Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Gulbozordagi masjidda “varaqa” tarqatgan ayol qo‘lga olindi

24.11.2017   1403   4 min.
Gulbozordagi masjidda “varaqa” tarqatgan ayol qo‘lga olindi

Ayolni ona, millat tarbiyachisi, deya e’zozlaymiz. Haqiqatan shunday. Onalar bor ekan, xonadonlar obod, farzandlar xushnud. Lekin ayol zimmasidagi mas’uliyatni unutsa, duch kelgan oqimda suzsa, adashsa, buning oqibati nima bo‘ladi?

O‘ttiz yoshni qarshilayotgan ayol baxtli hayot kechirsa, farzandlarining kelajagi haqida qayg‘ursa bo‘lardi. Lekin u ko‘p vaqtini "virtual olam"da o‘tkazardi. Shunday kunlarning birida internet orqali bir odam bilan tanishib qoladi. Uning din haqidagi chiroyli gaplariga mahliyo bo‘lib asta-sekin uning olamiga chuqur kirib borayotganini o‘zi sezmay ham qoladi.

U zimdan olayotgan ta’lim "Hizbut-tahrir" diniy ekstremistik oqimi g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi "Islom nizomi" edi. Oradan ancha vaqt o‘tib ayolga "endi oqimimizga a’zolik haqida qasam ichishing va maslakdoshlarimizni ko‘paytirish uchun harakat qilishing kerak" mazmunida buyruq keladi. Ongi zaharlangan, oqimning ta’siriga butkul tushgan ayol buni so‘zsiz bajaradi.

O‘ylanib qolasan, islom dini rivojlangan, e’tiqod erkinligi ta’minlangan, diniy ta’limot olish uchun qonuniy manbalar bisyor yurtimizda nega ayrim odamlar shunday yo‘l tutmoqda?

Ayol ichgan qasamini bajarish uchun diniy aqidaparastlik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan «Musulmonlarning islom tuzumini tatbiq qilish oldidagi mas’uliyatlari» deb boshlanuvchi 14 dona varaqa solingan konvertni olib yo‘lga tushdi. Yaxshiyamki u maqsadini asl din qaror topgan masjidda amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Gulbozor mahallasida joylashgan jome’ masjidga namozga yig‘ilganlar ayol ko‘tarib kelgan konvertni darrov imomga yetkazishdi.

Konvertni ochgan imom hammasini tushundi. Bu haqda tegishli organlarga xabar berdi. Ichki ishlar organlari va milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida ushbu qilmishni sodir etgan shaxs "Markaz-26" dahasidagi ko‘p qavatli uylardan birida doimiy ro‘yxatda turgan U.Uzoqova bo‘lib chiqdi. 2017 yil 22 noyabr kuni u qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayol yashagan Shayxontohur tumanidagi Gulobod mahallasi faollari bilan uning nima uchun to‘g‘ri yo‘ldan adashgani, nega bu jinoyat sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgani haqida suhbatlashdik.

– Umida mahallamizga kelin bo‘lib tushgan, – deydi mahalla raisi Dilfuza Amirbekova. – Lekin hozir turmush o‘rtog‘i va uch farzandi bilan boshqa joyga ko‘chib ketgan. Mahallamizda doimiy ro‘yxatda turgani uchun qayerda, qanday yashayotganini surishtirib turardim. Biroq, bu oila turli joylarda ijaraga yashab, manzilini tez-tez o‘zgartirgan. Bu yerda yashaganida u birorta nojo‘ya ish qilmagandi. Qonuniy ro‘yxatda turgan joyida yashamay, turli muhitlarga tushgani ham uning adashishiga sabab bo‘lgan.

Ko‘rinib turibdiki, ayol ro‘yxatdan o‘tmay, vaqtincha yashagan joylarida uning hayot tarzi bilan hech kim qiziqmagan. Aks holda u ishsiz bo‘lmasdi, uning qiziqishlaridan kimdir, ayniqsa, mahalla xabar topgan va uni to‘g‘ri yo‘lga solgan bo‘lardi.

Mana shunday holatlarga barham berish uchun ham Prezidentimiz har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri ekaniga e’tibor qaratmoqda.

Ayniqsa, ayollar tomonidan jinoyat sodir etish holatlariga barham berilmayotgani tanqid qilindi. Chunki joriy yilning o‘tgan 10 oyida mamlakatimiz bo‘yicha 9,1 ming xotin-qiz jinoyatga qo‘l urgan.

Aslida ayol oiladagi muhit barqarorligida, farzandlar tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Ular tomonidan jinoyat sodir etilishi esa nafaqat oilalar parokandaligiga, balki bolalarning qarovsiz qolishi, xulqi buzilishi, turli nojoiz ko‘chalariga kirib ketishiga sabab bo‘lishi sir emas.

Shu sababli, davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni atroflicha o‘rganish, aniqlangan muammolarni joyida hal etish, bu jarayonda, ayniqsa, sektor rahbarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari hamda jamoatchilikning mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

04.06.2025   10277   2 min.
INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

Munosabat

Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.

Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.

Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.

Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.

Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.

Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.

Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.

Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib,  Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.

Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

o‘rinbosari.

Maqolalar