frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Inkori yo‘q mo‘jiza

24.11.2017   12642   2 min.
Inkori yo‘q mo‘jiza

Dunyoda yaratilgan har bir narsa vaqt o‘tib o‘z qadrini yo‘qotadi. Yil o‘tgan sari yangi ixtirolar chiqib eskisini yangisiga almashtiradi.

Ammo asrlar o‘tgan sayin Qur’oni karim qarshisida olimlarning hayrati tobora oshib, ularning aksari Islom dinini qabul qilmoqda. Tib ilmidagilar Qur’oni karimning tibbiy mo‘jizalarini, kimyo olimlari – kimyoviy, tarixchilar – tarixiy, fiziklar – fizikaviy, munajjimlar – fazoviy va hokazo. Har bir ilm sohibi o‘z sohasida Qur’on mo‘jizasini topgan va tan bergan. Ayniqsa, G‘arbning mashhur olimlari ushbu mo‘jizalar tufayli Islomni qabul qilgan va hozirgacha shunday voqealar bo‘lib kelmoqda. Ibn Sino, Forobiy,  Amir Temur, Ulug‘bek, Beruniy, al-Xorazmiy, Navoiy va boshqalar Qur’oni karimga, uning ta’limotlariga amal qilganlaridan dunyo tan olgan allomalar bo‘lib yetishgan. Bunda e’tiqodning sofligi muhim o‘rin tutadi.

Eng hayratda qoladigan tomoni shundaki, bundan 1400 yil oldin bepoyon sahroning sodda hayotidan boshqa narsani bilmagan arablarni hayratga solib, qalbiga yo‘l topgan bu ilohiy Kitob, hozirgi kunda texnik taraqqiyot, ilmiy yuksalish madaniy o‘sish cho‘qqisiga chiqqan, hamma narsani kompyuterlar boshqarayotgan ilg‘or texnologiyalar asrida yashayotgan odamlar qalbiga ham bir xil ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, Qur’oni karimni tinglashda dunyo olimlari o‘tkazgan tajribada musulmon va musulmon bo‘lmagan kishilarni Qur’on tilovati eshittirib ruhiy ta’sirlanishlarini sinashganda, bir xil natijaga ega bo‘linganining o‘zi buyuk mo‘jiza.

Qur’oni karimni tushungan-ku, mayli, e’tiqod nuqtayi nazaridan buni anglash aqlni shoshirmaydi. Ammo musulmon bo‘lmagan, e’tiqodsiz kishilarga nisbatan ta’siri bilan bir xilligi insonni lol qoldiradi. Hali shunday zamonlar keladiki, har bir narsada Qur’oni karimning mo‘jizalari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki kitob o‘qishga bo‘lgan targ‘ib sabab insonlar bilimini oshirar ekan, kitob sabab haq bilan botilni ajrata oladi. Qur’oni karim mo‘jizasining hozirgacha kashf bo‘lganlari dengizdan bir tomchi, xolos.

Xumorbegim tayyorladi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   43224   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari