Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Islom ummatining ilm dengizi

29.11.2017   9007   5 min.
Islom ummatining ilm dengizi

U yosh bo‘lishiga qaramay, 1660 ta hadis rivoyat qilib, ko‘p hadis rivoyat qiluvchi sahobalardan beshinchisi bo‘ldi.

U bolaligidanoq o‘tkir farosatli, serg‘ayrat, kunduzlari ro‘zador, tunlari qoim edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir nafas ajralmas edi

U Nabiy alayhissalomga hurmati cheksizligidan namozda u zotning yonlarida turishga jur’at etolmasdan, “Ey Allohning Rasuli, men sizning yonigizda turishimdan ko‘ra ulug‘roqsiz”, deganida, u zot alayhissalom muborak qo‘llarini osmonga ko‘tarib, uning haqiga: “Ey Allohim, bunga hikmatni ato qilgin”, deb duo qilgan yigitdir.

U doimo Nabiy alayhissalomning xizmatida bo‘lib, u zotga nisbatan muhabbati benazir bo‘lgan sahobadir.

U Umar roziyallohu anhu ham o‘zini qiynagan ishlarda maslahat solgan va “Qani, bir sho‘ng‘ib ko‘rchi, ey g‘avvos”, degan yigitdir.

U – islom ummatining ilm dengizi, Qur’oni karimning tarjimoni, buyuk faqih sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudir.

Nabiy alayhissalomning umrlari so‘ngida hali o‘n to‘rt yoshga ham kirib ulgurmagan sahobaning o‘zidan yoshi ulug‘ ko‘plab sahobalarni hadis rivoyat qilishda ortda qoldirib, beshinchi o‘rinni olishi uning qanday buyuk inson ekanini yaqqol namoyon qiladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning dorul baqoga rihlatlaridan keyin ham ilm talab qilishni o‘ta tirishqoqlik bilan davom ettirdi. U kishi olim sahobalarni o‘zlariga ustoz deb bildi va Rasululloh alayhissalomdan o‘rgana olmay qolgan narsalarini o‘rganishga kirishdi. O‘sha kezda u zot ikki oyoqda yuruvchi tirik so‘roq belgisiga aylanib qolgan edi. Agar “Birov falon masalani bilar emish”, degan gapni eshitsa, o‘sha kishini topib, masalani undan o‘rganmaguncha tinchimas edi.

Shuningdek, u zot jamiki ustozlarini qattiq hurmat qilar edi. Bu esa tolibi ilmlar amal qilishi lozim bo‘lgan muhim qoidalardan biridir. U zot Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan dars olib yurgan  kunlardan birida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu manzildan chiqib, otga minmoqchi bo‘ldi. U zot otning jilovini ushlab turmoqchi bo‘lgan edi, ustozi bundan qaytardi. Shunda u: “Ulamolarimizni shunday hurmat qilishga buyurilganmiz”, degan edi, ustozi Zayd ibn Sobit bo‘lsa u zotning kaftlarini ushlab o‘pib, “Rasululloh alayhissalomning oilalariga shunda muomalada bo‘lishga buyurilganmiz”, dedi.  U zot o‘sha vaqtlarda faqat ilm uchun yashar, butun vujudi, barcha imkoniyati ilm olishga qaratilgan edi. Rivoyatlarda kelishicha, u zotdan ba’zi odamlar: “Buncha ilmga qandoq qilib erishdingiz?”, deb so‘raganida: “Savol beruvchi til bilan, aqlli qalb bilan”, deb javob bergan ekan.

Umar roziyallohu anhu bir kuni yolg‘iz qolib, u zotga odam yubordi. Kelganida u zotga “Kitobi bir, nabiysi bir va qabilasi bir bo‘laturib, bu ummat qanday qilib ixtilof qilishi mumkin?!”, dedi. “Ey mo‘minlarning amiri, bizga  Qur’on nozil bo‘ldi, biz uni o‘qidik va nima haqida nozil bo‘lganini bildik. Bizdan keyin shunday qavmlar bo‘lurki, ular Qur’onni o‘qurlar, ammo nima haqida nozil bo‘lganini bilmaslar. Bas, har bir qavmning o‘z fikri bo‘lur. Har bir qavmning o‘z fikri bo‘lganda, ixtilofga tusharlar, so‘ngra urusharlar”, dedi u zot. Ilmi  nihoyatda o‘tkir, serqirra va ko‘p bo‘lganidan u zot “Islom ummatining ilm dengizi” laqabini olgan edi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u zotni o‘z yaqinlariga o‘tqizib: “Men Rasululloh alayhissalomning seni chaqirib, boshingni silab, og‘zingga tupura turib: “Ey Allohim, uni dinda faqih qilgin, unga ta’vilni o‘rgatgin”, deganlarini ko‘rganman”, der edi. U zot o‘zi ilm dengizi bo‘lishi bilan birga, boshqalarni ham ilmga targ‘ib qilar edi.

Ibn Zanjavayh Ali al-Avdiydan quyidagilarni rivoyat qiladi: “U zotdan jihod haqida so‘radim. Shunda u zot: “Men seni jihoddan ham yaxshiroq narsaga dalolat qilayinmi? Qur’onni va fiqhni o‘rgan, ilm o‘rgan”, dedi”.

Ibn Abbos roziyallohu anhu Makka fiqh maktabining asoschilaridan bo‘lib, u zotning shogirdlari orasida Masruq, Ikrima kabi ilmda zabardast va peshqadam zotlar bor edi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning eshigi oldida insonlar ilm o‘rganish uchun saf-saf bo‘lib navbatga turar edi.

Xulosa qilib aytganda, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ummat har qancha faxrlansa arziydigan hamda Allohning dinini bilishda ilmi bamisoli bepoyon ummon kabi bo‘lgan zot edi.

Isroil ZOKIROV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Majburlab erga berish durustmi?

11.07.2025   4831   1 min.
Majburlab erga berish durustmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.

Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.

Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.

O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.

Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib: 


لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.