Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Mo‘minlarning onalari

29.11.2017   7519   2 min.
Mo‘minlarning onalari

Payg‘ambar alayhissalomning zavjalari bo‘lishdek ulug‘ sharafga ega bo‘lgan onalarimiz islom dini rivoji va ravnaqi uchun katta hissa qo‘shganlar. Birgina Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdan 2210 ta hadis rivoyat qilganlar. Ushbu hadislarda ibodat, muomalot, xususan, ayollarga tegishli ko‘plab fiqhiy masalalar bayon qilingan.

Alloh taolo tomonidan onalarimiz haqida oyati karima ham nozil qilingan. Ahzob surasining 32-34 oyatlarida shunday deydi:

Ey, Payg‘ambar ayollari! Agar taqvodor bo‘lsangiz, (o‘zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsiz. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so‘z qilmangiz, aks holda qalbida buzuqlik bo‘lgan kimsa (sizdan) tama qilib qolur. Yaxshi (to‘g‘ri) so‘zni so‘zlangiz! O‘z uylaringizda qaror topingiz, (ko‘chaga chiqqaningizda) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangiz! Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etingiz! Ey, (Payg‘ambarning) xonadon ahli! Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos.

Islom tarixiga nazar solsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamtarona hayot kechirishni ixtiyor etganlarini ko‘ramiz. Bu imkon yo‘qligi yoki noilojlikdan emas, faqirona kun ko‘rishni afzal bilganlaridan edi. Agar xohlasalar butun dunyo ziynatlari oyoqlari ostida muhayyo qilinardi, lekin buni ixtiyor etmadilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan onalarimiz ham qanday qiyinchilik, mashaqqat bo‘lmasin, sabr qildilar, bu bilan barcha muslima ayollarga o‘rnak bo‘ldilar. Ular yer yuzidagi eng ulug‘ zot bilan birga oila qurib yashayotganlarini juda yaxshi bilar edilar. Ularning uyida eng ulug‘ kalom - Qur’on oyatlari tushib turar edi. Onalarimiz nafaqat mol-dunyoga, ayshu ishratga berilmaslikda, balki, mas’uliyatni sezishda ham, oxiratni bu dunyodan ustun qo‘yishda ham boshqalardan farq qilishlari lozim edi. Shunday bo‘ldi ham. Jamiki soliha ayollarga namuna va ibrat bo‘lib qoldilar.

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Oybek MARUPOV.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Nega Usmonli sultonlar haj ziyoratiga bormagan?

14.01.2025   2866   1 min.
Nega Usmonli sultonlar haj ziyoratiga bormagan?

Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:

1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.

2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.

Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.