U yosh bo‘lishiga qaramay, 1660 ta hadis rivoyat qilib, ko‘p hadis rivoyat qiluvchi sahobalardan beshinchisi bo‘ldi.
U bolaligidanoq o‘tkir farosatli, serg‘ayrat, kunduzlari ro‘zador, tunlari qoim edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir nafas ajralmas edi
U Nabiy alayhissalomga hurmati cheksizligidan namozda u zotning yonlarida turishga jur’at etolmasdan, “Ey Allohning Rasuli, men sizning yonigizda turishimdan ko‘ra ulug‘roqsiz”, deganida, u zot alayhissalom muborak qo‘llarini osmonga ko‘tarib, uning haqiga: “Ey Allohim, bunga hikmatni ato qilgin”, deb duo qilgan yigitdir.
U doimo Nabiy alayhissalomning xizmatida bo‘lib, u zotga nisbatan muhabbati benazir bo‘lgan sahobadir.
U Umar roziyallohu anhu ham o‘zini qiynagan ishlarda maslahat solgan va “Qani, bir sho‘ng‘ib ko‘rchi, ey g‘avvos”, degan yigitdir.
U – islom ummatining ilm dengizi, Qur’oni karimning tarjimoni, buyuk faqih sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudir.
Nabiy alayhissalomning umrlari so‘ngida hali o‘n to‘rt yoshga ham kirib ulgurmagan sahobaning o‘zidan yoshi ulug‘ ko‘plab sahobalarni hadis rivoyat qilishda ortda qoldirib, beshinchi o‘rinni olishi uning qanday buyuk inson ekanini yaqqol namoyon qiladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning dorul baqoga rihlatlaridan keyin ham ilm talab qilishni o‘ta tirishqoqlik bilan davom ettirdi. U kishi olim sahobalarni o‘zlariga ustoz deb bildi va Rasululloh alayhissalomdan o‘rgana olmay qolgan narsalarini o‘rganishga kirishdi. O‘sha kezda u zot ikki oyoqda yuruvchi tirik so‘roq belgisiga aylanib qolgan edi. Agar “Birov falon masalani bilar emish”, degan gapni eshitsa, o‘sha kishini topib, masalani undan o‘rganmaguncha tinchimas edi.
Shuningdek, u zot jamiki ustozlarini qattiq hurmat qilar edi. Bu esa tolibi ilmlar amal qilishi lozim bo‘lgan muhim qoidalardan biridir. U zot Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan dars olib yurgan kunlardan birida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu manzildan chiqib, otga minmoqchi bo‘ldi. U zot otning jilovini ushlab turmoqchi bo‘lgan edi, ustozi bundan qaytardi. Shunda u: “Ulamolarimizni shunday hurmat qilishga buyurilganmiz”, degan edi, ustozi Zayd ibn Sobit bo‘lsa u zotning kaftlarini ushlab o‘pib, “Rasululloh alayhissalomning oilalariga shunda muomalada bo‘lishga buyurilganmiz”, dedi. U zot o‘sha vaqtlarda faqat ilm uchun yashar, butun vujudi, barcha imkoniyati ilm olishga qaratilgan edi. Rivoyatlarda kelishicha, u zotdan ba’zi odamlar: “Buncha ilmga qandoq qilib erishdingiz?”, deb so‘raganida: “Savol beruvchi til bilan, aqlli qalb bilan”, deb javob bergan ekan.
Umar roziyallohu anhu bir kuni yolg‘iz qolib, u zotga odam yubordi. Kelganida u zotga “Kitobi bir, nabiysi bir va qabilasi bir bo‘laturib, bu ummat qanday qilib ixtilof qilishi mumkin?!”, dedi. “Ey mo‘minlarning amiri, bizga Qur’on nozil bo‘ldi, biz uni o‘qidik va nima haqida nozil bo‘lganini bildik. Bizdan keyin shunday qavmlar bo‘lurki, ular Qur’onni o‘qurlar, ammo nima haqida nozil bo‘lganini bilmaslar. Bas, har bir qavmning o‘z fikri bo‘lur. Har bir qavmning o‘z fikri bo‘lganda, ixtilofga tusharlar, so‘ngra urusharlar”, dedi u zot. Ilmi nihoyatda o‘tkir, serqirra va ko‘p bo‘lganidan u zot “Islom ummatining ilm dengizi” laqabini olgan edi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u zotni o‘z yaqinlariga o‘tqizib: “Men Rasululloh alayhissalomning seni chaqirib, boshingni silab, og‘zingga tupura turib: “Ey Allohim, uni dinda faqih qilgin, unga ta’vilni o‘rgatgin”, deganlarini ko‘rganman”, der edi. U zot o‘zi ilm dengizi bo‘lishi bilan birga, boshqalarni ham ilmga targ‘ib qilar edi.
Ibn Zanjavayh Ali al-Avdiydan quyidagilarni rivoyat qiladi: “U zotdan jihod haqida so‘radim. Shunda u zot: “Men seni jihoddan ham yaxshiroq narsaga dalolat qilayinmi? Qur’onni va fiqhni o‘rgan, ilm o‘rgan”, dedi”.
Ibn Abbos roziyallohu anhu Makka fiqh maktabining asoschilaridan bo‘lib, u zotning shogirdlari orasida Masruq, Ikrima kabi ilmda zabardast va peshqadam zotlar bor edi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning eshigi oldida insonlar ilm o‘rganish uchun saf-saf bo‘lib navbatga turar edi.
Xulosa qilib aytganda, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ummat har qancha faxrlansa arziydigan hamda Allohning dinini bilishda ilmi bamisoli bepoyon ummon kabi bo‘lgan zot edi.
Isroil ZOKIROV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla (farishtalarga) aytadi: «Bandam biror yomonlikka shaylansa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta yomonlik yozinglar. Agar biror yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, bitta yaxshilik deb yozinglar. Agar uni qilsa, o‘nta (yaxshilik) yozinglar» (Imom Muslim rivoyati).