Payg‘ambar alayhissalomning zavjalari bo‘lishdek ulug‘ sharafga ega bo‘lgan onalarimiz islom dini rivoji va ravnaqi uchun katta hissa qo‘shganlar. Birgina Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdan 2210 ta hadis rivoyat qilganlar. Ushbu hadislarda ibodat, muomalot, xususan, ayollarga tegishli ko‘plab fiqhiy masalalar bayon qilingan.
Alloh taolo tomonidan onalarimiz haqida oyati karima ham nozil qilingan. Ahzob surasining 32-34 oyatlarida shunday deydi:
“Ey, Payg‘ambar ayollari! Agar taqvodor bo‘lsangiz, (o‘zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsiz. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so‘z qilmangiz, aks holda qalbida buzuqlik bo‘lgan kimsa (sizdan) tama qilib qolur. Yaxshi (to‘g‘ri) so‘zni so‘zlangiz! O‘z uylaringizda qaror topingiz, (ko‘chaga chiqqaningizda) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangiz! Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etingiz! Ey, (Payg‘ambarning) xonadon ahli! Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos”.
Islom tarixiga nazar solsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamtarona hayot kechirishni ixtiyor etganlarini ko‘ramiz. Bu imkon yo‘qligi yoki noilojlikdan emas, faqirona kun ko‘rishni afzal bilganlaridan edi. Agar xohlasalar butun dunyo ziynatlari oyoqlari ostida muhayyo qilinardi, lekin buni ixtiyor etmadilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan onalarimiz ham qanday qiyinchilik, mashaqqat bo‘lmasin, sabr qildilar, bu bilan barcha muslima ayollarga o‘rnak bo‘ldilar. Ular yer yuzidagi eng ulug‘ zot bilan birga oila qurib yashayotganlarini juda yaxshi bilar edilar. Ularning uyida eng ulug‘ kalom - Qur’on oyatlari tushib turar edi. Onalarimiz nafaqat mol-dunyoga, ayshu ishratga berilmaslikda, balki, mas’uliyatni sezishda ham, oxiratni bu dunyodan ustun qo‘yishda ham boshqalardan farq qilishlari lozim edi. Shunday bo‘ldi ham. Jamiki soliha ayollarga namuna va ibrat bo‘lib qoldilar.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Oybek MA’RUPOV.
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan