Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Dekabr, 2024   |   20 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
21 Dekabr, 2024, 20 Jumadul soni, 1446

Yuksak fazilatli amallar sari

29.11.2017   5082   5 min.
Yuksak fazilatli amallar sari

Alloh azza va jalla belgilagan vaqtda va mavsumda hajga borish hamda ota-onaga yaxshilik qilish sanab adog‘iga yetolmaydigan fazilatlarga to‘ladir. Bunga doir bir necha ibratli voqealar bor.  

Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu aytadiki: Biz Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu bilan u kishini xalifaligining ilk  davrida birga haj qildik. Mo‘minlar amiri  Baytullohga kirganida tavof vaqtida Hajar al-asvadni o‘par ekan, bunday dedi: “Seni o‘payapman, holbuki, sen oddiy toshsan. Sen na foyda va na zarar ham yetkaza olasan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pgani uchun o‘pmoqdaman. Agar bunday bo‘lmaganida edi, seni hargiz o‘pmagan bo‘lardim!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar Makkaga qarab yo‘lga chiqqanda tuyaga minishdan malollanib qolsa o‘shani minar edi. Yana boshiga o‘rab yuradigan sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagida ketayotgan edi, bir a’robiy o‘tib qoldi.

–   Sen falonchining o‘g‘li falonchi emasmisan? – so‘radi Ibn Umar.

–   Ha shunday, – deb javob berdi a’robiy.

Ibn Umar roziyallohu anhumo unga eshagini berib:

–   Mana buni minib ol! – dedi va sallasini ham berib:

– Buni boshingga o‘rab olgin, – dedi.

Shunda u kishining ba’zi hamrohlari:

–   Alloh Sizni mag‘firat qilsin! Nega bu a’robiyga minib kelayotgan eshagingizni va boshingizga o‘rab yurgan sallangizni berib yubordingiz – deb so‘rashdi.
U kishi:

–   Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshiliklarning  eng ezgusi kishining otasi vafot etganidan keyin uning do‘stlari bilan  yaxshi munosabatda bo‘lishidir”, deb aytganlarini eshitganman. Uning otasi mening otam Umar ibn al-Xattobning (roziyallohu anhu) do‘sti edi, –  dedi (Imom Muslim rivoyati).

Mazkur ikki qissadan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u zotning sunnatlariga amal qilish qanday bo‘lishi va vafot etgan ota-onasiga farzandning yaxshilik  qilishi  qay holatda bo‘lishini anglab olishimiz mumkin. Bu o‘rnak olishga arzigulik  ibratli darslardandir.

Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Rivoyat qilinishicha bir kishi onasini yelkasida ko‘tarib Baytullohni tavof qildiribdi.

Tavofni tugatgach, bu amalini ona uchun qilingan katta xizmat, beqiyos xayru ehson deb, o‘ylagan o‘g‘il Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:

– Onamning mendagi haqqini ado etdimmi? – deb so‘rabdi.

Rasululloh unga:  

– Yo‘q! Sen bir marotaba oh urishining haqqini ham ado etolmading, – dedilar (Ya’ni, onasini ko‘tarib tavof qildirishi uning homiladorlik vaqtidagi qiyinchilik lahzalaridan biriga ham teng emasligini aytdilar).

Agar biz Alloh azza va jallaning roziligini topish uchun bor kuchimizni ota-onamizning xizmatiga sarflasak, naqadar baxtli inson bo‘lar edik!.

Hotam bin al-Asam farzandlarini chaqirib, shunday dedi: “Men bu yil hajga borishni istayman”. Uning bolalari yig‘ladilar va aytdilarki: “Ey otajon, siz haj safariga bormoqchi bo‘lsangiz, bizlarni kimga qoldirib ketmoqchisiz?”

Shunda Hotam bin al-Asamning qizlaridan biri: “Yig‘idan to‘xtanglar, otamizni hajga borishlari uchun uni o‘z holiga qo‘yinglar. Alloh azza va jallaning rizq beruvchi zot ekanini bilmaysizlarmi, bu xususda Qur’oni karimda shunday deyilgan-ku:      

إِنَّ اللَّهَ هُوَ الرَّزَّاقُ ذُو الْقُوَّةِ الْمَتِينُ

Zero, Allohning o‘zi Razzoq (rizq beruvchi), quvvatli va Matin (qudratli)dir.

Shundan so‘ng bolalar opasini koyib och holida uxlagani yotishdi. Kunlarning birida bu uy yonidan o‘sha mamlakatning amiri o‘tib qoldi. Amir chanqog‘ini bostirish uchun yaqindagi uylardan biridan suv so‘radi. Unga Hotam bin al-Asam uyidan yangi ko‘zada suv keltirishdi, u suvdan ichib oldi va so‘radiki: Bu kimning uyi?. Shunda unga ayonlari: “Bu Hotam bin al-Asamning uyi”, deb javob berdilar. Shunda amir bu uyga bir tilla tanga tashladi va dediki: Agar kim meni hurmat qilsa men qilgan ishni bajaradi. So‘ngra amirning a’yonlari Hotam bin al-Asamning uyiga bir necha tilla tanga otdilar. Buni ko‘rib Hotam bin al-Asamning qizi yig‘lab yubordi. Uning onasi: “Nimaga yig‘layapsan, qizim?” deb so‘radi. Shunda u: “Alloh azza va jalla rizqimizni mo‘l qildi. Onajon, bizga Allohning bandasi nazarini qaratdi, bizni behojat qildi va bizga tashakkur aytdi. Agar Alloh azza va jallaning O‘zi bizga nazar solsa nima bo‘lishini tasavvur qiling!”

 Ilyos Ahmedov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   18548   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati