frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Munosabat: mo‘minlik hushyorlik demakdir

28.11.2017   10019   5 min.
Munosabat: mo‘minlik hushyorlik demakdir

Axborot oqimi mayin shabadadek, esib turgan pallalarda mana bunday muloyim xabarlar eshitardik va ko‘nglimiz chog‘ bo‘lib, ularning ta’sirida bir necha kun to‘lqinlanib, ezgu ishlarga chog‘lanib yurar edik: bu ayol necha yil xasta yotgan qaynonasining xizmatini qilib, uning duosini olgan. Shuning uchun ham tuproq ushlasa oltin bo‘lyapti; falonchi bobo o‘g‘lining buyragi kasalligini eshitib, unga o‘zining bitta buyragini bergan. Allohning marhamatini qarangki, ota-bola soppa-sog‘, bir-biriga qo‘ldosh bo‘lib yashab yuribdi; anavi kelinchakka tug‘ruqxonada do‘xtirlar yo sizni, yo bolani saqlab qola olamiz deyishganda, bolani saqlab qoling, deya o‘zining jonidan kechib do‘xtirlarga yolvorgan ekan. Hali o‘zi ko‘rmagan chaqalog‘i uchun hech ikkilanmay yosh jonidan kechgan kelinchakka do‘xtirlar ham qoyil qolibdi. Ana bolasi ham soppa-sog‘, o‘zi ham salomat – Allohning oldida ham, bandaning oldida ham yuzi yorug‘.  

Axborot oqimi dovulga aylangach, bir-biridan qo‘rqinchli xabarlar eshitib, nima balo yer o‘z o‘qidan chiqib ketdimi yoki bular oxirgi zamon alomatlarimikan, deya xavotirga tusha boshladik: Farg‘onada kelin qaynonasi urib o‘ldirib qo‘ydi, Surxondaryoda ota o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi, Toshkentda Singapur instituti talabasi bolasini hojatxonaga tashlab ketdi.

Bunday noxushliklar qayerda, qaysi millat orasida bo‘lyapti deng; qotillik nima, vahshiylik nima bilmagan, faqat va faqat yaxshilikni, ezgulikni sog‘inib kelgan, ko‘tarilgan qo‘llari birovning qulog‘idan cho‘zib qo‘yishga emas, xayrli duolar uchun ochilgan, bandaga ozor yetkazmoq nimaligini tushida ham ko‘rmagan O‘zbekistonda, o‘zbek xalqi orasida yuz beryapti.

Xalqimizda shu vaqtga qadar biror kelin bexosdan qaynonasiga balandroq ovozda gapirib qo‘ysa, u odobsiz kelin sifatida muhokama qilinar va o‘zi qilgan ishidan uyalib qolganidan xiyla vaqt vaqt ko‘cha-ko‘yga ham chiqolmay, elga aralasha olmay qolar edi.

Bolasi dunyoga kelganda sevinib, do‘stlariga suyunchi oshlari qilib bermagan, farzandiga tumov tegsa, tunlari bilan mijja qoqmay boshida o‘tirib chiqmagan, o‘g‘li harbiy xizmatga borganda, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganda bundan sevinmagan, faxrlanmagan ota bormi! Axir farzand otaning jismining bir parchasi emasmi?.. farosati bor odam o‘zining tanasiga tig‘ tekkizishga rozi bo‘ladimi?

Qiz bolaning nomusidan boshqa nimasi bor? Shuning uchun ham ayol zoti umr bo‘yi nomusini himoya qilib yashaydi. Nomusini boy bergan kuni hamma narsasidan mosuvo bo‘ladi. O‘lganning ustiga tepgandek, o‘rtada farzand paydo bo‘ladi. Benomus ayolning insoniylik xislatlaridan ham mahrum bo‘lishi shunda namoyon bo‘ladiki, iffatli ayol farzandi uchun jon fido qilsa, benomus iffatsizligini yashirish uchun o‘z farzandini qurbon qiladi.

Bunday noxushliklarning oldini olishga butun jamiyat birlashib harakat qilmasak, bu kabi xabarlar ko‘payib boraversa, odamlarning diydasi qotib o‘rganib qoladi. Bora-bora qotilliklaru yovuzliklar ko‘z oldida sodir bo‘lsa ham befarqlarcha tomosha qilib turaveradi. Vaholanki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Bir kimsa bir qavm orasiga kirib, osiyliklar sodir etsa-yu, ular uni qaytarishga qodir bo‘la turib qaytarmasalar, Alloh ularga o‘limlaridan oldin o‘sha kimsa tufayli azob yuboradi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Muhtaram Prezidentimiz  15 noyabrda o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgan videselektor yig‘ilishida ham aynan shu – befarqlikdan, loyqaydlikdan qochib faol va hushyor insonlar bo‘lishimiz zarurligini ta’kidladi. Zotan, musulmonning kishi befarq bo‘lishi mumkin emasligi shariatimizda ham ko‘p va xo‘b aytilgan.

Yuqorida misol tariqasida aytib o‘tilgan uchta qotillik diniy va milliy qadriyatlarimizdan uzoqlashib ketgan oilalarda yuz bergan. Bunga hammaning aqli yetib turibdi. Yana aqlimizni shunga ham ishlataylikki, biz agar ana shu ikkisini mahkam ushlasak va biz tutib turgan arqondan yoshlarimizning ham mahkam tutishiga erishsak, ko‘ngilsizliklar o‘z-o‘zidan barham topib, kunlarimiz nurafshon bo‘laveradi, bunga shubha yo‘q. Chunki bu sinovdan o‘tgan usul. Avvalgilarni yuksakliklarga ko‘targan narsa keyingilarni ham ko‘taradi. Ajdodlarimiz diniy-milliy qadriyatlarimizga qat’iyan amal qilib yashagan kezlarda millat yuksalgan, xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolar... chiqib  Milliy uyg‘onish yuz bergan va yana shunday bo‘lajak, inshaalloh!

Binobarin, yurtboshimiz, hukumatimiz va idoramiz rahbariyatining orzu-istagi va sa’y-harakati ham shu o‘zi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   41449   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari