf alayhissolatu vasallamdan ko‘ra bizning Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam har taraflama go‘zal bo‘lganlar. Buni barcha ulamolar tan olgan.
Kasb-hunar bo‘yicha deysizmi, marhamat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling. Kasb bilan qanday shug‘ullanganlar, tijorat bilan, qo‘y boqishlik bilan, dexqonchilik, zirot, hammasi bilan shunday halol, pokiza shug‘ullandilarki, U zotning hayotlari qamrab olmagan sohaning o‘zi yo‘q. Kimdir masalan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam faqat dinu diyonatda o‘rnak-da, u zotdan faqat ibodatlar borasida o‘rnak olamiz-da, bizni sohamizga ularning nima aloqasi bor, desa xato qiladi. Chunki hayotning o‘zi ibodat. Aytaylik, hozir yangi chiqqan sohalardan biri kompyuterlarga tegishli bo‘lgan yo‘nalishni olib ko‘raylik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida komyuter bo‘lmagan-ku, biz kompyuter ishlatishda u zotdan qanday o‘rnak olamiz, bunga nima aloqasi bor? desa xato qiladi. Kompyuterni ishlatayotgan paytingizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning taqvo to‘g‘risidagi tavsiyalarini eslang. Kompyuterda xohlagan joyingizga xiyonat qilib bostirib kirish imkoniyati bor. Xiyonat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eslang. Ko‘zingiz har-xil narsaga tushib qolish xavfi bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:
“Nazar shaytonning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir”, degan tavsiyalarini eslang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ta’limotlaridan chetda qolgan birorta soha yo‘q azizlar. Mening soham unga tegishli emas, degan insonning, Alloh asrasin, iymonida shak bo‘lib qoladi. Shuning uchun har birimiz o‘zimizning sohamizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyuk namuna va buyuk o‘rnak bo‘lishini unutmaylik.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, hatto boshimizga tushgan musibatlarda ham bizga o‘rnakdir. Ko‘pincha bizni oldimizga ana shunday musibatlar bilan shikoyat qilib keladiganlar bor. Eng ko‘p shikoyatlardan biri oilaviy majorolar to‘g‘risida. Kelib: qori aka! ayolining injiqligidan, qaysarligidan, betarbiyaligidan shikoyat qiladi. Tarbiyalab bir narsani o‘rgatib bo‘lmayapti. Nima qilay? deydi. Ularga nima deymiz: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ayol kishi qovurg‘adan yaratilgandir. U sen uchun bir yo‘lda mustaqim turmas. Agar sen undan egriligi bo‘yicha huzurlansang, huzurlanib qolding. Agar uni to‘g‘rilayman desang, sindirasan. Uni sindirishing, taloq qilishingdir», deyilgan” (Ikki shayx, Termiziy rivoyat qilgan)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari Oisha onamiz, Hafsa onalarimiz va boshqalari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga injiqlik qilib, hattoki Rasululloh salollohu alayhi vasallamni qasam ichishga ham majburlagan-ku. Allohning Habibi, ikki olamning sarvari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarining roziligi uchun Alloh halol qilgan asalni iste’mol qilmayman, deb qasam ichganlar-ku. Alloh subhanahu va taolo tanbeh berib, keyin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga:
“Ey Nabiy! Nima uchun xotinlaring roziligini tilab, Alloh senga halol qilgan narsani harom qilasan! Alloh kechiruvchi va rahmdildir” deb oyat nozil qilgan. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollariki Allohning Habibiga shunday talablarni qo‘yib turgandan keyin siz bilan bizning ayolimiz qaysarlik qilmaydimi? injiqlik qilmaydimi?..
Mana azizlar, bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qanday ibrat bo‘lganlar.
Goho insonning boshiga musibat tushadi. Lekin kimlar uchundir bu musibatdan ko‘ra ham ulkanroq musibatlar bo‘lishi mumkin. Insonlar turli-tuman bo‘lganlaridek musibatlar ham har xil bo‘ladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson uchun o‘zi dunyoda eng yaxshi ko‘rgan narsasidan ayrilishi eng katta musibatdir. Kimlar uchun eng katta musibat mol-dunyodan ayrilishi, mansabidan ayrilishi, sihat-salomatligidan ayrilishi va yana kimlar uchun ota-onasidan ayrilishi bo‘lsa, kimlar uchun farzandidan ayrilishi eng katta musibatdir. Umumiy olganda xalqimizning ichida boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, yosh bo‘lsin, qari bo‘lsin eng katta musibat nima? degan savolga farzand dog‘i deb javob beradi. Bir tarafdan olib qaraganimizda, bu ham to‘g‘ri. Chunki hech qaysi inson o‘zidan avval farzandining vafot etishini ko‘z oldiga keltira olmaydi. Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqadi. Balki farzandini o‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yishini tasavvur ham qilolmaydi. Mana shuning uchun farzanddan ayrilish eng katta musibatlardan biri deb e’tirof qilinadi. Lekin taqdirdan qochib qutilib bo‘lmaydi. Kimlarnidir boshiga ana shunday musibat yetsa, ko‘pincha o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadi. Mana shunday paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ibrat olishimiz kerak. U zoti bobarakot bir emas, oltita farzandini muborak qo‘llari bilan tuproqqa qo‘yganlar. Birgina jigarbandi Fotima roziyallohu anho onamiz esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin olti oy yashadilar, xolos.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat o‘g‘il yoki faqat qizlarini emas, balki uch o‘g‘il, uch qizni tuproqqa qo‘ydilar. Keling, shulardan biri Moriya Qibtiya onamizdan tug‘ilgan o‘g‘illarining vafot etish hodisasini yodga olaylik.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari Ibrohim qattiq bezgak tutib yotganida o‘n sakkiz oylik edi.
U Zot uning oldiga kirganlarida titrab, qaqshab yotar edi. Bir ozdan keyin esa jon taslim qildi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlaridan yosh oqa boshladi.
Yonlarida turgan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu: “Siz-a, Yo Rasululloh!” dedilar (Ya’ni bizni yig‘lashdan qaytarar edingiz, endi esa o‘zingiz yig‘layapsizmi?) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ko‘z yosh oqizadi, qalb mahzun bo‘ladi, lekin biz Alloh norozi bo‘ladigan ishni qilmaymiz, deb yana yig‘ladilar, o‘g‘illari Ibrohimni ham tuproqqa topshirdilar.
Ba’zilar kelib, “Qori aka! Men farzand dog‘iga uchradim, butun dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib, hech narsani qizig‘i qolmadi”. deydi. “Ota-onangiz hayotmi?” deb so‘rasak, “Ha, ota-onam hayot alhamdulillah”, deydi. “Ota-onangiz ham ko‘zingizga ko‘rinmayaptimi?” desak, “Farzand dog‘i yomon ekan, ota-onam ham ko‘zimga ko‘rinmay qoldi”, deydi.
Siz hato qilasiz. Haqiqiy mo‘min-musulmon inson bunday bo‘lmaydi. Farzandidan ayrilsa, ota-onasi hayot bo‘lsa “Alhamdulillah! Boshimda soyabon, duogo‘yim ota-onam bor. Alloh o‘zingga hamdu sanolarim bo‘lsin” deyish kerak. Otasini olsa, Allohim, alhamdulillah! otamni olding, duogo‘yim volidai mehribonim qoldi. Farzandlarim sihat-salomat, shunisiga ham shukr deyishimiz kerak. Onasini olsa, Yo Robbim duogo‘yim bo‘lmish ota-onamni olding, o‘zing rahmatingga olgin. Farzandlarimni tirik saqlab qoldin-ku, shuning uchun Senga hamdu sanolar bo‘lsin deyishimiz kerak.
Ana shunday holda eng katta musibat farzand dog‘iga yo‘liqqan ota-onalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tarixlarini o‘qinglar. Siz, bitta farzand yerga qo‘ydingiz, ikkitani qo‘ydingiz, boring ana uchtani qo‘ydingiz. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Allohning Habibi bo‘la turib oltita farzandni tuproqqa topshirdilar. Aytingchi, biz shunday katta musibatni ko‘tara olarmidik?
Allohning habibi bo‘lsalar, U zotning farzandlari orqali nasl-nasablari dunyoga tarqalishi kerak edi-ku. Zurriyotlaridan bitta o‘g‘il bola farzand qolmasa ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday katta musibatlarni ko‘tarib, mardonavor yengib o‘tdilar-ku. Mana Alloh subhanahu va taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni bizga qanday o‘rnak qilib yaratib qo‘ydi. Ana shu zotdan ibrat olishimiz kerak. Ana shu zotning hayotini yaxshilab o‘rganishimiz kerak. Shundagina har qanday sinovlarga chidab, uni mardonavor yengib o‘ta olamiz. Aks holda hayotning sinovlari oldida, uning musibatlari, kulfatlari, balolari oldida, tiz cho‘kib, sinib qolamiz, parcha-parcha bo‘lib ketamiz. Hattoki ba’zi birlar iymonidan ham ayrilib qoladilar. Oddiygina mol-dunyoning sinoviga sabr qilolmasdan iymonidan ayrilayotganlar bor. Farzand dog‘iga chidolmasdan, “Ey Alloh o‘zi bittayu bitta farzandim bo‘lsa, shunga ham muhtojmiding! Uning o‘rniga mening jonimni olsang bo‘lmasmidi ? deb dod-faryod, oh-voh qilayotganlar yo‘q emasmi? Albatta bor.
Ha, kim unga bitta farzand ko‘rgin dedi. Alloh bergan to‘tta-beshta farzandni hali homilaligida oldirib tashlab, o‘ldirib yubordi. Endi esa bittagina farzandim bor edi, shuni ham Alloh tortib oldi. Shu kerakmidi, kerak bo‘lsa meni jonimni olmaydimi deyayotgan “mard”lar bor.
Alloh bergan shunday farzandlardan yuz o‘girib, ular hali dunyo yuzini ko‘rmasidanoq “shifokor”ning qo‘li orqali o‘ldirtirib, axlatxonaga tashlattirvorgan emasmidi? Endi esa mutlaqo farzandsiz qolgani sababli dod-daryod qilib o‘zini bolajon ota-onaga o‘xshatadi.
Inson shunday noshukr-da. Alloh ikkita-uchta farzand bersa bo‘ldi, qolgani kerak emas, deyishni boshlaydi. Alloh O‘zi bergan narsani olayotganda esa ko‘ziga farzand ko‘rinib dod deb yuboradi. Vaholanki, Alloh bergan o‘sha omonatni. O‘zi xohlagan paytda oladi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Qaysi bir bandaga musibat yetganda «Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun» desa va so‘ngra «Allahumma ajirni fi musiybati vaxluf li xoyrom-minha» (Ey Allohim, menga musibatimda ajr va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin) desa, albatta, Alloh unga ajr beradi va unga buning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi», deganlarini eshitdim. (Beshovlaridan, faqat Buxoriy rivoyat qilmagan).
Azizlar, buni qarangki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning butun hayotlari biz uchun har taraflama o‘rnak, hattoki vafotlari ham eng katta o‘rnak bo‘ldi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlari ham oddiy vafot emas, oddiy o‘lim emas, balki U zotning vafot etishlari, barcha ummatlar uchun katta darslik va ibrat bo‘ldi. Chunki mo‘min-musulmonlar uchun dunyoda bundan katta musibat yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni o‘zlari: “Ummatim men vafot etganda uchraganchalik katta musibatga uchramaydi”, deganlar. Agar kimiki eng katta musibatga uchradim desa xato qilgan bo‘ladi. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bo‘lmagan bo‘ladi. Yuzta farzandimiz bo‘lsa, yuztasi vafot etsin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganchalik katta musibatga duchor bo‘lolmaymiz. Chunki biz mo‘min-musulmonmiz.
Hazrati Umar roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz», deganlar.
Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
«Unday bo‘lsa, bo‘lmapti. O‘zingdan ko‘ra ham bo‘lishi kerak», deganlar. Hazrati Umar darhol:
«O‘zimdan ko‘ra ham!», deganlarida u zot alayhissalom:
«Ana endi bo‘ldi, ey Umar», deganlar. Ya’ni, ana endi iymoning komil bo‘ldi, deganlar.
Demak, inson uchun dunyoda eng katta musibat o‘zi eng yaxshi ko‘rgan narsasidan yoki kishisidan ayrilish bo‘ladi. Shunday ekan, biz mo‘min-musulmonlar, dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishimiz kim?, albatta Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Agar U zotdan ko‘ra birortasini yaxshiroq ko‘raman desangiz, sizning imoningiz komil emas. Ana shu zotning vafot etganlaridan ko‘ra ham kattaroq musibat bor desangiz, bu ham sizning iymoningiz zaif ekaniga dalolatdir. Tezroq uni quvvatlashtiring. Zotan, ota–onangiz, farzandingiz va dunyodagi barcha narsadan ko‘ra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘proq sevmaguningizcha haqiqiy komil mo‘min-musulmon bo‘lolmaysiz. Demak, biz ummatlar uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari aytganlaridek, eng katta musibat – u zotning vafot etgan kundir. Haqiqatan, bu buyuk bir musibat edi. Biz hozir shu musibatni his qilganimizda, chiday olmay qolamiz, dod deb yuboramiz. Sahobai kiromlar qanday holatga tushgan ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutaxxoralari qanday holatga tushgan ekanlar. U zotning nabiralari imom Hasan, imom Husayinlar-chi? U zotning doimo yonida yurgan haqiqiy siddiq do‘stlari Abu Bakr qanday holatda bo‘lgan ekanlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hattoki tupuglari, tahorat suvlari yerga tushmasin deb, tabarrukona olib yuzlariga surtgan Hazrati Umar boshchiliklaridagi sahobai kiromlar qanday holatga tushgan ekanlar. Buni biz tasavvur qilib ko‘ra olamizmi? Buning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlarini vujudimizda his qilishimiz va u zotni ota-onamiz va farzandlarimizdan ko‘ra ham yaxshiroq tanishimiz kerak.
Ma’lumotlarni to‘liq o‘rganib, butun borlig‘imizga u zotning muhabbatini singdirsak, ana shunda u zotning vafot etish tarixlari, voqealarini o‘qiganimizda ko‘zimizdan tinmasdan yosh oqadi. Ishonmasangiz, har kuni o‘qib ko‘ring, har kuni yig‘laysiz. Sahobai kiromlarning holatini ko‘z oldingizga keltirasiz. Metindek irodali, kimsan Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etmaydilar”. Xuddi Muso Alloh bilan so‘zlashgani Tur tog‘iga ketganlaridek, Robbisi bilan uchrashgani ketdilar. Yaqin orada qaytib keladilar. Kim o‘ldi desa oyoq-qo‘llarini kesaman” deya qilichlarini yalang‘ochlagan holda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hovlilarida u yoqdan bu yoqqa yugurib yurar edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Madinai munavvaraning chetidagi sulh degan bir joyda ekanlar. Bu shum xabarni eshitdilar-u otga minib tezlik bilan yetib kelib, to‘g‘ri qizlari Oysha onamiz roziyallohu anhoning hujralariga kirdilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu hujrada yotgan edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu kirib keldilar-da, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini silab turib: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh! Allohimning taqdir etgan o‘limini totibsiz. Ammo bundan keyin endi abadiy hayotdasiz! Hayotligingizda ham ko‘rkam edingiz, o‘limingizda ham ko‘rkamsiz!” dedilar va takror o‘pib yuzlarini yopib qo‘ydilar. Ahli baytga tasalli va sabr tilab Hujrai saodatdan tashqariga chiqib: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki marta o‘lim sharbatini totmaydilar. U zot bir marta tortdilar. Ya’ni bir marta vafot etdilar, qaytib kelib yana vafot etmaydilar. O‘zlaringni o‘nglab olinglar. Barcha payg‘ambarlar vafot etganlari kabi, Rasululloh alayhi solatu vassallam ham vafot etdilar degan ma’noda va’z-irshod qildilar.
Ha azizlar, ana shunday katta musibatni sahobai kiromlar boshlaridan o‘tkazdilar. Azizlar, shu musibat to‘g‘risidagi kitoblarni bir o‘qing, ma’lumotlarni o‘rganing va ibrat oling.
Is'hoqjon domla BЕGMATOV,
O‘MI masjidlar bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
- 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي
.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir
Nazmiy bayoni:
Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.
Lug‘atlar izohi:
لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.
الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.
النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.
كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.
مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.
اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.
خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.
Matn sharhi:
Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.
Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:
“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].
Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:
“(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].
Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar
Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:
Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:
1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:
“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].
Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:
“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].
Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.
2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:
“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:
ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.
“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:
عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:
Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:
“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].
Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:
“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].
Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ
Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.
Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:
“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .
Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.
Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni