Cavol: Opamni farzandi yo'q. Ko'p yil davolandilar. Kimdir bola asrab olsa va unga mehr bersa o'zi ham farzand ko'rishini aytibdi. So'ramoqchi bo'lganim dinimizda bola asrab olishga ruxsat berilganmi? Ruxsat bo'lsa qanday hukmlar bor?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Dinimizda bola asrab olishga ruxsat beriladi, ammo unga quyidagi shartlar qo'yilgan:
Bolani o'z otasini nomi bilan chaqirish (ya'ni seni otang menman yoki otang falonchi, deb o'z otasidan boshqa odamni ota sifatida ko'rsatmaslik kerak);
Alloh taolo asrab olingan farzandlar haqida bunday marhamat qilgan: “Ularni (asrab olingan bolalarni) o'z otalari (ismi) bilan chaqiringiz. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangiz, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do'stlaringizdir. Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo'qdir, lekin ko'ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo'lursiz). Alloh kechirimli va mehribon zotdir”(Ahzob surasi, 5-oyat).
Bu oyatlar nozil bo'lgunicha, odamlar orasida birovning bolasini o'g'il qilib, o'z o'g'illaridek nomlaganlar va jamiyatdagi mavjud tushuncha, urf-odatlar ila ish tutishgan. Oyat nozil bo'lgach bu hukm o'zgardi.
Bolani qaramog'iga olishda avvalo imkon qadar yaqin qarindoshlarning bolalaridan (ya'ni asrab olinayotgan bola o'g'il bola bo'lsa ayolning, qiz bola bo'lsa erning aka-uka yoki opa-singillarining bolalaridan) birini qaramog'iga olishi kerak. Chunki ular o'rtasida nasab jihatidan mahramlik bor. Bordiyu yaqin qarindoshlardan bola olish imkoni bo'lmay, begona bola olinsa va u qiz bo'lsa, asrab oluvchi erning emizikli holatdagi opa-singillari yoki aka-ukalarining ayollari ikki yarim yil ichida bolani emizsalar yoki ularning suti ichirilsa, asrab oluvchi erning jiyani hisoblanib, mahramiga aylanadi. Agar asrab olingan bola o'g'il bo'lsa, asrab oluvchi ayolning emizikli holatdagi opa-singillari yoki aka-ukalarining ayollari o'sha o'g'il bolani emizsalar asrab oluvchi ayolga jiyan bo'lgani uchun, mahram hisoblanadi (ikki yarim yildan so'ng emizish yoki bolaga yuqorida zikr qilingan ayollardan boshqalarning sutini ichirish bilan mahramlik sobit bo'lmaydi).
Shunday yo'l bilan bir oilada nomahramlar jamlanib qolishining oldi olinadi. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. U kishi o'z jiyanlari Urva roziyallohu anhuga shunday hikoya qilib beradilar. Aflaha ismli emikdosh amakim kirishga izn so'ragan vaqtda u kishidan o'zimni olib qochdim va ro'molni o'rab oldim. So'ng bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar berganimda: “Uning oldida ro'mol o'rashingizga hojat yo'q, chunki nasab jihatidan mahramlik sobit bo'lganidek emikdoshlik sababli ham mahramlik hosil bo'ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Asrab olingan bola va asrab oluvchilarning o'rtasida nasabiy aloqasi bo'lmasa, bir-birlaridan meros olishlari joiz bo'lmaydi. Balki qo'llarida qolgan mulklar nasabiy merosxo'rlarning haqqi hisoblanadi.
Bola asrab olishdan maqsad, ko'p bolalik oilalarga yordam berish yoki etimning boshini silash savobini topish bo'lmog'i lozim. Hech qachon asrab olingan bola haqiqiy farzand bo'lmaydi. Agar asrab olingan farzanddan kelajakda boquvchiga hech qanday naf tegmasa, aksincha zarar etgan taqdirda ham bundan afsuslanmaslik kerak bo'ladi, aks holda qilingan xizmatning savobi bekor bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
حدثنا محمد بن معاذ بن يوسف المروزي نا محمد بن معاوية نا الليث بن سعد نا الحكيم بن عبد الله بن قيس عن عامر بن سعد بن أبي وقاص عن أبيه سعد بن أبي وقاص قال: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: من سمع المؤذن يؤذن فقال: وأنا أشهد أن لا إله إلا الله وحده لا شريك له وأن محمدا عبده ورسوله رضيت بالله ربا وبالإسلام دينا وبمحمد صلى الله عليه وعلى آله وسلم نبيا غفر له.
Sa’d ibn Abu Vaqqos aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Kim muazzinning azon aytayotganini eshitganda: “Va ana ashhadu allaa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va anna Muhammadan ’abduhu va Rasuluhu.
Roziytu billaahi Robban va bil Islaami diynan va bi Muhammadin sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam nabiyyan” deb aytsa, uning gunohlari kechiriladi”, dedilar.
Ma’nosi: Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yakkayu yagonadir, sherigi yo‘qdir va Muhammad Uning bandasi va Rasulidir. Allohni Robb, Muhammadni Rasul va Islomni din deb rozi bo‘ldim.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi