Musulmon kishining boshqa din vakillari bilan bo‘ladigan munosabati ham o‘z dini ta’limoti asosida bo‘ladi. Bu munosabatlar oyat va hadislarda o‘z ifodasini topgan.
Islom samoviy dinlarning barchasini Alloxdan, deb e’lon qildi. Jumladan, Alloh taolo Shuaro surasida:
«U zot sizga dindan Nuhga tavsiya qilgan narsani va Senga
(ey Muhammad) vahiy qilgan narsani, Ibrohimga, Muso va Isoga tavsiya qilgan narsamizni shariat qilib: «Dinni barpo qilinglar va unda tafriqaga tushmanglar, dedik», degan (13-oyat).
Demak, Nuh, Ibrohim, Muso va Iyso alayhissalomlarga din yuborgan Alloh taolo Muhammad alayhissalomga ham din yuborgan. Ularni Nabiy qilish uchun tanlab olgan. Shu bilan birga, Alloh tomonidan yuborilgan mazkur nabiylarga bir xil farmon ham bo‘lgan. U farmon, «Dinni barpo qilinglar, unda tafriqaga tushmanglar», degan amri ilohiydir.
Ushbu amr musulmonlarning zimmasiga quyidagi vazifalarni eklaydi.
Alloh taolo bu hakda musulmonlarga shunday deb buyurgan:
«Aytinglar: «Allohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya’qubga tushirilgan narsaga, Muso va Iysoga berilgan narsaga va nabiylarga Rabbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasini farqlamaymiz va biz Unga musulmonlarmiz» (Baqara surasi, 136-oyat).
Ushbu oyati karimaga binoan, har bir musulmon odam Alloh taolo yuborgan nabiylardan birortasiga iymon keltirmasligi yoki ularni behurmat qilishi mumkin emas.
Yahudiylar Tavrotni ibroniycha tilovat qilib tafsirini arabcha qilishardi. Bu xabar Payg‘ambarimizga yetganda, aytdilarki: “Ularni tasdiqlamaymiz, yolg‘onga ham chiqarmaymiz, balki “Alloh nozil qilgan narsaga iymon keltirdik”, deymiz”.
Bu hakda Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
«Bugungi kunda sizga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Afiyfa mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lmish afiyfalar ham (haloldir)» (Moida surasi, 5-oyat).
Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi:
Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir» (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Ushbu hukm Islom dinining naqadar insonparvar va bag‘ri keng din ekanining yorqin dalilidir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik va adolat qilishdan hech kimni man’ qilmaydi.
Umar roziyallohu anhu elchilardan zimmiylarning holidan so‘rar edilar. Ular: “Ahdlarimizga vafo qilyapmiz” derdilar. Shunda Umar ularni zimmiylarga yaxshilik qilish ahdiga vafo qilish va ularni himoya qilishga buyurardi.
Musulmonlar zimmiylarning qonlari va nafslarining himoyalangani va ularni o‘ldirish haromligiga ittifoq qilishgan.
Qosim ibn Muxayrama Nabiy sollallohu alayhi vasallamning as'hoblarining biridan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ahli zimmadan bir kishini o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta, uning hidi yetmish yillik masofadan kelib turadi», dedilar».
Nasaiy rivoyat qilgan. Imom Buxoriyning rivoyatida esa:
Ya’ni: “Qirq yillik masofadan jannat hidi keladi”, deganlar
Boshqa bir hadisda:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarining bir necha o‘g‘illaridan, ular otalaridan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir ahdlashgan (g‘ayridin) kishiga zulm qilsa yoki uning haqqini poymol etsa yoxud uni toqati yetmaydigan narsaga majbur qilsa yoki undan o‘z roziligisiz bir narsa olsa, qiyomat kuni men o‘sha odamning xusumatchisi bo‘laman», dedilar» (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Nabiy alayhissalom Madinaga hijrat qilganlarida u yerdagi yahudiylar bilan ahdnoma tuzib, tinch-totuv hayot kechirish va jamiyat manfaati uchun hamkorlik qilish asoslarini belgilab, unga amal qilib yashadilar.
Muhammad alayhissalom boshqa din vakillari bilan yaxshi aloqada bo‘lar, ularga go‘zal muomala qilar edilar. Jumladan, ularga hadyalar berib, ular qilgan hadyalarni olar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari hadya qilgan kiyimlarni kiyganlari ma’lum va mashhur.
Sa’d ibn Ibrohimdan rivoyat qilinadi: «Muqavqis Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hadya yubordi. Bas, u zot uni qabul qildilar» (Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).
Imom Saraxsiy «Mabsut»da quyidagi rivoyatni keltirgan:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Muqavqis hadya qilgan choponlari bor edi. Ul zot uni hayit va juma kunlari hamda huzurlariga elchilar kelganida kiyar edilar».
Rasululoh sollallohu alayhi vasallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o‘z masjidlariga tushirganlar va: «Ular bizning do‘stlarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni o‘zim ikrom qilishni xush ko‘raman», deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlar.
Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallam Najron nasorolari guruhini ham o‘z masjidlariga tushirganlar va u yerda ibodatlarini qilishlariga ruxsat berganlar.
O‘zbekiston dunyo bo‘ylab bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik tarafdori. Bu esa yurtimizdagi tinchlik, taraqqiyot va farovonlikning muhim omilidir.
Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek: “O‘zbekistonning boyliklari juda ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir”.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarning paydo bo‘layotgani do‘stlik hamjihatlik qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi.
VAHOBIDDIN BOZOROV,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ t - وَكَانَ يَقُودُ أَبَاهُ بَعْدَ ذِهَابِ بَصَرِهِ - قَالَ: كَانَ أَبِي إِذَا سَمِعَ النِّدَاءَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ تَرَحَّمَ لِأَسْعَدَ بْنِ زُرَارَةَ، فَسَأَلْتُهُ عَنْ ذَلِكَ، فَقَالَ: لِأَنَّهُ أَوَّلُ مَنْ جَمَّعَ بِنَا فِي هَزْمِ النَّبِيتِ مِنْ حَرَّةِ بَنِي بَيَاضَةَ فِي نَقِيعٍ، يُقَالُ لَهُ نَقِيعُ الْخَضِمَاتِ، قُلْتُ: كَمْ أَنْتُمْ يَوْمَئِذٍ؟ قَالَ: أَرْبَعُونَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Abdurrahmon ibn Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Otalarining ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, u kishi yetaklab yurar edilar: «Otam qachon juma kuni azonni eshitsa, As’ad ibn Zurorga rahmat tilar edi. Men bu haqda so‘radim. U kishi: «Chunki u bizga ilk bor Naqiy’ul Xazimot deb nomlanadigan «Naqiy’»da Banu Bayoza Harrasining «Hazmun nabiyt»ida juma o‘qitgan kishidir», – dedi. Men: «O‘sha kuni necha kishi edinglar?» – dedim. U kishi: «Qirqta», – dedilar».
Abu Dovud, Ibn Hibbon, Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ جُمُعَةٍ جُمِّعَتْ بَعْدَ جُمُعَةٍ فِي مَسْجِدِ رَسُولِ اللهِ r فِي مَسْجِدِ عَبْدِ الْقَيْسِ بِجُوَاثَى مِنَ الْبَحْرَيْنِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi jumadan keyingi o‘qilgan birinchi juma Bahraynda, Juvosodagi abdulqaysliklar masjididagi edi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan