Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom tanovul qilishdan oldin “Bismillah” bilan boshlab, taomdan forig‘ bo‘lgach “Alhamdulillah” deyishga o‘rgatganlar.
Umar ibn Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bismillahni ayt, o‘ng qo‘ling bilan tanovul qil va taomni o‘zinga yaqin joydan yegin” dedilar” (Muttafaqun alayhi).
Taomni ayblamaslikni o‘rgatganlar
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Muhammad alayhissalom hech qachon taomni ayblamas edilar, agar xohlasalar, undan tanovul qilar edilar, agar yegilari kelmasa, yemas edilar. Mana shu rivoyatda muhim bo‘lgan odob bor, chunki taomni ayblab, aybini hammaga oshkor qilib, jerkishlik taom pishiruvchining ko‘ngliga og‘ir botadi.
Ho‘l meva yeyishga targ‘ib etganlar
Rasululloh xurmo va shu kabi mevalarni ko‘p iste’mol qilar edilar. Mazkur xurmo mevasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iste’mol qiladigan ozuqalar ichida eng mashhuridir. Bu borada ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Shulardan biri: “Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xurmo daraxtini tanasidan chiqadigan suyuqlik, ya’ni yog‘ini yeyotganlarida birga edim. U zot: “Daraxtlarning shundaylari borki, barakasi xuddi musulmon kishining barakasiga o‘xshaydi” dedilar.
Alloh taolo Qur’oni karimning Nahl surasida shunday marhamat qiladi:
Shifobaxsh oziq haqida nasihatlari
“Asalaridan turli rangli suyuqlik chiqadi, unda kishilar uchun shifo bor. Albatta bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat-alomatlar bordir” (Nahl surasi, 69-oyat). Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “Ikki narsa – Quro‘n va asal bilan davolanishni lozim tuting”, deganlar.
Ko‘p yeyishning zararidan ogohlantirganlar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘p taom tanovul qilmas edilar. Sababi, taomni ko‘p yeyish kishining isrofgarligiga, dunyoga berilganligiga dalolat qiladi. Holbuki, Nabiy alayhissalomda bunday nuqsonlar bo‘lmagan. Alloh taolo marhamat qiladi:
“Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Albatta U isrof qiluvchilarni yaxshi ko‘rmaydi” (A’rof surasi, 31-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonning oshqozoni uch qismdir: Biri taom, biri ichimlik va yana biri (xotirjam) nafas olishi uchun”, dedilar. Ya’ni, Rasululloh ummatlarini oshqozonning hamma qismini taomga to‘ldirib qo‘yishdan qaytarmoqdalar.
Tik turgan holda suv ichish va taom yeyish zararli ekanini o‘rgatganlar
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suv ichganlarida uch marotaba to‘xtab ichardilar va: “Shunday qilish chanqoqni ko‘proq bosadi, ichimlik foydali bo‘ladi va salomatlikni saqlashning eng afzal yo‘lidir”, derdilar. Shuningdek, boshqa bir rivoyatda: “Rasululloh ichimlikni turib ichishdan qaytardilar. Shunda ul zot sollallohu alayhi vasallamdan: “Taomni tik turib yesa bo‘ladimi”, deb so‘rashdi. U zot: “Yo‘q! Taomni tik turib yeyish suvni tik turib ichishdan ham zararlidir”, dedilar.
Xulosa o‘rnida aytshimiz mumkinki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam taom borasida bergan ta’limotlarini bari sog‘liq uchun foydalidir, ilm-fan rivojlangan asrimizga kelib esa ushbu hadislar tasdiqlanib, ularni yetuk professorlar e’tirof etmoqda. Alloh hammamizga shunday buyuk zotga munosib ummat bo‘lishimizni nasib etsin! Omin!
Shukrulloh Asliddinov,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus Islom bilim yurti talabasi
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan