Alloh taolo dunyodagi jamiki millatlarni bir ota-onadan yaratganini bildirib: «Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir», degan (Hujurot surasi, 13-oyat).
O‘zgalarga nisbatan fikr, o‘ylarimizda gina va nafratda bo‘lish o‘zimizga zarardir. Ba’zida insonlarning qilgan ishidan xafa bo‘lamiz-da, u qilgan xatoni takrorlab qo‘yamiz? Bu bilan biz bir qadam orqaga ketgan bo‘lamiz. Inson o‘z jahlini tiya oladigan darajada kuchli bo‘lsagina o‘zi va o‘zgalarga yaxshilikda bardavom bo‘ladi.
Kimlardir mol-dunyosi, nasl-nasabi, millati bilan takabburlanib, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yib maqtanadi. Aslida esa ular tuproqdan yaratilganini unutadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda: “Alloh taolo bandalarining mol-dunyosiga, kiygan kiyimiga emas, pok qalbiga va qilayotgan amallariga qaraydi”, deganlar.
Har bir qilgan xatti-harakatimizni ko‘rib, yozib turuvchilar bor. Oxiratda savol-javob bo‘ladi. Bir-birimizga azob berib, birovni kamsitib, xato qilganimiz bilan yaxshilikka erishib bo‘lmaydi.
Mana bir misol, maktab hamda ishxonalarga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Odamlar o‘sha kameralardan xavfsirab tartib-intizomga rioya qiladi. Qo‘yilgan kameralar o‘z natijalarini bermoqda. Maktab o‘quvchilari so‘zlayotgan so‘zlarida, xatti-harakatlarida chegaradan chiqarmaslikka urinmoqda, o‘zlarini odob doirasida tutishga harakat qilmoqda. Bunga qo‘ldan yasalgan jonsiz kamera sabab.
Alloh taolo ikki yelkamizga farishtalarni qilayotgan yaxshi va yomon amallarimizni yozish uchun mas’ul qilib qo‘ygan ekan nega o‘zimizni tuzatmaymiz, uyalmaymiz, gunoh ishlardan qaytmaymiz? Axir o‘z omonligimiz va oxiratimiz uchun ham to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligimiz kerak emasmi?
Alloh taolo: «Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmanglar! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir» (Baqara surasi, 208-oyat), deb ogohlantirgan.
Sal narsaga asabiylashish insonni har tomonlama zaif va bemor qiladi. Kichkina narsalarga ham jiddiy e’tiroz va norozilik tana hujayralarining bir-biri bilan keskin reaksiyalarini vujudga keltiradi. Bu esa insondagi ilg‘or fikr va g‘oyalarning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo yaratgan maxluqotlar orasida Inson ajoyib mo‘jizadir. Har bir sog‘lom inson ongida yuqori salohiyat, ixtirochilik hamda komillik yuzaga keladi. Dangasalik, erinchoqlik bizni yo‘limizdan to‘xtatib qo‘yadi yoki orqaga tortadi. Dunyoviy bilimlarni diniy bilimlar bilan uyg‘unlashtirib, o‘rganib, hayotga tadbiq etsak, ko‘zlagan maqsadimizga adashmasdan yetamiz, INSHOALLOH.
XUMORBЕGIM
Chortoq tuman Alihon masjid imom noibi Abrorho‘ja Rashidov