Muborak Ramazon oyining dastlabki 20 kunida Makkadagi Masjidul Haromga 22 milliondan ortiq ziyoratchilar tashrif buyurdi, deb yozadi Islam News Al Arabiya telekanaliga tayanib.
Ikki Muqaddas Masjidlar Bosh boshqarmasi boshlig'i Shayx Abdurrahmon as-Sudaysning so'zlariga ko'ra, bunday keng ko'lamli ziyoratchilar oqimini kutib olish va kuzatish mutaxassislar tomonidan oldindan ko'rilgan yuqori tayyorgarlik tufayli amalga oshirildi.
Tezkor reja doirasida 4000 nafar ishchi Masjidul Haromni kuniga 10 marta tozalash ishlarini olib bordi. Yana 70 nafar ishchi guruhi masjid hududini kechayu kunduz antiseptik moddalar bilan dezinfektsiya qildi. Masjid atrofida va uning radiusida 8000 ga yaqin transport vositalari, jumladan 3000 ta elektr transport vositalari harakatlandi, 90 nafar muhandis-texnik xodimlar binoning 200 ta eskalatori va 14 ta liftining holatini yaxshilash bo'yicha ish olib bordi.
O'MI Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.