(1 dekabr – OITSga qarshi kurash kuni)
Muhtaram birodarlar! Bugun 1 dekabr kuni dunyo bo‘yicha xalqaro OITSga qarshi kurash kuni deb belgilangan. Ma’lumki, bu kasallik inson organizmidagi kasallikka qarshi kurashuvchanlik qobiliyati (immunitet)ning yo‘qolishi bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi kunda bu kasallikning davosini topish ustida mutaxassislar izlanishlar olib bormoqdalar.
Muqaddas dinimizning ilohiy ta’limotida inson uchun zarur bo‘lgan sog‘liqning ulug‘ ne’mat ekanligi, uning qadriga yetish, zarurligi alohida ta’kidlagan. Bu haqda Payg‘ambarimiz s.a.v. shunday marhamat qilganlar:
عن ابن عباسٍ رضي الله عنهما قال: قال النبيُّ صلَّى الله عليه وسلم: "نِعمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ الصِّحَّةُ وَالفَرَاغُ" ( رواه الامام البخاري).
ya’ni: Ibn Abbos r.a. rivoyat qilib aytadilar, Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Ikki ne’mat bor, ko‘pchilik kishilar bu ikkisining qadriga yetmaydilar: sihat-salomatlik va xotirjamlik” (Imom Buxoriy rivoyati). Darhaqiqat, sihat-salomatlik shunchalik ulug‘ ne’mat bo‘lishiga qaramasdan, uning qadriga ko‘proq uni yo‘qotgan kishilar yetadi. Shuning uchun arab maqollarining birida aytiladi:
الصِّحَّةُ تَاجٌ عَلَى رُؤُوسِ الأَصِحَّاءِ لاَ يَرَاهُ إِلاَّ المرْضَى
ya’ni: “Salomatlik sog‘lom kishilarning boshidagi tojdir, uni esa faqat bemorlargina ko‘radi”. Yana boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh s.a.v. marhamat qilganlar:
عن عبد الله بن عثمان رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "سَلُوا اللَّهَ الْعَافِيَةَ، فَإِنَّهُ لَمْ يُعْطَ عَبْدٌ شَيْئًا أَفْضَلَ مِنَ الْعَافِيَةِ" (رواه الامام أحمد).
ya’ni: Abdulloh bin Usmon r.a. rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Allohdan ofiyatni so‘ranglar, zero, bandaga ofiyatdan afzal narsa berilmagan” (Imom Ahmad rivoyati). Ofiyat, bu salomatlik va omonlik demakdir. Shunga binoan, ota-bobolarimiz qachon va qayerda bo‘lmasinlar Alloh taolodan birinchi navbatda tinchlik va salomatlikni so‘raydilar.
Muhtaram azizlar! Salomatlik Alloh taoloning ulug‘ ne’mati ekan, biz bandalar uning shukronasini ado etmog‘imiz, ayni paytda uni asrashni zimmamizdagi omonat deb bilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Zero, qiyomat kuni Alloh taolo bizlarga bergan barcha ne’matlaridan hisob kitob qilar ekan, salomatligimiz haqida ham alohida so‘rashligi muqarrar. Bu haqda Payg‘ambarimiz s.a.v.dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ أَوَّلَ مَا يُسْأَلُ عَنْهُ يَوْمَ القِيَامَةِ - يَعْنِي العَبْدَ مِنَ النَّعِيمِ - أَنْ يُقَالَ لَهُ: "أَلَمْ نُصِحَّ لَكَ جِسْمَكَ وَنُرْوِيَكَ مِنَ المَاءِ البَارِدِ"
(رواه الامام الترمذي).
ya’ni: Abu Hurayra r.a. rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Albatta, qiyomat kuni bandadan birinchi bo‘lib so‘raladigan savol shuki: “Senga tanangni sog‘lom qilib bermaganmidik, seni muzdek suv bilan qondirmaganmidik” (Imom Termiziy rivoyati).
Inson sihat-salomatligi va aqliga zarar keltiradigan giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi illatlardan saqlanmoqligi lozim. Hozirda giyohvandlik insonga har tomonlama zarar berishini G‘arb va Sharq tabib-doktorlari bir ovozdan tasdiqlaganlar.
Inson hayoti, ayniqsa, yoshlarimiz kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan, giyohvandlik, ichkilikbozlikga qarshi kurashish Vatanimizning har bir ongli fuqarosi, qolaversa har birimizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotida mavjud zararli illatlarni yo‘q qilish va uning oldini olish har bir mo‘min-musulmonning sharafli burchidir.
Albatta, dinimizda kishiga kasallik yetganida uni davolashga izn berilgan. Hanafiy mazhabimiz ulamolari kasallikdan davolanishni umumiy ma’noda muboh deydilar. Ammo, kasallik og‘ir bo‘lib, uni davolashning iloji, ya’ni dorisi bor bo‘lsa, u holda davolanishni vojib, deganlar. Bunga quyidagi hadisi shirifni dalil qiladilar:
عَنْ أُسَامَةَ بْنِ شَرِيك رضي الله تعالى عنه قَالَ: أَتَيْتُ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم وَأَصْحَابُهُ كَأَنَّمَا عَلَى رُؤوسِهِمُ الطَّيْرُ فَسَلَّمْتُ ثُمَّ قَعَدْتُ فَجَاءَ الأَعْرَابُ مِنْ هَا هُنَا وَهَا هُنَا فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللَّهِ أَنَتَدَاوَى فَقَالَ: "تَدَاوَوْا فَإِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَ جَلَّ لَمْ يَضَعْ دَاءً إِلاَّ وَضَعَ لَهُ دَوَاءً غَيْرَ دَاءٍ وَاحِدٍ الْهَرَمُ"
(رواه الامام الترمذي).
ya’ni: Usoma bin Shariyk r.a. rivoyat qilib aytadilar: Men Payg‘ambar s.a.v.ning huzurlariga bordim. Sahobalari go‘yo boshlariga qush qo‘nib turganidek, qimir etmay o‘tirishar edi. Salom berib, so‘ngra o‘tirdim. Shu vaqt har tarafdan a’robiylar kelib: Yo Rasululloh! Davolansak bo‘ladimi? – deb so‘radilar. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Davolaninglar, zero, Alloh taolo biror dardni bergan ekan, uning davosini ham paydo qilib qo‘ygan, faqat bir darddan boshqa. U ham bo‘lsa keksalikdir” – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshiroq, degan naqlga muvofiq dinimizda salomatlikni asrashga katta e’tibor qaratilgan va uning oldini oladigan barcha omillar ko‘rsatib berilgan. Masalan, dinimizning poklik va ozodalikka barpo qilingani, mudom moddiy va ma’naviy poklikka buyurganining o‘zi ham shunga dalolat qiladi. Shuningdek, qaysi amallardan qaytargan va nima narsalarni harom qilgan bo‘lsa albatta, uning zamirida ham insonning sog‘ligini asrash, umuman hayotini himoya qilish maqsadi yotadi. Abdulloh ibn Umar r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh s.a.v. shunday dedilar:
عَنِ النَّبيِّى صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَمْ تَظْهَرِ الْفَاحِشَةُ فِي قَوْمٍ قَطُّ، حَتَّى يُعْلِنُوا بِهَا، إِلَّا فَشَا فِيهِمُ الطَّاعُونُ، وَالْأَوْجَاعُ الَّتِي لَمْ تَكُنْ فِي أَسْلَافِهِمُ الَّذِينَ مَضَوْا" (رواه الإمام ابن ماجه).
ya’ni: “Qaysi qavmda fahsh ishlar paydo bo‘lib, hatto uni oshkora qilishga o‘tsalar, u qavmda vabo va o‘tgan ota-bobolarida bo‘lmagan kasalliklar tarqaladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Hozirgi kunda OITS degan kasallikning asl paydo bo‘lish va tarqalish sababi aynan fahshu munkar ishlarga ruju qo‘yish, or-nomus, ibo-hayo, iffat kabi fazilatlarni unutib, razolat yo‘liga o‘tish ekanligi hech kimga sir emas. Shunday ekan, ajdodlarimiz hatto eshitmagan bunday ofatdan saqlanishimiz uchun milliy va diniy qadriyatlarimizga rioya qilishimiz ham muhim o‘rin tutadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَمَنْ يُبَدِّلْ نِعْمَةَ اللَّهِ مِنْ بَعْدِ مَا جَاءَتْهُ فَإِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ (سُورَةُ البقرة/211).
ya’ni: “Kim Allohning ne’mati kelgandan keyin uni o‘zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir” (Baqara surasi, 211-oyat). Boshqa bir oyatda esa,
ذَلِكَ بِأَنَّ اللَّهَ لَمْ يَكُ مُغَيِّرًا نِعْمَةً أَنْعَمَهَا عَلَى قَوْمٍ حَتَّى يُغَيِّرُوا مَا بِأَنْفُسِهِمْ
(سُورَةُ الْأَنْفَالِ/53).
ya’ni: “Bu (jazolarning sababi) Allohning bir qavmga in’om etgan ne’matini, to ular o‘zlaridagi narsani (munosabatni yomon holatga) o‘zgartirmagunlaricha, o‘zgartiruvchi bo‘lmaganidandir” - degan (Anfol surasi, 53-oyat). Shunday ekan, Alloh taolo ato etgan ulug‘ ne’mat bo‘lmish sog‘ligimizni asraylik, salomatlik vaqtimizni g‘animat bilib avvalo, o‘zimiz qolaversa, farzandlarimiz, el-yurtimiz manfaati va ravnaqi yo‘lida halol va savobli amallar qilish bilan bu ne’matning qadriga yetib, shukrini bajo keltiraylik. Zero, shukronasi ado etilgan ne’mat bardavom va bezavol bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz s.a.v. marhamat qiladilar:
عن أبى هريرة عن النَّبِيِّ صَلَّي اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا أَنزَلَ اللهُ دَاءً إِلاَّ أَنزَلَ لَهُ شِفَاءً"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Alloh qanday dardni bersa, uni shifosi bilan yuboradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Bugungi juma mav’izamizda davolanishga oid shar’iy odob va hukmlar haqida ma’lumot beramiz:
Alloh taolo yurtimizga tinchlik, xalqimizga ofiyat, rizqu ro‘zimizga barakotlar ato etib, ikki dunyomizni obod aylasin! Omin!
HAJ HAQIDA FATVO (Juma ma’ruzasiga ilova)
بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين، و الصلاة و السلام على رسوله محمد، و على اله، و اصحابه اجمعين اما بعد:
Mo‘min-musulmonlarga ma’lum va mashhurdirkim, Islom dini beshta rukn ustiga barpo qilingan bo‘lib, ular oxirzamon payg‘ambari Muhammad mustafo (s.a.v.)ning quyidagi hadisi muboraklari orqali bayon etilgandir:
عن أبي عبد الرحمن عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول:"بني الإسلام على خمس شهادة أن لا إله إلا الله ، وأن محمدا رسول الله ، وإقام الصلاة وإيتاء الزكاة، وحج البيت، وصوم رمضان" ) رواه الإمام البخاري والإمام مسلم(.
ya’ni: Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattob (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, men Rasululloh (s.a.v.)ning shunday deganlarini eshitdim: “Islom besh narsaga bino qilingan: Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga va albatta, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik bermoq, namoz o‘qimoq, zakot bermoq, baytni haj qilmoq va Ramazon ro‘zasini tutmoq” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, haj ibodati Islom arkonlarining so‘ngisi va eng ulug‘i hisoblanadi.
Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَلِلّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلاً ( سورة آل عمران/97).
ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Hajning farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar topilishi lozim bo‘ladi: hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta’minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi. Bundan tashqari, ayol kishiga eri yoki birorta mahrami hamrohlik qilishi ham hajning zarur shartlaridan sanaladi (Al-inoya sharhul-Hidoya).
Yuqoridagi shartlari topilgan kishiga umrida bir martta haj ibodatini bajarish farz bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu xususda shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فقَالَ: "أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ فَرَضَ اللَّهُ عَلَيْكُمُ الْحَجَّ فَحُجُّوا فقَالَ رَجُلٌ: أَكُلَّ عَامٍ يَا رَسُولَ اللَّهِ ؟ فَسَكَتَ حَتَّى قَالَهَا ثَلَاثًا، فقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَوْ قُلْتُ: نَعَمْ لَوَجَبَتْ وَلَمَا اسْتَطَعْتُمْ ثُمَّ قَالَ: ذَرُونِي مَا تَرَكْتُكُمْ فَإِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِكَثْرَةِ سُؤَالِهِمْ وَاخْتِلَافِهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ فَإِذَا أَمَرْتُكُمْ بِشَيْءٍ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْ وَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عَنْ شَيْءٍ فَدَعُوهُ (رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh (s.a.v.) bizga xitob qilib: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Alloh taolo sizlarga hajni farz qildi. Bas, haj qilinglar!” – dedilar. Bir kishi: Yo, Rasululloh! Har yilimi? – deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) javob bermadilar. Uch marta so‘radi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Agar ha, desam vojib bo‘lib qolar edi va sizlar bunga qodir bo‘lolmas edingiz”, dedilar. So‘ngra: “Sizlarga aytmagan narsamni menga qo‘yib beringlar. Batahqiq, sizlardan oldingi ummatlarning halokatga uchrashiga ko‘p savol berganlari va payg‘ambarlariga ixtilof qilganlari sabab bo‘lgan edi. Shuning uchun, qachon sizlarni biror narsaga buyursam, qo‘lingizdan kelganicha bajaring, qachon biror narsadan qaytarsam, undan butkul qayting” – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min-musulmonlarimiz shuni yaxshi bilib olmoqlari lozimdurkim, haj amali inson umrida bir marta bajariladigan ulug‘ ibodat bo‘lgani bois, uning mukammal ado etilishi uchun nafaqat moddiy imkoniyatga ega bo‘lish, balki unga jismoniy, ruhiy va ma’naviy tayyorgarlik ko‘rish ham zarurdir. Zero, haj ibodatining beshinchi rukn ekanligi ham bejizga emas. Shuning uchun musulmon kishi besh vaqt namozni ado etgan, Ramazon ro‘zalarini tutgan va molining zakotini mustahiqlarga bergan bo‘lishi ham juda muhimdir. Qolaversa, haj amallari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish hajga otlangan har bir kishining zimmasiga lozimdir.
Alhamdulilloh, keyingi yillarda yurtimizdan haj safariga borishni niyat qilgan musulmonlarning soni ortib bormoqda. Mahallalarda hajga borishni ixtiyor qilgan fuqarolar navbatlari kelishini intizorlik bilan kutmoqdalar. Shu nuqtayi nazardan, muhtaram fuqarolarimizga shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, hajga borish imkoniyatini qo‘lga kiritish nafaqat navbatning kelishi bilan, balki o‘tgan vaqt davomida el-yurtga xizmat qilish, mahalla ahliga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solish kabi savobli ishlarni qilishda hammaga o‘rnak va namuna bo‘lish, shu bilan mahalla ahli va mo‘min-musulmonlar tomonidan hajga borishga haqli, deb e’tirof etilishiga ko‘proq bog‘liqdir. Zero, hoji degan nomga sazovor bo‘lish qanchalik sharafli bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish shunchalik mashaqqatli ekanini ham idrok etmoq lozim.
O‘tgan yillar davomida haj safariga borayotgan fuqarolarimizning holatini kuzatish asnosida shu narsaga ham guvoh bo‘lmoqdamizki, ayrim kishilar o‘zlari hajga borishga na moddiy imkoniyati va na rag‘bati bo‘lgan holda yoki sog‘ligi yaxshi emasligi yoxud uzoq safarga borishga layoqatli emasligiga qaramasdan ularning o‘g‘il-qizlari go‘yoki o‘z farzandlik burchlarini bajarish yoki el-yurt orasida soxta obro‘ topish maqsadida ota-onalarini haj safariga jo‘natayotganlari, oxir-oqibat haj amallaridagi mashaqqatlar ular uchun og‘ir tuyulib, ibodatlarni mukammal ado etishga bee’tibor bo‘linayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Holbuki, haj ibodatining maqbul bo‘lishi haj qilayotgan kishining odob-axloqining go‘zal bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘lib, birovlar bilan janjallashish, boshqalarga malol keltiradigan xatti-harakatlar qilish ham haj amaliga putur yetkazadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v):
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Kim haj qilsa, unda gunoh va fisqu fasod ishlarni qilmasa go‘yo onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqdek gunohlardan forig‘ bo‘lib qaytadi”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Barchamizga ma’lumki, yurtimizdan minglab musulmonlar hajga borar ekan, ushbu o‘rinni, haqiqatan, haj ibodatini ixlos bilan ado etadigan, yuqorida zikr etilgan hajning shartlariga to‘liq javob beradigan mo‘min-musulmonlar bilan qoplansa, birinchidan, Alloh taoloning chaqirig‘iga “Labbaykallohumma labbayka”, deb talbiya aytishga haqli bo‘lgan kishilarni hajga yuborish sharafiga muyassar bo‘linadi. Qolaversa, barcha hojilarimiz tomonidan haj amallarining mukammal ado etilishiga, shuningdek, hukumatimiz tomonidan hojilar uchun yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetish va pirovard natijada haj mavsumidagi mashaqqatlarning ozayishiga erishiladi.
Hojilik ulug‘ maqom ekanidan kelib chiqib, har bir hajga borgan erkagu ayol anglamog‘i lozimdurkim, ular kelgusida, avvalo, o‘z farzandlariga qolaversa, el-yurt va mahalla ko‘yga ibodatda, halollik va poklikda, ma’naviyat va ma’rifatda eng yuksak darajadagi o‘rnak va namuna bo‘lmoqlari zarur. Zero, hojilik maqomini qo‘lga kiritishdan ko‘ra uning sha’nini saqlashning mas’uliyati og‘irroqdir. Chunki, hoji degan nom ortida Makkai mukarrama va Madinai munavvaradek shaharlar va u yerdagi muqaddas qadamjolarga ehtirom, umuman, Islom diniga hurmat yotadi. Shu nuqtayi nazardan, har bir hoji o‘zining gap-so‘zi, xatti-harakati, xalq orasidagi muomala-munosabati bilan muqaddas Islom diniga nisbatan hurmat uyg‘otishi yoki uning nomiga dog‘ tushirishi ham mumkin ekanini hech qachon yodidan chiqarmasligi lozim bo‘ladi.
Qayd etilganlarni e’tiborga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj haqida quyidagi Fatvoni e’lon qiladi:
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
Usmonxon Alimov
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati